Jahon | 18:06 / 22.08.2023
23990
11 daqiqa o‘qiladi

Xitoy qanoti ostidagi va Putinsiz «antig‘arb». Yangi qon BRICS’ni jonlantira oladimi?

Turlicha rivojlanayotgan mamlakatlar klubi bo‘lmish BRICS g‘arbning rivojlangan mamlakatlaridan iborat «Katta yettilik»ka chaqiruv tashlaganiga o‘n yildan oshdi. Dunyodagi hukmronlik uchun kurashdagi yutuqlar kamtarona, shuning uchun klubning besh mamlakati — Xitoy, Hindiston, Braziliya, Rossiya va Janubiy Afrika — g‘arbni son bo‘yicha ortda qoldirishga urinib ko‘rishga qaror qilishdi. BBC sharhlovchisi Aleksey Kalmikov BRICS’ning kelajagi borasidagi fikrlarini bildirdi.

Putinning urushi G‘arbni harakatga keltirdi va Xitoyda endi jisplashgan raqib paydo bo‘ldi. Endi Xitoy BRICS bayrog‘i ostida G‘arbga qarshi koalitsiya yig‘moqda. Foto: Getty Images

BRICS’ning kengayishi seshanba kuni ochilayotgan sammitning asosiy mavzusi bo‘ladi. Mamlakatlar yetakchilari JARga uchib kelmoqda, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bundan mustasno, Xalqaro jinoiy sud uni Ukrainaga qarshi harbiy jinoyatlarda ayblab, hibsga olish uchun order bergan. Rossiya sudni tan olmaydi, ammo sammit mezboni bo‘lmish JAR uning qarorlarini bajarish majburiyatini olgan.

Shu bilan birga Putin shaxsan tashrif buyurmagani — BRICS kengayishining asosiy sababi. Bunday kengayish tashabbuskori esa — Xitoydir. 

Xitoyga BRICS+ nima uchun kerak?

Putin Yevropada urush boshlash orqali, G‘arbni yanada jipslashtirdi. Donald Tramp prezidentligi vaqtidagi bahs va kelishmovchiliklar unutildi, «Katta yettilik» a’zolari Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritishda birdamlik ko‘rsatishdi, NATO esa tajovuzni qaytarish uchun Ukrainaga do‘stona yordam berib kelmoqda.

Bu esa Xitoy uchun yutqiziqli vaziyat. AQSh atrofida birlashgan G‘arb uni asosiy dushman deb atadi.

Bunga javoban Xitoy rivojlanayotgan mamlakatlardan o‘zining «aksil-G‘arb» guruhini yig‘ishga kirishdi. Ular G‘arbdan farqli o‘laroq, butun sayyora bo‘ylab Amerikadan Yaponiya va Avstraliyagacha bo‘lgan katta hududlar bo‘ylab joylashgan boy davlatlar guruhi sifatida ko‘pincha Janub (Global South) deb ataladi.

JAR mezbonligida o‘tayotgan urush davrida ilk yuzma-yuz sammitga 40 dan ortiq davlatlar rahbarlari taklif etilgan, ularning yarmi allaqachon blokka qo‘shilish istagini bildirgan. Ehtimoliy nomzodlar qatorida Qozog‘iston, Saudiya Arabistoni, Eron, BAA, Argentina, Indoneziya, Misr, Efiopiya va boshqa o‘ndan ortiq davlatlar bor.

Xitoy iqtisodiyoti – BRICS’ning 70 foizini tashkil etadi. Pandemiya va urush tufayli mamlakat iqtisodiyotida o‘sish to‘xtagan va blokni kengaytirmasdan «Yettilik»ka yetib bo‘lmaydi. Foto: AFP

Hozirda BRICS’ning besh mamlakati aholisi dunyoning jami aholisining 40 foizini tashkil etadi, jahon iqtisodiyotining 25 foizi va xalqaro savdoning 15 foizi ushbu mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

«Agar biz BRICS’ni yalpi ichki mahsulot ulushini G7 bilan taqqoslash mumkin bo‘lgan darajada kengaytirsak, bizning kollektiv ovozimiz balandroq yangray boshlaydi», — deya kengaytirish maqsadini tushuntirgan shaxsi sir qolishini istagan xitoylik mulozim FT gazetasi bilan suhbatda.

