Jahon | 08:54 / 17.08.2023
3599
3 daqiqa o‘qiladi

Litva Belarus bilan chegaradagi ikkita nazorat-o‘tkazish punkti yopilganini ma’lum qildi

Litva hukumati bu qarorni «geosiyosiy vaziyat» bilan izohladi. Nazorat-o‘tkazish punktlarining yopilishi, jumladan, Belarusda «Vagner» XHK yollanma askarlarining mavjudligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Foto: Reuters

16 avgust, chorshanba kuni Litva hukumati Belarus bilan chegaradagi oltita nazorat-o‘tkazish punktidan ikkitasini yopish haqida qarorini e’lon qildi va buni «geosiyosiy vaziyat» bilan izohladi. Qishloq hududlardagi ikkita nazorat-o‘tkazish punkti – Shumskas va Tveryachyus 18 avgust, juma kunidan boshlab yopiladi, deb xabar berdi Litva vazirlar mahkamasi. Tijorat maqsadida harakatlanuvchi transport vositalari ushbu nazorat punktlaridan foydalanmaydi. 

Chegarada to‘rtta nazorat-o‘tkazish punkti o‘z faoliyatini davom ettiradi: Medininkay (Belarus tomondan – Kamenniy Log), Lavorishkes (Kotlovka), Raygardas (Privalka) va Shalchininkay (Benyakoni). 

«Vagner» yollanma askarlari Belarusda

Kuzatuvchilar Litva hukumatining ikkita chegara nazorat-o‘tkazish punktini yopish qarorini qo‘shni Belarus hududida joylashgan «Vagner» XHK yollanma askarlarining ehtimoliy tahdidi bilan bog‘lamoqda. Litvaga qo‘shni Polsha allaqachon Belarus bilan chegaradagi deyarli barcha nazorat-o‘tkazish punktlarini yopib qo‘ygan, ulardan faqat bittasi ishlayapti. Bundan tashqari, Polsha chegarachilarga yordam berish uchun yana 10 ming askarni Belarus bilan chegaraga yuborish niyatida. 

23 iyul kuni Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko «Belarusda joylashgan «Vagner» XHK yollanma askarlari «vaziyatni taranglashtirayotgani» haqida ma’lum qildi, sababi uning so‘zlariga ko‘ra, ular «Varshavaga ekskursiyaga bormoqchi». «G‘arbga ketmoqchimiz. Bizga ruxsat bering». Men: «Nega G‘arbga borishni xohlayapsizlar? - deb so‘radim. «Varshavaga, Jyeshuvga ekskursiyaga», deb javob qaytarishdi», - dedi Lukashenko. 

15 avgustdan boshlab Latviya ham Belarus bilan chegaraga qo‘shimcha chegara xizmati kuchlarini safarbar qildi. Chegara qo‘shinlari xodimlarga ta’til berishni to‘xtatdi, shuningdek, ta’tilda bo‘lganlarni ishga chaqirib oldi. Bu qaror «Latviya-Belarus davlat chegarasida tez o‘sib borayotgan gibrid tahdidi munosabati bilan» qabul qilindi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid