O‘zbekiston | 12:15 / 25.08.2023
74912
4 daqiqa o‘qiladi

Ishoqjon Begmatov imom-xatib vazifasidan ozod etildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi imom-xatibning turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan hissiyotga berilib qilgan keskin chiqishlari, ulamolar fatvolariga nisbatan ayrim teskari fikrlarini tanqid ostiga olgan.

Foto: islom.uz

Xalq orasida Ishoqjon domla deb tanilgan, Toshkentdagi «Imom Termiziy» jome masjidi imom-xatibi Ishoqjon Begmatov soliqlar va keshbek haqidagi chiqishi munozaralarga sabab bo‘lishi ortidan vazifasidan ozod etildi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ma’lum qildi.

25 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida Ichki nazorat komissiyasi tomonidan Ishoqjon Begmatovning tarmoqlardagi bir qator chiqishlari keng muhokama qilingan.

Ma’lum qilinishicha, komissiya a’zolari imom-xatibning turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan keskin chiqishlari, ulamolar fatvolariga nisbatan ayrim teskari fikrlari, ixtilofli masalalarni ko‘tarishi oqibatida, nizo va qarama-qarshiliklarga sabab bo‘lgani qattiq tanqid ostiga olgan.

«Ichki nazorat komissiyasi avval ham ushbu imom-xatibning mana shunday chiqishlarini bir necha bor ko‘rib chiqib, uni jiddiy ogohlantirgan edi. Afsuski, bunday holatlar yana takrorlanishda davom etdi. Yig‘ilishda I.Begmatovning mazkur chiqishlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi munosabatini mutlaqo ifoda etmasligi, balki uning o‘zbilarmonlik ila aytgan shaxsiy fikr-mulohazalari ekani ta’kidlandi.

I.Begmatov ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab bo‘lgan chiqishlarida jiddiy xatoga yo‘l qo‘yganini e’tirof etdi va pushaymonligini bildirdi. Ichki nazorat komissiyasi qaroriga asosan imom-xatib mazkur chiqishlarida ushbu yo‘nalishdagi buyruqlar talablari, ichki tartib-qoidalari hamda mehnat majburiyatlariga muntazam ravishda rioya etmagani uchun Ishoqjon Begmatov Toshkent shahridagi «Imom Termiziy» jome masjidi imom-xatibi vazifasidan ozod etildi», deyiladi idora xabarida.

24 avgust kuni ham diniy idora Ishoqjon Begmatovning soliqlar va keshbek ilovalaridan foydalanish to‘g‘risidagi chiqishi keskin munozaralarga sabab bo‘layotganini ta’kidlab, uning qarashlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi munosabatini mutlaqo ifoda etmasligini ta’kidlagan edi.

«O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi tomonidan ushbu faoliyat turi batafsil o‘rganilib, keshbek kabi ilovalar orqali kelib tushadigan mablag‘, mukofot yoki bonus joizligi haqida avvallari ikki marta fatvo berilgan. Bunda g‘arar (aldov) va ribo aralashmasligi shart qilingan.

Haqiqatan, soliq iqtisodiyot asoslaridan biri bo‘lib, ijtimoiy himoya, xayriya ishlari, bog‘cha, maktab, mudofaa kabi aholi uchun zarur obektlarni moliyalashtirish, shuningdek, yo‘l, ko‘prik va shifoxona singari ko‘pchilikka muhim inshootlarni qurish hamda pensiya, nafaqalar soliq tushumlari hisobidan amalga oshiriladi», — deyilgan Musulmonlar idorasining avvalgi bayonotida.

Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi diniy soha xodimlarini qonunchilik talablariga hurmat bilan yondashishga hamda xalq manfaati ko‘zlab amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni doim qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan.

Internetda tarmoqlarida tarqalgan videosida Ishoqjon Begmatov kelib tushgan savollardan biriga javob berish asnosida tadbirkorlar keshbek berishini majburiy qilib, qonun chiqarganlar do‘kon egalariga zulm o‘tkazyapti, deb hisoblagandi.

Joriy yilning may oyida ham mehnat muhojirlari haqidagi shov-shuv gaplari tufayli Shukrullo domla sifatida tanilgan Toshloq tumani bosh imomi va «Abu Hanifa» jome masjidi imom-xatibi Shukrullo Egamberdiyevga hayfsan berilgan va tuman bosh imomi vazifasidan ozod qilingan edi.

Mavzuga oid