«PSJ» Neymarga o‘rinbosar topdi, «Bavariya» esa - Noyyerga. So‘nggi transfer xabarlari
«Al-Hilol»da dunyo terma jamoasi yig‘ilmoqda, «Arsenal» esa Ramsdeylga top-raqobatchi oldi.
15 avgust kuni transferlar bozorida navbatdagi yangiliklar ro‘y berdi. Futbol tarixidagi eng qimmatbaho futbolchi ham Saudiya Arabistoniga ketdi, «Arsenal» esa darvozabon chizig‘ini mustahkamladi. Bu haqda so‘nggi transfer xabarlari dayjestida.
«Al-Hilol» Neymar transferini e’lon qildi
Bu yozning kutilmagan va eng shov-shuvli transferlaridan biri ro‘y berdi. Ha, Neymarning «PSJ» bilan yo‘llari ayrilishi muqarrar edi, ammo braziliyalikni Yevropaning top-klublarida kutishayotgandi. Masalan, OAV u «Barsa»ga o‘tishi haqida tinimsiz yozib turgandi. Ammo Neymar kataloniyaliklarning hozirgi bosh murabbiyi Xavining rejalaridan o‘rin olmagandi, qolaversa, klub uning moliyaviy talablarini qondirishi dargumon edi.
Shu tufayli futbolchi 31 yoshida Saudiya Arabistoniga yo‘l oldi - Neymar rasman «Al-Hilol» futbolchisiga aylandi. Olti yildan buyon «PSJ» safida to‘p surib kelgan braziliyalik yulduz futbolchi Saudiya Arabistoni chempionati grandlaridan biri bilan ikki yillik shartnoma tuzdi.
«Al-Hilol» — Osiyodagi eng yaxshi, ajoyib fanatlarga ega bo‘lgan ulkan klub. Shu tufayli menda to‘g‘ri vaqtda to‘g‘ri qaror qabul qilganim va munosib jamoaga o‘tganim haqida hissiyot paydo bo‘ldi», — degan Neymar transferdan keyin.
Futbolchining maoshi miqdori turli manbalarda turlicha ko‘rsatilgan. L'Yequipe manbasi braziliyalik futbolchiga ikki yil uchun 160 mln yevroni tashkil etishi haqida aytgan bo‘lsa, Sky Spors xabarida har bir mavsum uchun 150 mln yevrodan to‘lanishi yozilgan, Globo Esporte nashri aniqlik kiritishicha, summa biroz ko‘proq: ikki yil uchun futbolchining hisobiga 320 million yevro kelib tushadi. Futbolchining bu ikki mavsumdagi jami daromadi bonuslar va tijoriy kelishuvlar hisobiga 400 mln yevroga yetishi ham mumkin.
«PSJ» esa bu sotuvdan kamida 90 mln yevro (bonuslar qo‘shib hisoblanganda 120 mln yevro) ishlab oladi.
«Arsenal» yangi darvozabon oldi
«Arsenal» ispaniyalik darvozabon David Rayya transferini e’lon qildi. 27 yoshli darvozabon londonliklar safiga ijara asosida kelib qo‘shildi, bir yillik ijara uchun vitse-chempionlar «Brentford»ga 3,5 mln yevro mablag‘ to‘laydi. «Arsenal» uni keyingi yil yozida 31,5 mln yevroga sotib olishi mumkin bo‘ladi.
«Brentford» «Arsenal» moliyaviy feyr-pleyga amal qilishi uchun shunday kelishuvga rozi bo‘ldi. Endi bu mavsumdan YeChLda ham ishtirok etuvchi «Arsenal»da ikki nafar yuqori saviyali darvozabon bor.
Rayya yangi klubida 22-raqamni oldi va asosiy tarkib uchun Ramsdeyl bilan raqobatlashadi.
«David — birinchi darajali darvozabon, u bir necha yildan buyon «Brentford» bilan premer-ligada barqaror o‘ynab kelmoqda. U bilan tarkibimizga sifat va tanlov qo‘shildi, bu orqali barcha turnirlarda maksimal yuqori darajada ishtirok etishimiz mumkin bo‘ladi», — degan «Arsenal» sport direktori Edu.
«Roma» Paredes transferini e’lon qildi
Leandro Paredes Italiya chempionatiga qaytdi. Rim klubi argentinalik yarimhimoyachi faoliyatini «Roma»da davom ettirishini e’lon qildi. «Bo‘rilar» 29 yoshli Paredesning transferi uchun Parij klubiga 4 million yevro to‘laydi. Argentinalik futbolchi rimliklar bilan 2025 yilga qadar shartnoma imzoladi.
