O‘zbekiston | 15:17 / 22.08.2023
31831
5 daqiqa o‘qiladi

Temurbeklar maktabi imtiyozi: u maksimal ball to‘plagan abituriyentlarni sindirdimi? 

Mandat natijalari e’lon qilingach, imtihondan maksimal – 189 ballni olgan ayrim abituriyentlar kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingani ma’lum bo‘ldi. Bunga Temurbeklar maktabi bitiruvchilariga berilgan imtiyoz sabab bo‘lgan. “Shuncha yil qiynalib o‘qib, maksimal ball olib, yana kontraktga kirganimizni ko‘rib shokka tushdik”, deydi abituriyentlardan biri.

Foto: Prezident matbuot xizmati

22 avgust kuni mandat natijalari e’lon qilindi. Unda maksimal ball to‘plagan abituriyentlarning ayrimlari kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilgan. Masalan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetida o‘tish balli 205,2 ballni tashkil qilgan. Natijada eng yuqori – 189 ballni yig‘ganlar ham kontraktga tushib qolgan. Shunday vaziyatga tushgan abituriyentlar Kun.uz bilan bog‘lanib, natijadan norozi ekanliklarini aytishmoqda. Ulardan biri Andijon viloyati Xonabod shahrida yashovchi Muhayyo Abdulvohidova ham 189 ballni to‘plab, grantga kirolmagan. Muhayyoning aytishicha, ingliz tilini 1-sinfdan beri o‘rganadi. IELTS va tarixdan sertifikati bo‘lgan.

Imtihon topshirganimning ertasi kuniga javoblar chiqdi. 189 ball olgandim. Hamma tabriklab, grantga kirganimni aytayotgandi. Bugun kechqurun mandatni ko‘rsak, sariq kontraktda turibman. Ochig‘i, 189 ball olganlar kontrakt haqida o‘ylamaganmiz. Ota-onam o‘ylama, o‘qitamiz deyapti. Hozir ukam Toshkentda akademik litseyda o‘qishga kirgan. Opam ham talaba. 2 bolani Toshkentga yuborish, turar joy, kiyim kechak qilish kerak. Yana kontraktga 22 millionni to‘lash osonmas-da”, – deydi u.

Xuddi shu universitetning xalqaro munosabatlar yo‘nalishiga topshirgan Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida yashovchi Sanjar Tilavoldiyev ham 189 ball olib, kontakt asosida talabalikka tavsiya etilgan. U ham 3 yil tayyorlanib o‘qishga topshirgan.

Hammamiz grantni kutgandik. Chunki 189 ball olgandik. 3 yildan beri tayyorlangandim. Maksimal ball uchun kontrakt juda adolatsizlik bo‘ldi. Bizdan oldin kirganlar 3 kishi Temurbeklar maktabi o‘quvchilari ekan. Shu 3 kishini balli 217 balldan 205 ballgacha bo‘ldi. JIDUga o‘zi 3ta grant berilgan. Biz o‘z-o‘zidan kontraktga tushdik. Qolaversa, bizning yo‘nalishimizda maksimal ballar ham 20ta bo‘lgandi, tanlov ustuvorligi sababli ular ham pastga tushib ketdi. Shuning hisobiga nisbatan bilimi baland bolalar ham kontrakt bo‘lib qoldi. O‘tgan yili 12ta 189 bo‘lsa, ularning hammasiga grant berilgandi, bu yil esa kontrakt deyapti”, – deydi u.

Xuddi shu universitetga hujjat topshirib, maksimal ball to‘plab, kontraktga kirgan navoiylik Muxlisa Ergasheva ham juda katta umidlar bilan grantni kutganini aytadi.

Eng yuqori ball 189 ni qo‘lga kiritdim. Ota-onam, ustozlarimning oldida ishonchlarini oqladim. Ammo mandat chiqqandan keyin qarasam unga : "Siz Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilindingiz", — deb yozilgandi. Men umuman tushunmadim, shokda edim o‘sha payt.

Shuncha yil ota-onamiz bizni qiynalib o‘qitdi. Repetitorga pul berib o‘qidik. Ular ham kam qiynalishdimi? Ustozlarim ham shu o‘quvchilarning ota-onasi oldida yuzim yorug‘ bo‘lsin deb dars o‘tdi. O‘qishda bir kun o‘qimay turib, Adolat faqat qizlarning ismi bo‘lib qolib ketaveradimi shunaqa?" – deydi u.

Tegishli hujjatga ko‘ra, 2021/2022 yildan boshlab o‘qishga kirishga maksimal ball to‘plagan 200 nafar abituriyentga Prezident granti joriy etiladi va ular davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi. Lekin maksimal ball olganlarning hammasi ham grant o‘qishga qabul qilinishi so‘roq ostida.

Qolaversa, Temurbeklar maktabi imtiyozi hisobiga 1ta savolga xato javob berib 1 ball past ball olganlarning ham kontraktda o‘qishi qanchalik adolatli?

Shu savolni huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev ham o‘rtaga tashlagan.

To‘g‘ri, kimdir aqllilik qilib aytishi mumkin, 189 ball to‘plaganlarga Prezident granti beriladi va ular budjetda o‘qiydi, deb. Ammo bu muammoning yechimi emas. Unda 187,9 ball to‘plagan qizlar-chi? (4-rasmga qarang). Ular majburiy fandan atigi 1 tagina xato qilgan va endi 4 yil kontraktda o‘qishi kerak. Bechora qizlar, xato qilishga haqqi yo‘q qizlar...”, – deb yozgan u.

Ma’lumot uchun, qonunchilikda Temurbeklar maktabi bitiruvchilariga harbiy ta’lim muassasalarida o‘zlari to‘plagan ballarning 30 foizi miqdoridagi, boshqa OTMda esa 15 foizi miqdoridagi qo‘shimcha ballar ko‘rinishida imtiyoz berilishi belgilangan. Buning natijasida yuqoridagi kabi maksimal ballni to‘plagan abituriyent ham kontrakt asosida o‘qishga kirishga majbur bo‘lyapti.

Bu tartibga noroziliklar mandat javoblari e’lon qilinmagan paytda ham bir necha marta faollar tomonidan ko‘tarilib, yaxshigina rezonansga sabab bo‘lgandi. Lekin tegishli tashkilotlar noroziliklarni inobatga olmagan ko‘rinadi.

Zuhra Abduhalimova, Kun.uz

Mavzuga oid