Sport | 12:48 / 21.08.2023
19058
16 daqiqa o‘qiladi

Xavining sehrli tayoqchasi va jarohatlar girdobidagi «Chelsi». Kun o‘yinlari

Yakshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Foto: Andy Rowland/Global Look Press

Angliya: Ensoning hal qiluvchi xatosi

«Vest Hem» – «Chelsi» 3:1
Gollar:
1:0 – 7 Agerd, 1:1 – 28 Chukvuemeka, 2:1 – 53 Antonio, 3:1 – 90+4 Paketa
Aniq ijro etilmagan penalti: Enso Fernandes, 42 (darvozabon)
Vest Hem – Areolya, Tsoufal, Zuma, Agerd, Emerson, Uord-Prouz (Alvares, 81), Souchek, Lukas Paketa, Benraxma (Ogbonna, 69), Bouen, Antonio (Fornals, 76).
Chelsi – Sanches, Gyusto (Berstou, 83), Tiago Silva, Disasi, Koluill, Chiluell (Kaysedo, 61), Gallaher (Madueke, 75), Fernandes, Chukvuemeka (Mudrik, 46), Sterling, Jyekson.
Ogohlantirishlar: Agerd (13), Lukas Paketa (35), Disasi (36), Chukvuemeka (40), Emerson (45), Jyekson (72).
Chetlatish: Agerd (67).

«Vest Hem» mavsum boshlangach ajoyib transfer amalga oshirdi, standartlar qiroli va «Sauthempton» sardori Uord-Prouzni chempioshipdan xalos etdi, u esa darhol o‘ziga to‘langan pullarni (30 mln funt) oqlashga kirishdi. Ushbu angliyalik havbekning burchakdan har bir uzatmasi xavfli chiqdi, ulardan biri esa Agerdning goli bilan yakunlandi. O‘tgan mavsumda «Chelsi» birinchi gol o‘tkazib yuborganidan keyin o‘ziga kela olmagan bo‘lsa, hozirgi jamoa — tarkib juda yoshligiga qaramay — ruhiy jihatdan ancha barqarorligini namoyish etmoqda.

Faxriy futbolchilar ham ishonchli o‘ynamoqda. Javob golini urgan Chukvuemekiga qanotda faol harakat qilgan Chiluell yordam berdi, Sterling esa ko‘p o‘tmay penalti ishladi, ammo Enso Fernandes undan foydalana olmadi. Bunday xato esa odatda qimmatga tushadi.

Qolaversa, javob goli muallifi Chukvuemeki jiddiy jarohat olib maydonni tark etdi.

FOTO: DARREN WALSH/GETTY IMAGES

Birinchi bo‘limning oxirgi 15 daqiqaligida himoyadan chiqa olmagan «Vest Hem» bir amallab durang hisobni saqlab qoldi va ikkinchi bo‘limda yana tashabbusni qo‘liga oldi. Antonio Uord-Prouz yordamida gol urdi va Agerd maydondan chetlatilishi ham «bolg‘achilar»ga to‘sqinlik qila olmadi. O‘yin oxirida esa — qimmatbaho Kaysedo debyutini rasvo qildi, uning jarima maydoni ichidagi ehtiyotsiz harakati penaltiga sabab bo‘ldi, shunday ekan, Maurisio Pochettino «Chelsi» boshqaruvidagi ilk g‘alabasini hali kutishga majbur bo‘ladi.

Todd Bouli kelganidan keyin qariyb 1 milliard yevro sarflab, tarkibga 24 futbolchi olib kelindi (ijaraga olinganlar bilan qo‘shganda). Ayni vaqtga kelib bu futbolchilarning ikki nafari qaytarib sotib yuborilgan, ikki nafari ijara muddati tugab, qaytib ketgan, 4 nafari jarohat olgan. Natijada hozircha londonliklarda ochkolar sonidan ko‘ra jarohat olganlar (Jyeyms, Badiashile, Chaloba, Fofana, Nkunku, Broxa, Chukvuemeki) soni ko‘proq.

Londonliklar keyingi turda debyutant «Luton»ni qabul qiladi, keyin yana uyda «Nottinghem Forest» bilan va safarda «Bornmut» bilan o‘yinlar bor.  

Ispaniya: Xaloskor Pedri va Iskoning qaytishi

Barselona – Kadis 2:0 
Gol:
1:0 – 82 Pedri, 2:0 – Ferran Torres 90+3
Barselona – ter Stegen, Kristensen (Erik Garsiya, 79), Kunde, de Yong, Balde (Fati, 68), Gundo‘g‘an, Romeu (Serji Roberto, 79), Pedri, Gavi (Ezzalzuli, 68), Yamal (Ferran Torres, 85), Levandovski.
Kadis – Ledesma, Karselen, Ernandes, Fali Ximenes, Xavi, Alexo (Machis, 68), Alkaras, San-Emeterio (Sobrino, 68), Aleks Fernandes (Negredo, 86), Roxer Marti (Xose Mari, 86), Ramos (Osmayich, 86).
Ogohlantirishlar: Alexo (14), de Yong (26), ter Stegen (26), San-Emeterio (45), Gavi (45), Pedri (73).