U jamoani tark etgan Nemanya Matichning o‘rniga taklif etilgan. Paredes 2014-15 va 2016-17 yilgi mavsumlarda ham «bo‘rilar» sharafini himoya qilgandi.
«PSJ» Neymar o‘rniga «Yuventus» vingerini oladimi?
Neymar bilan xayrlashgan «PSJ» uning o‘rniga hujumkor futbolchi qidirmoqda. La Gazzetta dello Sport xabariga ko‘ra, parijliklar «Yuventus» vingeri Federiko Kiyezani ko‘z ostiga olishgan. Turinliklar 25 yoshli futbolchisi uchun 50–60 mln yevro to‘laydi. Kiyezaning «Yuve» bilan shartnomasi muddati tugashiga yana ikki yil vaqt bor, ammo futbolchi maydondagi joylashuvidan norozi. Shuning uchun «PSJ»ga o‘tish variantini Chempionlar ligasida o‘ynash va yana o‘zi uchun sevimli bo‘lgan pozitsiyada - hujum qanotida harakat qilish imkoniyati sifatida ko‘rmoqda.
«Chelsi» yana bir yarimhimoyachi olmoqda
Kaysedo, Lavia, endi esa Olise. The Athletic xabariga ko‘ra, «Chelsi» «Kristal Pelas» bilan ushbu 21 yoshli futbolchini 40 mln yevroga transfer qilish bo‘yicha kelishib olgan. Mayklning shartnomasida aynan shuncha summa badal puli sifatida ko‘rsatilgan.
Futbolchi «Chelsi» bilan uzoq muddatli shartnoma imzolaydi. E’tiborli jihati, Olise «ko‘klar» akademiyasida yetti yil o‘tkazgan (2009 yildan 2016 yilga qadar). Endi esa uyiga qaytmoqda. Bu «Chelsi» so‘nggi kunlarda transfer qilayotgan uchinchi yarimhimoyachidir. 14 avgust kuni «Brayton»dan ekvadorlik 21 yoshli tayanch yarimhimoyachisi Moyzes Kaysedo rekord darajadagi 133 million yevroga transfer qilindi, shuningdek «Sauthempton»dan yana bir tayanch zonasi futbolchisi, belgiyalik 19 yoshli Romeo Laviani 67 million yevroga (bonuslar bilan birga) transfer qilish bo‘yicha ham kelishuvga erishilgan. Maykl Olise esa hujum chizig‘iga yaqin futbolchi hisoblanadi.
«Aston Villa» italiyalik yulduzni olmoqchi
Fabritsio Romano xabar beradi: Nikolo Dzaniolo «Galatasaroy»dan «Aston Villa»ga o‘tmoqda. Italiyalik futbolchi Birminghem klubiga ijara shartnomasi asosida kelmoqda. «Villa»da uni mavsum yakunida 27 mln yevroga sotib olish huquqi bo‘ladi.
E’tiborli jihati, «Galatasaroy» Nikoloni fevral oyida «Roma»dan 15 mln yevroga sotib olgandi. Dzaniolo avvalroq xochsimon paylaridan jarohat olgan, natijada Tottining vorisi sifatida ko‘ringan ushbu futbolchi Mourinoga kerak bo‘lmay qolgandi. Endi uning faoliyatida yangi sahifa ochilmoqda. U APL klubida yetakchi bo‘la oladimi?
Neymarga JCh-2022 qahramoni jamoadosh bo‘ladi
«Al-Hilol» transferlar oynasi oxirigacha tinmoqchi emas. Saudiyaliklar kuchli darvozabonga ham ega bo‘lmoqchi. Fabritsio Romano xabariga ko‘ra, «Sevilya» posboni Yassin Bunu ham Yaqin Sharqqa yo‘l oladi. Saudiyaliklar klubi andalusiyaliklar klubi bosslari bilan kelishuvga erishgan, transfer summasi 19 mln yevro atrofida bo‘ladi.
Kurtua o‘rniga «Real» nomzodlari qatorida bo‘lgan futbolchiga «Bavariya»dan ham qiziqish bor edi, ammo Bunu uchun kattaroq maosh taklif qilgan «Al-Hilol» maqsadiga erishgan. Yassin «Sevilya» darvozasini 2020 yildan buyon qo‘riqlab kelayotgandi, JCh-2022 o‘yinlarida esa marokashlik darvozabon turnirning eng yaxshi uch darvozabonidan biri bo‘lgandi.