Rivojlangan demokratik davlatlar «yettiligi»ning jahon iqtisodiyotidagi ulushi esa 44 foizni tashkil etadi. Xitoy BRICS’ni kengaytirmasdan maqsadga erisha olmaydi. Blokning iqtisodiy qudratining 70 foizi Xitoy tomonidan ta’minlanadi, hozir esa bu davlat o‘zining eng yaxshi damlarini boshdan kechirayotgani yo‘q.

Xitoy har qanday holatda ham BRICS+ tuzilmasida so‘zsiz yetakchilikni saqlab qoladi. Hozirgi boshqa a’zolarning vazni esa kamayadi. Hozirda ularning har biri — Xitoy uchun o‘z qit’alarining vakillari bo‘lgan jamoadoshlardir. Kengayish bilan esa bu eksklyuzivlik ham yo‘qqa chiqadi.

G‘arbga qarshi klub ta’sischilarining tor doirasida Xitoy boshqa to‘rt a’zo bilan hisoblashishiga to‘g‘ri keladi. Xalqlar assambleyasi shovqini esa bu a’zolarning ovozini bosib ketishi xavfi bor, Xitoy esa iqtisodiy, siyosiy va harbiy qudrati evaziga so‘zsiz yetakchiga aylanadi.

Kengayish ro‘y beradimi?

Braziliya qurollar ishlab chiqarishda G‘arb bilan hamkorlik qiladi va bu aloqalarni uzishni istamaydi. Suratda Braziliya prezidenti Lula da Silva mamlakat harbiy havo kuchlarining Saab Gripen F-39 qiruvchi samolyoti oldida. Foto: AFP

AQSh hukmronligiga qarshi kurashuvchilarning barchasi ham yangi dominant qanoti ostiga o‘tishga «ko‘zi uchib turgani yo‘q». Ular g‘arb pullari va nou-haularidan foydalanishda davom etishni, butun dunyo bilan savdo qilishni va begonalarning urushiga aralashmaslikni istashadi.

«Multilateralizm o‘rnini bloklar o‘rtasidagi qarama-qarshilik egallashiga qarab ketmoqda, biz ularning har biri bilan savdo qilamiz, investitsiya va texnologiyalarini olamiz», — degan sammit arafasida JAR prezidenti Siril Ramafosa.

«Biz jahon derjavalari o‘rtasidagi raqobatga jalb qilinmaymiz. Aksincha, bizning mamlakatimiz global tinchlik va taraqqiyot yo‘lida barcha davlatlar bilan hamkorlik qilishga intiladi», — degan u.

JAR BRICS kengaytirilishini qo‘llab-quvvatlagan. Ukrainaga hujumdan keyin G‘arb tomonidan izolyatsiya sharoitida Rossiya uchun ham bu foydali.

Hindiston esa bayonotlarda ancha ehtiyotkor — kengayish masalasini muhokama qilishga va’da beradi va bu masalada allaqachon qaror qabul qilingandek gapirmaydi. Braziliyani ishontirish yanada qiyinroq bo‘ladi.

Klubdagi qarorlar bir ovozdan qabul qilinishi tufayli, bu sammit niyatlar haqidagi deklaratsiyalar bilan cheklanib, ish BRICS+ paydo bo‘lishigacha yetib bormasligi ehtimoli yuqori.

Yangi qon BRICS’ni kuchaytira oladimi?

Hatto tor doirada ham o‘zaro (masalan, ikki yoki uch a’zo) kelishib bo‘lmaydi. BRICS’dagi a’zolar soni atigi beshta, ammo ular faqat «qarshi» sifatida yagona front bo‘la olishi mumkin. Jahon savdosi, siyosati va xavfsizlik sohasida AQShning global hukmronligi va G‘arb o‘yin qoidalariga qarshi.