«Barselona»ga xos bo‘lmagan uy o‘yini — jamoa stadioni «Kamp Nou» rekonstruksiya qilinmoqda. Ko‘k-anorranglilar hujumlarni yakunlashda qanday qiynalishini ko‘rish yanada ajablanarli bo‘ldi. Kataloniyaliklar «Xetafe»ga qarshi safar o‘yinida ham gol ura olmagan (0:0), bu o‘yinda Rafinya qizil kartochka olib diskvalifikatsiyaga uchragandi, qolaversa Xavi ham to‘p «Kadis» darvozasiga kirishni istamayotganini zaxira o‘rindig‘ida emas, tribunada o‘tirib kuzatishiga to‘g‘ri keldi. Yoki shunchaki to‘p darvozaga kirish istamayotganini deyish mumkin, mehmonlarda ham bir necha qulay vaziyatlar bo‘ldi va ular ham bu imkoniyatlarini ko‘kka sovurdi.

Albatta, «Barsa» ko‘proq vaziyatlar yaratdi hamda mehmonlar darvozaboni Ledesma bir kechaning o‘zida turning eng yaxshi seyvlari hit-paradida bir necha o‘rinni band etib qo‘ydi. Chempionlar esa Gundo‘g‘an va Pedri juftligining chiroyli harakatlari evaziga baribir o‘z maqsadiga erishdi. Yosh yarimhimoyachi yiqilayotgan holda to‘pni darvoza to‘riga yo‘naltirishga erishdi va zaxira o‘rindig‘i tomon yugurib, o‘zi tug‘ilgan Tenerife shahrini qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus futbolkani namoyish etdi - u yerda o‘rmon yong‘inlari tufayli o‘n minglab kishilar evakuatsiya qilinmoqda.

Pedrining bu goli — Xavi boshqaruvi davridagi o‘ninchisi bo‘ldi — bu esa uning ushbu murabbiyning sehrli tayoqchasi ekanini yana bir bor isbotlaydi. Gap shundaki, «Barsa»ning yangi mavsumdagi ilk g‘alabasini ta’minlagan Pedri o‘tgan mavsumda ham yetti o‘yinda hisob 0:0 holatida gol urib, g‘alaba tomon yo‘l ochgandi.

O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Levandovski Ferranni golli pas bilan ta’minladi. Bu o‘yindagi yana bir e’tiborga molik holat Lamin Yamal kataloniyaliklar safida boshlang‘ich tarkibdagi debyutini o‘tkazishi bo‘ldi. Uning debyuti 16 yoshu 38 kunligida ro‘y berdi va la liganing yangi rekordiga aylandi. Hatto Messi ham boshlang‘ich tarkibda bu qadar erta maydonga tushmagandi. Mavsumlar oralig‘idagi yig‘inlarda o‘zini ko‘rsatgan ushbu futbolchi amalda o‘tgan mavsum oxirida debyut qilib, bir o‘yinda zaxiradan tushgandi, yangi mavsumning birinchi turida esa «Xetafe»ga qarshi o‘yinda ham ikkinchi bo‘limda o‘ynagandi.

Betis – Atletiko 0:0
Betis – Ruy Silva, Sabali, Pesselya, Luis Felipe, Abner, Ruibal (Xuan Krus, 72), Isko (Rodri, 72), Roka, Rodriges, Peres (Guardado, 84), Iglesias (Villian Joze, 62).
Atletiko – Oblak, Aspilikueta, Savich, Ermoso, Vitsel, Karrasko (Lino, 65), De Paul (Rikelme, 80), Lemar (Morata, 64), Lorente (Barrios, 46), Grizmann, Depay (Saul, 64).

Bu o‘yinning birinchi bo‘limidagi asosiy voqea – Iskoning katta futbolga qaytishi bo‘ldi. U o‘tgan mavsum arafasida nihoyat «Real» bilan xayrlashgan va Xulen Lopetegining chaqiruvi bilan «Sevilya»ga o‘tgandi. Ammo murabbiy mavsum boshida ishdan bo‘shatildi, havbek esa andalusiyaliklar klubi bilan shartnomasini bekor qilishga majbur bo‘ldi. Keyin qishda «Union»ga o‘tishi mojaroli tarzda barbod bo‘lgandi. Ammo, aftidan donishmand Manuel Pellegrini ushbu yarimhimoyachining faoliyatini jonlantirishga ahd qilgan, chunki «Betis»ga ham Meksikaga ketgan Kanales o‘rnini bosuvchi futbolchi kerak.