«Al-Hilol» Neymargacha Kalid Kulibali («Chelsi»), Milinkovich-Savich («Latsio»), Ruben Nevesh («Vulverhempton») va Malkom («Zenit») kabi futbolchilarni sotib olgandi. Ayni vaqtda fransiyalik yarimhimoyachi Marko Verratti («PSJ»), serbiyalik hujumchi Aleksandr Mitrovich («Fulhem»), fransiyalik himoyachi Lukas Din («Aston Villa») kabi futbolchilar ham «Al-Hilol» radarida turibdi.
Maguayr «MYu»da qolmoqda
Fabritsio Romano xabariga ko‘ra, Harri Maguayr «Vest Hem»ga o‘tmaydi. Himoyachi «bolg‘achilar» bilan og‘zaki kelishuvga erishgani haqidagi xabarlar tasdiqlanmadi. U «MYu»da qoladi va yangi mavsumda o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishga umid qiladi. Maguayr 2019 yilda 87 mln yevro evaziga «Lester»dan «Yunayted»ga o‘tgan va o‘shanda tarixdagi eng qimmatbaho himoyachiga aylangandi. Hozir esa Transfermarkt portalida 30 yoshli ushbu angliyalikning transfer bahosi 20 mln yevro etib ko‘rsatilgan.
«Bavariya» Noyyerga o‘rinbosar topdi
Jurnalist Florian Plettenberg xabariga ko‘ra, «Bavariya» «Manchester Siti» darvozaboni Shtefan Ortegani transfer qilish variantini ko‘rib chiqmoqda. «MS» bosh murabbiyi Xosep Gvardiola esa darvozabonini qo‘yib yubormoqchi emas. Ammo barchasi futbolchining o‘ziga bog‘liq. «Bavariya» «Inter»ga o‘tib ketgan Yan Zommerga, shuningdek jarohatidan to‘liq tiklanib ulgurmagan va yoshi o‘tib borayotgan Manuel Noyyerga o‘rinbosar qidirmoqda.
30 yoshda bo‘lgan Ortega o‘tgan mavsumda «Siti» safida 14 o‘yinda maydonga tushib, yetti gol o‘tkazib yuborgan, to‘qqiz o‘yinda esa darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan. «Bavariya»da u mavsumning birinchi davrasida asosiy darvozabon bo‘lishi mumkin. Noyyer safga qaytganidan keyin esa, katta ehtimol bilan «Siti»dagi kabi zaxira darvozabonga aylanadi.
De Xea yana Ronaldu bilan jamoadosh bo‘lishi mumkin
Saudiya klublari transferlar bozorida ko‘zga ko‘ringan futbolchi borki, sotib olishni istamoqda. Xususan, «An-Nasr» bu yozda erkin agentga aylangan David de Xeani safiga qo‘shib olishni ko‘zlamoqda. Marca xabariga ko‘ra, klub ispaniyalik posbonga shartnoma taklif qilgan. De Xeaga «Bavariya» ham da’vogarlik qilmoqda, ammo myunxenliklar moliyaviy tomondan saudiyaliklar bilan raqobat qila olishi dargumon. 32 yoshli ispaniyalik qarshisida ajoyib tanlov bor: Yevropada sovrinlar uchun kurashuvchi «Bavariya» yoki pul ishlash va yana Krishtianu Ronaldu bilan jamoadosh bo‘lish uchun Osiyoga yo‘l olish.
Bu yozda Mane, Brozovich, Fofana, Aleks Telles kabi yulduzlarni ham safga qo‘shib olgan «An-Nasr» braziliyalik yarimhimoyachi Luis Alberto («Latsio») va ispaniyalik himoyachi Aymerik Lyaport («Manchester Siti»)ga ham ko‘z tikmoqda.
«Tottenhem» Keynga o‘rinbosar qidirmoqda
Harri Keyn «Bavariya»ga transfer qilinganidan keyin «shporlar» markaziy hujumchiga ehtiyoj sezmoqda. La Gazzetta dello Sport ma’lumotiga ko‘ra, «Tottenhem» bir necha nomzod variantini ko‘rib chiqmoqda. Londonliklarda «Arsenal»ning 22 yoshli hujumchisi Balogun (uning uchun 55 million yevro so‘ralmoqda), «Portu»ning 31 yoshli hujumchisi Mehdi Torimiy hamda «Chelsi»ning 30 yoshli hujumchisi Romelu Lukaku variantlari bor.
Mavzuga oid
14:17 / 06.09.2024
Transfer oynasi sarhisobi: Top-15 klublarning yozgi kampaniyasi reytingi
18:33 / 30.08.2024
Yevropada dedlayn. So‘nggi soatlarda kutilayotgan transferlar
18:13 / 28.07.2024
«MYu» katta pul sarflamoqda, «Milan» ispaniyalik yulduzni qo‘lga kiritdi. Yevropadagi so‘nggi transferlar
21:05 / 26.07.2024