Sport | 10:45 / 24.08.2023
18512
6 daqiqa o‘qiladi

Saudiyaning 3 klubi O‘zbekistonga kelishi aniq. Klublarimizga kimlar raqib bo‘lishi mumkin?

«Navbahor» va OKMK klublari Qatarda o‘tgan pley-off o‘yinlarida muhim g‘alabaga erishgach, Osiyo Chempionlar ligasi 2023/24 yilgi mavsum guruh bosqichiga yo‘llanma olgan O‘zbekiston klublari soni 4ta yetdi. Bugun, 24 avgust kuni qur’a tashlash marosimida o‘zbek klublarining raqiblari ma’lum bo‘ladi.

Osiyo Chempionlar ligasi

7 yil avvalgi natija takrorlandi

Klublar o‘rtasidagi Osiyoning eng nufuzli turniri yangi mavsumidan 4 jamoa – mamlakat chempioni «Paxtakor», O‘zbekiston kubogi sohibi «Nasaf», kumush medali sohibi «Navbahor» va 4-o‘rinni egallagan OKMK yurtimiz sharafini xalqaro maydonda himoya qiladi. Namangan va Olmaliq klublari pley-off saralash o‘yinidagi g‘alaba evaziga guruh bosqichiga yo‘llanma olgach, Superliga klublari o‘z tarixidagi eng yaxshi natijani takrorlashdi. Co‘nggi marta 2016 yilgi mavsumda «Paxtakor», «Bunyodkor», «Nasaf» va «Lokomotiv» OChL guruh bosqichidagi maksimal to‘rtlikni tashkil etgandi. Shu tariqa, o‘zbek klublari 7 yil avvalgi natijani takrorlab, Osiyo maydonlarida 4 jamoamiz ishtirok etadigan bo‘ldi.

Qur’a qachon?

OChL-2023/24 guruh bosqich bahslarining barcha – 40 ishtirokchi jamoasi nomi aniq bo‘lib ulgurgan. Qur’a oldidan klublar 20tadan ikki mintaqa – G‘arb va Sharqqa hududiy joylashuviga ko‘ra bo‘linadi. O‘zbekiston klublari odatdagidek G‘arb mintaqasidan joy olgan bo‘lib, 5ta guruhning 4tasiga joylashadi. Bir mamlakatning ikki vakili bir guruhdan o‘rin olmaydi.

Qur’a tashlash marosimi bugun, payshanba kuni Toshkent vaqti bilan soat 13:00da boshlanadi. Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurdagi OFK shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tadigan tadbirni odatdagidek Osiyo Futbol Konfederatsiyasi musobaqalarni o‘tkazish departamenti rahbari, o‘zbekistonlik Avaz Berdiqulov olib boradi. Klublarimiz rasmiylari qur’a jarayonida ishtirok etish uchun Malayziyaga yo‘l olgan. Guruh bosqich o‘yinlari 18 sentabrdan start oladi.

«Paxtakor» qanday guruhdan o‘rin olishi mumkin?

O‘zbekiston chempioni qur’a oldidan 1-savatchadan joy olgani sababli dastlabki savatchadagi Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» va «Al-Ittihod» klublari, Eronning «Persepolis» va Qatarning «As-Sadd» klubi bilan bir guruhdan o‘rin olmaydi. Maksim Shatskix shogirdlari Ronaldu to‘p surayotgan «An-Nasr» bilan bir kvartetdan joy olishi mumkin.

«Paxtakor»ning potensial raqiblari:

2-savatchadan: Sepahon, Ad-Duhayl, Al-Fayha, Nassaji Mozandaron

3-savatchadan: Ahal, Istiqlol, Mumbay Siti, Al-Quva, Al-Faysali

4-savatchadan: An-Nasr, Sharja, Al-Ayn.

Neymar yoki Ronaldu Qashqadaryoga keladimi?

