O‘zbekiston | 15:52 / 22.08.2023
3841
2 daqiqa o‘qiladi

«Tapentadol» dorisi O‘zbekistonda giyohvandlik vositalari ro‘yxatiga kiritildi

Ushbu dorining ma’lum miqdordagi noqonuniy muomalasi jinoiy harakat sifatida baholanadi.

Foto: indiamart.com

Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning muomalada bo‘lishi yuzasidan nazroatni yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qarori (.pdf) qabul qilindi.

Unga ko‘ra, «Tapentadol» og‘riq qoldiruvchi dori vositasi O‘zbekistonda muomalasi cheklangan giyohvandlik vositalari ro‘yxatiga kiritildi.

Ushbu dorining quyidagi o‘lchamlari (grammda) noqonuniy muomalada bo‘lsa, jinoiy harakat sifatida baholanadi: kichik miqdorda — 0,5 gramm; kichikdan ko‘proq miqdorda - 0,5—5 gramm va yirik miqdorda - 5 grammdan ortiq.

«Tapentadol» opioid narkotik analgezik bo‘lib, onkologik kasalliklarda o‘rtacha va kuchli og‘riq qoldiruvchi vosita hisoblanadi. Turli xil preparatlarda mavjud bo‘lgan ushbu modda suiiste’mol qilinishi yoki noto‘g‘ri qo‘llanishi oqibatida giyohvandlikka yoki o‘limga olib kelishi mumkin.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid