O‘zbekiston | 15:10 / 18.08.2023
12409
2 daqiqa o‘qiladi

Nukusda metan zapravka qariyb 4 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani ma’lum bo‘ldi

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus tumanidagi metan zapravkalardan biri 3,85 mln kub metr gazdan noqonuniy foydalangan. Yetkazilgan zarar miqdori 3,8 mlrd so‘mdan ortiqqa baholangan.

Foto: Energetika vazirligi

Nukus tumanida joylashgan Max Gaz Servis MChJ tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Energetika vazirligi huzuridagi «O‘zenergoinspeksiya» tomonidan Bosh prokuratura, «O‘ztransgaz» AJ va «Hududgazta’minot» AJ xodimlari bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida Nukus tumanida joylashgan Max Gaz Servis MChJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida o‘rnatilgan gaz sarfini o‘lchash kompleksiga tashqi ta’sir ko‘rsatilgani ma’lum bo‘lgan.

Mazkur noqonuniy holat natijasida davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 3 milliard 854 million 433 ming so‘m (3 million 854 ming 433 metr kub)ni tashkil etgan.

Ma’lumot uchun, ushbu hajmdagi tabiiy gaz 19 mingdan ziyod xonadonning bir oylik iste’molini tashkil qiladi.

Aniqlangan holat yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar belgilangan tartibda huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilingan.

Mavzuga oid