Jamiyat | 11:57 / 19.08.2023
18358
7 daqiqa o‘qiladi

«Ma’suma» - erkak qalbi haqidagi eng yaxshi asar

«Odam — jumboq. Men inson jumbog‘ini yechishni xohlayman» degandi Fyodor Dostoyevskiy. Balki, shu sabab ham uning barcha hikoyalari qahramonlari nochorlik iskanjasida turib, chidab bo‘lmas ruhiy og‘riqlardan azob chekayotgan, hayot mazmuni haqida paradoksal fikrlarga tushib qolgan kishilardir. Kitobxon uchun bir o‘qishda juda jo‘nday tuyuladigan «Ma’suma» hikoyasi ham aslida inson ruhiyatining eng tubidagi chigalliklar, murakkabliklar, og‘riqlariga e’tibor qaratishga undaydi. Asar aslida bir ayolga bag‘ishlab yozilgandek, ammo u erkak tuyg‘ulari haqida.

Syujyet:

Hikoya bir necha soat oldin o‘z joniga qasd qilgan sevgan ayolining jasadi yonida turib qattiq iztirobdan fojia sababini izlash uchun o‘tmishini tahlil qilayotgan inson kechinmalari bilan boshlanadi. Qirq yoshni qoralagan garovchi huzuriga qatnaydiganlar orasida ota-onasidan erta ayrilib badbaxt xolalari qo‘lida cho‘rilik qilib yurgan, biroq qiyinchiliklarga qaramay o‘zini yo‘qotib qo‘ymagan, 16 yoshli sodda, beg‘ubor Ma’suma ham bor edi. Qizning begonalar oldida o‘ng‘aysiz harakat qilishi, xijolat bo‘lishi, tortishmasligi, roviy tili bilan aytganda, nihoyatda mehribon va mo‘min bo‘lib ko‘rinishi garovchida muhabbat uyg‘otadi.

Qizning pul-boylikka o‘ch xolalari bu vaqtda uni ellik yoshlik baqqolga uzatish taraddudida edi. «Meni yoki baqqoldan birimizni tanla», deb qizga shart qo‘yganida qizning og‘ir tanlov qarshisida turgandek o‘ylanib turishi garovchini hayratlantiradi. Lekin aslida o‘zini ham o‘sha baqqoldan deyarli farqi yo‘q edi. U qizning ojizligidan, himoyasizligidan, nochorligidan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishni istadi. Qizga 100 so‘m qalin puli evaziga uylanib oladi-da o‘zida ko‘ngli bormi-yo‘qmi o‘ylab o‘tirmay uning pokiza muhabbatiga umid qiladi. 

Garovchini sirli, beparvo, qalbi muz odam rolini o‘ynashiga majbur qilgan omil shu edi: u garovchiligidan va o‘tmishidan uyalgani uchun qizning oldida zaif ko‘rinmaslikni istaydi. Go‘yo garovchining telbadek sevishga arziydigan betakror yaxshi inson ekanligini Ma’sumaning o‘zi anglab yetishi kerak edi. Biroq uni tuban kishilar hikoyasi orqali bildi. Erining pul ustiga o‘ligini tashlab olishi qizga yoqmaydi. Uni xasis, ziqna va xudbin inson sifatida ko‘ra boshlaydi. O‘zi sevmagan insonning sevishi qalbini vijdon azobiga soladi. Ma’suma alday olmaydi. Shu bois o‘zini garovchining telba sevgisidan ozod etish uchun o‘limni tanlaydi. 

Tahlil:

Dostoyevskiyning barcha asarlaridagi qahramonlari o‘ziga o‘zi gapiruvchi, tinglovchilar, hakam oldida hisob berish orqali o‘z ruhiy holatini tahlil qilayotgan odamlardir. Psixologik tadqiqotlarda ham kishi boshidan o‘tkazgan voqealarni gapirib berish orqali muammosidan xalos bo‘lishini aytgan.

«Ma’suma» o‘zi xayoliy hikoya bo‘lsa-da, yozuvchi uni oliy darajadagi hayotiy hikoya deb ataydi. Sababi asarda inson ruhiyatining yuksak ehtiyoji – sevish va sevilish haqida so‘z boradi. Bu xuddi insonning havoga, suvga bo‘lgan tashnaligiga o‘xshaydi. Odam o‘zini boshqa tomondan kuchli sevilishi orqali mavjudligini tasdiqlashga umid qiladi, ayniqsa, erkaklar. Biroq garovchi sevilishga erishishning noto‘g‘ri yo‘lidan boradi. Ya’ni ko‘pchilik kuchli jins vakillaridagi xatoni takrorlaydi. Qadimgilardan qolgan bir gap bor: «Erkak sevgan ayolini azoblaydi, ayol azoblagan insonni sevadi» xuddi shu naqlni garovchi shioriga aylantiradi.

Buni erkak tilidan aytilgan quyidagi so‘zlar ochiqlaydi: «U avvalboshdanoq bag‘rimga muhabbat bilan otilib keldi», «…bir-ikki marta o‘zini tutolmay quchoqlashga tashlanganda ham sovuq muomalamni o‘zgartirmadim… unda uyg‘ongan to‘lqin dardchil, jazavali edi, menga esa uning astoydil e’zozidan kelib chiqadigan baxt lozim edi», «…Uning o‘zi daf’atan oldingga keladi», «Ayol ko‘ngil maylini olgan kimsaning barcha kamchiliklarini hatto yovuzligini ham ilohiylashtirishi mumkin». 

Erkak qiz o‘zini sevib qolishi uchun oila qurgan kunidan boshlab unga kuchli ruhiy psixologik bosim o‘tkazadi. Uning hayajonlariga sukut bilan javob beradi. 

Qizning Poruchik Yefimovich bilan ishqiy uchrashuvlariga guvoh bo‘lib qolgach, unga alohida karavot olib kelib alohida yashashga undashi va aybdorning bunday jazodan azoblanishidan ham o‘zgacha zavq-shavq tuyadi.

Qiz uchun eng so‘nggi zarba garovchining ishqiga iqror bo‘lishi edi. Uni sukut bilan jazolab kelgani, o‘zini beparvodek tutib yashagani, aslida esa irodasi zaifligini yashiryvchi g‘oya ekanini bildirganida qiz uning muhabbatidan qattiq nafratlanadi va qo‘rqadi ham. Hatto erk istab erini miltiq bilan otib o‘ldirmoqchi ham bo‘ladi. Unga munosib javob qaytara olmasligiga aqli yetadi. Poylariga tiz cho‘kib oyog‘iga ishqini dasturxon qilgan garovchini aldab sevaman deb yashashdan o‘limni afzal ko‘radi. 

Haqiqiy sevgi talab qilib bo‘lmas tuyg‘udir. Unga erishish uchun na pul, na biror hasham va na turli usullar, ayyorlik rollari kerak. Insonning muhabbatiga sazovor bo‘lish uchun uning sevib qolishini kutish – shafqatsizlikning o‘ta og‘ir ko‘rinishidir. 

Manzura Abdullayeva, kitobxon

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin

Mavzuga oid