Qarshining «Nasaf» klubi OChL qur’asi oldidan 2-savatchadan joy olgan. Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari Saudiya klublariga qarshi maydonga tushish uchun barcha klublardan ko‘ra yaxshiroq imkoniyatga ega. Voha jamoasi Karim Benzema yetakchiligidagi «Al-Ittihod», Neymari bor «Al-Hilol» yoki Ronaldu to‘p surayotgan «An-Nasr» bilan bir guruhdan o‘rin olishi mumkin.

«Nasaf»ning potensial raqiblari:

1-savatchadan: Al-Ittihod, Al-Hilol, Persepolis, As-Sadd

3-savatchadan: Ahal, Istiqlol, Mumbay Siti, Al-Quva, Al-Faysali

4-savatchadan: An-Nasr, Sharja, Al-Ayn.

Saudiya grandlari Namanganga yo‘l oladimi?

«Navbahor» klubi pley-off saralash bahsi g‘olibi sifatida 4-savatchadan joy olgani sababli Krishtianu Ronaldu to‘p surayotgan «An-Nasr»ning vodiyga bormasligi aniq. Chunki, Ar-Riyod klubi ham so‘nggi savatchada. Shuningdek, BAAning «Sharja», «Al-Ayn» va OKMK klublari ham Babayan shogirdlari bilan bir guruhdan joy olmasligi aniq. Shunga qaramay, yulduzli tarkibga ega «Al-Hilol» yoki «Al-Ittihod»dan biri Namanganda mehmon bo‘lishi mumkin.

«Navbahor»ning potensial raqiblari:

1-savatchadan: Al-Ittihod, Al-Hilol, Persepolis, As-Sadd

2-savatchadan: Sepahon, Ad-Duhayl, Al-Fayha, Nassaji Mozandaron

3-savatchadan: Ahal, Istiqlol, Mumbay Siti, Al-Quva, Al-Faysali.

Benzema Olmaliqqa kelishi mumkin

Qur’a oldidan OKMK ham xuddi «Navbahor»dek vaziyatda. Mirjalol Qosimov shogirdlari guruh bosqichiga o‘tish o‘yini g‘olibi sifatida 4-savatchadan joy olgani sababli turnirning asosiy yulduzi to‘p surayotgan «An-Nasr»ga ro‘baro‘ kela olmaydi. Saudiya Arabistonining qolgan 3 jamoasidan biri esa Olmaliqqa kelishi mumkin.

OKMKning potensial raqiblari:

1-savatchadan: Al-Ittihod, Al-Hilol, Persepolis, As-Sadd

2-savatchadan: Sepahon, Ad-Duhayl, Al-Fayha, Nassaji Mozandaron

3-savatchadan: Ahal, Istiqlol, Mumbay Siti, Al-Quva, Al-Faysali.

Qur’adan avval Saudiya Arabistonining kamida 3ta klubi O‘zbekiston jamoalari bilan bir guruhdan o‘rin olishi kafolatlangan. Mamlakatimizning 4 klubi saudiyaliklarning 4ta jamoasi bilan o‘zaro 4ta guruhdan o‘rin olish imkoniyati ham bor. Shunday ekan, bu safargi qur’a jarayonini muxlislar katta intiqlik bilan kutishlari tabiiy. Har holda Benzema, Kante, Fabino, Neymar, Kulibali, Ronaldu, Brozovich yoki Mane singari jahon yulduzlarining O‘zbekistonga tashrifi stadionlarda anshlagga sabab bo‘lishini hozirdan tasavvur qilish qiyin emas. Qolaversa, shu paytgacha Yevropa Chempionlar ligasi yuziga aylangan bu nomlarning Osiyoga ko‘chib o‘tishi, OChL o‘yinlarini yangi darajaga ko‘tarib, millionlab yangi tomoshabinlar evaziga auditoriyaning kengayishiga sabab bo‘ladi.

Usmon Ibodov

Mavzuga oid