Birinchi bo‘limda Isko 50 ta uzatma amalga oshirdi va ularning barchasi manzilga aniq yetib bordi. Bu o‘yindagi yana bir qiziq ko‘rsatkich — «Atletiko»da zarbalar bo‘lmagani. Gap darvoza sohasiga aniq bormagan zarbalar haqida ketmayapti, jamoa futbolchilari umuman zarba yo‘llamagan. Ammo Diyego Simeonening pragmatik o‘yini barchaga ma’lum va ikkinchi bo‘limda standart vaziyatdan keyin Ermoso zerikib qolgan Ruy Silvani to‘pni darvoza to‘sini ostidan «olib chiqish»ga majbur qildi. «Atletiko» faollashdi, ammo bu g‘alabaga yetarli bo‘lmadi. Yakunda ispanlar uchligida ayni vaqtda faqat «Real»gina ochko yo‘qotmay davom etmoqda.

Italiya: Belottining qaytishi

Roma – Salernitana 2:2
Gollar:
1:0 – 17 Belotti, 1:1 – 36 Kandreva, 1:2 – 49 Kandreva, 2:2 – 82 Belotti.
Roma – Ruy Patrisiu, Kristensen (Karsdorp, 65), Smolling (Paredes, 65), Liorente, Manchini, Spinatssola (Zalevski, 65), Kristante, Auar (Pagano, 90), Bove (Sanshesh, 65), Al-Sha’roviy, Belotti.
Salernitana – Ochoa, Matssokki (Dia, 66), Fasio, Domber, Lovato, Bradarich, Kandreva, Kastanos (Sambiya, 78), Kulibali, Majore (Lengovski, 78), Butheym (Kulibali, 88).

«Roma» hozircha Dibala va Abrahamsiz o‘ynashiga to‘g‘ri keladi, ikki yangi futbolchi — Renatu Sanchesh va Paredes esa — zaxirada qoldirildi. Ikkinchi bo‘limda esa «PSJ»ning sobiq yarimhimoyachisi Rimga qaytishini golli pas bilan nishonladi. Lekin argentinalik futbolchining burchakdan yo‘llagan golli pasi «bo‘rilar»ni faqat mag‘lubiyatdan qutqarishga yaradi. Joze Mourino uchun yagona xursand qiluvchi holat — Belottida gol sezish qobiliyati yana paydo bo‘lgani bilan bog‘liq. Bir necha yil muqaddam, u «Torino» hujumchisi sifatida A Seriyaning dahshatli to‘purarlaridan biri sifatida tanilgandi, o‘tgan mavsumda esa u chempionatda birorta gol urmadi. «Olimpiko»ga qaytishdan ilhomlangan faxriy futbolchi Kandreva «Roma»ga muammolar tug‘dirdi. «Latsio»ning sobiq futbolchisi yetti yil ichida ilk bor dubl qayd etdi va bu Abadiy shahardagi asosiy stadionda ro‘y berdi.

«Udineze» – «Yuventus» 0:3
Gollar:
0:1 – 2 Kiyeza, 0:2 – 20, penalti Vlahovich, 0:3 – 45 Rabio.
Udineze – Silvestri, Ebosele (Joau Ferreyra, 57), Kabasele, Biyol, Peres, Kamara (Zemura, 46), Uolas, Lovrich, Sarraga (Samarjich, 46), Toven (Saksess, 66), Betu (Lukka, 75).
Yuventus – Shchensni, Aleks Sandro, Danilo, Bremer, Kambiyazo (Ayling, 70), Vea (Makkenni, 46), Rabio, Lokatelli, Miretti (Fadjoli, 46), Kiyeza (Milik, 77), Vlahovich (Yildiz, 85).

Yoz davomida «Yuventus»ning hujum chizig‘i vakillari turli jamoalarga tarqalib ketishi haqida tinimsiz yozib turildi. Lekin mavsum startida Kiyeza ham, Vlahovich ham, Rabio ham shu yerda. «Udineze»ga qarshi o‘yin Massimiliano Allegrini va «Yuventus» haqidagi tasavvurlarni yo‘qqa chiqaradigan o‘yin bo‘ldi — turinliklar hujumkor o‘yin ko‘rsatishdi, Kiyeza Vlahovichning pasidan keyin to‘pga shunday yerlatib zarba berdiki, darvozabon joyidan qimirlay olmadi. Bu vaqtda sekundomer 1:48 raqamini ko‘rsatayotgandi va bu «Keksa sinora»ning 1981 yildan buyon eng tezkor goli bo‘ldi. Bo‘lim oxirida esa Kiyezaning tovon bilan bergan pasidan keyin Kambiyazo to‘pni Rabioning boshiga ideal darajada yetkazib berdi. Bu ikki vaziyat oralig‘ida Vlahovich penaltini aniq ijro etgandi va ikkinchi bo‘lim amalda quruq rasmiyatchilikka aylandi.