Har bir a’zoning o‘z «Ha» pozitsiyasi bor, shuning uchun BRICS bir-biridan keskin farq qiluvchi beshta davlatning amorf birlashmasi bo‘lib qolmoqda: gigantlar va kichiklar, demokratiyalar va avtokratiyalar. «Katta yettilik»dan farqli ravishda, ular bir-biridan farq qiluvchi siyosiy va iqtisodiy modellarga ega, ularning asosiy raqib hisoblangan G‘arb bilan o‘zaro bog‘liqliklari ham turli darajada.

BRICS’ning ilk sammitini Yekaterinburgda Dmitriy Medvedev qabul qilgandi. Foto: AFP

Bir vaqtlar ularni yorqin kelajakka ishonch birlashtirgandi. Bunga ularning o‘zidan ko‘ra g‘arblik iqtisodchilar ko‘proq ishongan.

Shundaylardan biri asr boshidayoq rivojlanayotgan va istiqbolli bozorlardan to‘rttasini ajratib, BRIC atamasini o‘ylab topgandi. Britaniyalik Jim O’Nil hozirda Britaniya parlamentining Lordlar palatasida o‘tiradi, o‘sha vaqtda esa Amerikaning Goldman Sachs bankida ishlardi, bank uchun Xitoy, Hindiston, Braziliya va Rossiyaning jahon iqtisodiyotida o‘sib borayotgan roli hamda o‘yin qoidalarini shakllantirishda ularning fikri bilan ham hisoblashish zarurligi haqida tahliliy materiallar yozib berardi.

Lord O’Nilning G‘arbga bergan maslahatini Sharqdagilar mamnuniyat bilan o‘ziga oladi.

Xitoy, Rossiya va Braziliya bu g‘oyani ilib olishadi va Hindistonni ham chaqirib, har yili g‘arblik iqtisodchi o‘ylab topgan BRIC nomi ostidagi klubda uchrashishni boshlashadi. Keyinroq Afrika davlatini ham qabul qilib, unga global ahamiyat beriladi — natijada BRICS yuzaga keladi.

BRICS’dan «anti-dollar» kutish kerakmi?

«Anti-G7» ortidan «anti-XVJ» (Xalqaro valuta jamg‘armasi) kabi parallel institutlar tuzish g‘oyalari paydo bo‘ldi. BRICS taraqqiyot bankini ta’sis etdi, ammo uning imkoniyatlari G‘arb rivojlanayotgan mamlakatlar noroziligiga sabab bo‘lgan holda asosiy skripkachi rolida bo‘ladigan XVJ va Jahon bankining moliyaviy qudratiga yaqin kela olmaydi.

So‘nggi vaqtlarda esa BRICS yetakchilarining aqlini yangi loyiha band etgan — «anti-dollar». Bir-biri bilan o‘z valutalarida savdo qilishni ko‘paytirish zarurligi haqidagi ko‘p yillik munozaralarga endi BRICS’ning yagona  valutasi haqidagi narrativ qo‘shildi.

Iqtisodchilarning bu masaladagi konsensusi lord O’Nilning FT gazetasiga bergan intervyusidagi quyidagi so‘zlarida mujassam.

«Butunlay safsata, — deydi u. — Nima, ular BRICS markaziy bankini ochishadimi? Qiziq, qanaqa qilib? Buni muhokama qilishning o‘zi ham uyatli».

Yuan yoki rubldagi hisob-kitoblarni esa, faqatgina Xitoy yoki Rossiya yirik savdo profitsitidan voz kechib, AQSh kabi defitsit bilan yashashga va g‘arbniki kabi ulkan moliyaviy bozorlar, infratuzilma va mustaqil institutlarni  yaratishga tayyor bo‘lgandagina hamma joyda tatbiq etish mumkin bo‘ladi.

Bunga esa hali ancha bor va yaqin yillarda dollarning dunyodagi hukmronligiga hech narsa tahdid sololmaydi. Jumladan, brazillar prezidenti Lula da Silvaning BRICS yagona valutasi haqidagi fantaziyalari ham. Bu masala hatto Yohannesburgdagi sammit kun tartibidan ham o‘rin olmagan.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid