«Buni Putin qilganini tasavvur qila olmayman» – Lukashenko Prigojin bilan isyon vaqtidagi suhbati va uning o‘limi haqida
Aleksandr Lukashenko «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojinning o‘limiga munosabat bildirdi. Tadbirkor ikki oy avvalgi isyonidan keyin aynan Belarusga «quvg‘in qilingandi».
Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, Prigojin undan hech qachon xavfsizlik kafolati talab qilmagan.
«Ularni Belarusga olib kirishni men taklif qildim. Nimadandir qo‘rqsangiz, men Putin bilan gaplashaman, Belarus hududidagi to‘liq xavfsizligingizni ta’minlaymiz, dedim. To‘g‘risini tan olish kerak, Jyenya Prigojin hech qachon xavfsizlik masalasida alohida iltimos qilmagan. Men Prigojinning xavfsizligini ta’minlashga majbur ham emasman. Bu birinchidan. Ikkinchidan esa biz bu borada hech qachon gaplashmaganmiz.
Uchinchidan, xavfsizlik haqida gapirganda, biz ikki marta bu yo‘ldan o‘tdik. Birinchi martasida ular Moskvaga marsh tortib ketishayotgandi. Unga qo‘ng‘iroq qildim-da, «Jyenya, odamlar o‘ladi, o‘zing ham o‘lib ketasan», dedim. «Jin ursin, o‘laman», dedi frontdan qaytgan bu odam. «Jyenya, hozir senga arqon va bir bo‘lak sovun yuboraman», dedim (o‘zini osishiga ishora o‘laroq – tarj). U esa «Yo‘q, yo‘q, bunaqasi ketmaydi, men qahramonlarcha o‘laman», dedi. Shu tariqa, birinchi suhbatimiz tugadi.
Ikkinchi marta gaplashganimizda u Dima Utkin bilan oldimga keldi. Men ularning ikkisini ham ogohlantirib, «O‘rtoqlar, ko‘zingizga qarang» deb aytdim», degan Lukashenko.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Prigojinning o‘limi ortida Vladimir Putin turishi mumkin emas.
«Buni kim qilganini ayta olmayman. O‘z akamga ham advokatlik qilishni istamayman, lekin Putinni yaxshi bilaman. U mulohazali, xotirjam odam. Shu sabab bu ishni Putin qilganini tasavvur qila olmayman. Agar shunaqa bo‘lgan taqdirda ham juda qo‘pol va noprofessional ish», degan Lukashenko.
Belaruslik siyosatchi avvalroq Prigojinga uyushtirilgan suiqasdning oldini olganini ham iddao qildi.
«Oxirgi marta BAAga uchganimizda juda jiddiy manbalardan Prigojinga suiqasd tayyorlanayotgani haqida xabar oldim. Ikki soat ichida Rossiyaning BAAdagi elchisini topishni buyurdim va uni oldimga chaqirishdi. Elchiga Putinga va Bortnikovga berishi kerak bo‘lgan shifrogrammani yetkazdim», deydi u. Lukashenkoning iddao qilishicha, keyinchalik Prigojindan bu haqda xabar berishgani yoki yo‘qligi haqida so‘ragan, «Vagner» rahbari esa Putin uni suiqasddan xabardor qilganini tasdiqlagan.
Tverdagi halokatdan ikki oy avval, 23 iyun kuni Yevgeniy Prigojin Rostov oblastidan Moskva tomon «adolat marshi» uyushtirgan, poytaxt yaqinigacha deyarli hech qanday qarshiliksiz yetib borgandi. Lekin Moskvaga 200 km qolganida Prigojin aynan Aleksandr Lukashenko bilan gaplashgach, armiyasini ortga qaytargandi.
Kelishuvga ko‘ra, Prigojinga o‘z armiyasi bilan birga Belarusga ketishga ruxsat berilgandi. Rossiya va Belarus hukumati unga xavfsizlik kafolati taqdim etgan, hatto Rossiya FXX ochgan jinoiy ish yopib yuborilgandi. Kelishuvda vagnerchilar ta’qib qilinmasligi ham nazarda tutilgandi.
Mavzuga oid
13:30
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
23:26 / 09.11.2024
“G‘arbning geosiyosiy ochko‘zligi kelishmovchiliklar bosh sababi” – Putinning “Valday”dagi chiqishi
16:34 / 08.11.2024
Rossiya Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishini istaydi - Putin
14:31 / 08.11.2024