Buni turinliklarning ideal o‘yini deb bo‘lmaydi, «Udineze» vaqti-vaqti bilan Shchensni darvozasiga xavf solib turdi, ammo o‘tgan mavsumda yevrokuboklardan mahrum bo‘lgan «biyankonerilar» skudetto uchun asosiy da’vogarlar qatorida ekanini namoyish etishdi.

Germaniya: bir o‘yinda ikki rekord

Union – Mayns 4:1
Gollar: 1:0 – 1 Berens, 2:0 – 9 Berens, 2:1 – 64 Kasi, 3:1 – 70 Berens, 4:1 – 90 Pantovich.
Union – Rennov, Trimmel, Knoxe, Diogu Leyte, Duki, Russiyon (Gozens, 66), Kral, Laiduni (Kemlyayn, 89), Aaronson (Pantovich, 76), Berens (Folland, 89), Fofana (Bekker, 66).
Mayns – Tsentner, da Koshta (Vayper, 81), Bell, Fernandesh, Kor (van der Berg, 60), Kasi, Li Je Son (Barkok, 75), Barreyro, Shtax (Kraus, 81), Onisivo (Gruda, 60), Ajork.
Ogohlantirishlar: Berens (10), Li Je Son (31), Kor (51), da Koshta (58), Barreyro (80), Svensson (90), van der Berg (90).

Bu mavsum Chempionlar ligasida debyut qiladigan «Union» yozda tarkibni kuchaytirdi va bundesligada mavsumni yirik hisobdagi g‘alaba bilan boshladi. Urs Fisher yangi futbolchilarni tarkibga asta-sekinlik bilan kiritishni boshladi. Yakshanba kungi o‘yinda yangi futbolchilardan faqat uch nafari  boshlang‘ich tarkibdan o‘rin oldi. Italiyadan («Atalanta») qaytgan Gozens va Fransiyadan («Monako») qaytgan Folland esa zaxiradan qo‘shildi, hujumchi maydonga tushgan zahoti to‘rtinchi golga uzatma berishga ulgurdi.

O‘tgan mavsumda jamoaning asosiy to‘purari bo‘lgan Bekker ham hozircha joker maqomida. U ikkinchi bo‘limda zaxiradan o‘yinga qo‘shilib, Berens uchinchi golini rasmiylashtirishiga yordam berdi. 32 yoshli hujumchi bu het-trigi orqali bundesliga tarixiga kirdi. Ko‘rsatkichlar hisoblash boshlanganidan buyonn bundesligada hali hech kim bir o‘yinda bosh bilan uchta gol urmagandi. «Mayns» hujumchisi Ajork ham turnir tarixiga kirdi, u bir o‘yinda ikki penaltini golga aylantira olmagan ilk futbolchiga aylandi.

Kun statistikasi

  • Stuani «Jirona»ning la ligada 50 gol urgan 1-futbolchisiga aylandi. Urugvaylik faxriy hujumchi kataloniyaliklarning oliy diviziondagi jami gollarining 42 foiziga mualliflik qilgan (149 tadan 51 ta).
  • Qatorasiga 8 uy o‘yinida g‘alaba — «Aston Villa»ning 1990 yildan buyon eng yaxshi seriyasi bo‘ldi.
  • Kayyu Enrike «Monako» tarkibida 22 ta golli uzatma berdi. Ushbu himoyachi bu borada 2020/21 yillar mavsumi boshidan buyon top-5 ligalarda eng yaxshi braziliyaliklar — Neymar va Vinisius Junior bilan bir qatorda.
  • «Portu»ning eng sermahsul himoyachisi Markano gollari sonini 29 taga yetkazdi. Bundan tashqari, u 90+10-daqiqada gol urish orqali, «ajdarlar» tarixida eng kech urilgan g‘alaba goli muallifiga aylandi.
  • 39 yoshu 214 kun — «Ayntraht» himoyachisi Hasebe shu yoshda. Yaponiyalik futbolchi Uli Shtaynning rekordini yangiladi va «burgutlar»ning bundesligada o‘ynagan eng keksa yoshli futbolchisi bo‘lib oldi.
  • «Latsio» hujumchisi Immobile «kuchli beshlik» chempionatlarida urgan gollari sonini 200 taga yetkazdi. Bundan tashqari, forvard barcha turnirlar hisobga olinganda, safar o‘yinlarida roppa-rosa 100 bor darvozani ishg‘ol etgan.

Mavzuga oid