O‘zbekiston | 10:49 / 18.08.2023
5155
2 daqiqa o‘qiladi

Dam olish kunlari quruq va o‘rtacha issiq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda

Ushbu haftaning eng boshida O‘zbekiston hududiga Ural hududlaridan salqin havo massasi kirib keldi, buning natijasida respublikaning barcha hududlarida havo harorati pasaydi. Kunduzgi harorat +27...+30 darajagacha pasaydi, eng chekka janubda ham +32...+34 darajadan yuqori bo‘lmadi.

Foto: Kun.uz

Hafta o‘rtasidan boshlab salqin havo mamlakat hududidan chekina boshladi va havo harorati asta-sekin ko‘tarildi. Kecha kunduz kuni havo +33...+35 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +36...+37 darajagacha isidi. Kechasi va ertalab iliqroq bo‘ldi.

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, bugun va dam olish kunlari O‘zbekiston hududi bo‘yicha quruq va kam bulutli ob-havo saqlanib turadi. Havo harorati yana +1...+2 darajaga ko‘tariladi va kechalari +18...+20 daraja, kunduz kunlari +35...+37 daraja atrofida, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +38...+39 darajagacha bo‘ladi.

Bunday harorat avgust oyi o‘rtasi uchun bo‘lgan me’yoriy qiymatlarga yaqin va eng issiq yillarda avgust oyida O‘zbekiston hududi bo‘yicha kuzatilgan haroratdan nisbatan pastdir.

20 avgust kuni shimolda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi mumkin.

Poytaxtda 18-20 avgust kunlari havo kam bulutli bo‘ladi. Bugun kunduzi va dam olish kunlari harorat +34...+37 daraja bo‘ladi. Shamol sharqdan esadi.

Mavzuga oid