Jahon | 08:00 / 27.08.2023
28849
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp qatnashmagan debatda millioner hind yutdi. U o‘zi kim?

Kelasi yil AQShdagi prezidentlik saylovida ishtirok etishni istayotgan respublikachi nomzodlar o‘rtasidagi ilk debatlarda kutilmagan natija ro‘y berib, kelib chiqishiga ko‘ra hindistonlik bo‘lgan millioner Vivek Ramasvali ustun keldi.

Respublikachilar debatlaridagi yagona ayol nomzod Nikki Heyli bo‘ldi, u o‘tmishda AQShning BMTdagi doimiy vakili lavozimida ishlagan. Foto: Reuters

G‘olibga sobiq prezident Donald Tramp munosib qarshilik qilishi mumkin edi, ammo Oq uy rahbarligiga qaytishiga ishonayotgan Tramp payshanba kuni Jorjiyadagi Fulton qamoqxonasida edi. Tergov hibsxonasida 20 daqiqa bo‘lganidan keyin sobiq prezidentga navbatdagi ayblov o‘qib eshittirildi.

Ishonchli g‘alaba

Debatlardagi butun birinchi raund davomida ustunlikka ega bo‘lgan Ramasvami boshqa respublikachilardan ajralib turgandi. Masalan, faoliyati davomida birorta saylovni yutqazmagan AQShning BMTdagi sobiq vakili Nikki Heylidan farqli o‘laroq Ramasvami hali hech bir saylovda ishtirok etmagan ham. Bundan tashqari, uning tan olishicha, AQShdagi oxirgi 4 ta prezidentlik saylovlarida hatto saylovchi sifatida ham qatnashmagan.

Kelib chiqishiga ko‘ra hindistonlik bo‘lgan nomzod debatlar davomida o‘zini respublikachilar siyosiy isteblishmentiga chaqiruv tashlayotgan autsayder sifatida ko‘rsatishga harakat qilishi tabiiy edi. U respublikachi nomzodlar orasida Ukrainaning NATOga kirishini qo‘llamaydigan va Moskvaga yerlarini berishi kerak deb hisoblaydigan yagona nomzod.

Ramasvami Meksika bilan chegarani doimiy armiya harbiylari qo‘riqlashi va AQSh kompaniyalariga Xitoy bilan hamkorlik qilishni taqiqlash kerakligi haqida radikal takliflarni ham ilgari surdi. Hozircha bunday chiqishlar uning foydasiga ishlamoqda. Ko‘pchilik debat davomida unda faqat Ramasvami qatnashayotgandek taassurot tuyganini aytgan.

Muhokamalar davomida Ramasvami raqiblarining bosimlarini oson yengib o‘tgan va ularning nomzod bo‘lishga intilishi samimiy ekaniga shubha bildirgan. Xususan, Nikki Heyliga Ukrainadagi urushga nisbatan pozitsiyasi keyinchalik harbiy ishlab chiqarish pudratchilari kengashidan joy olishni istayotgani bilan bog‘liq ekanini aytgan.

«Men bu sahnada hech kimdan pul olmaydigan yagona odamman», dedi nomzod va uning bu gapi qolgan raqobatchilarida keskin e’tirozlar uyg‘otdi.

U respublikachi nomzodlar orasida Ukrainaning NATOga kirishini qo‘llamaydigan va Moskvaga yerlarini berishi kerak deb hisoblaydigan yagona nomzod. Foto: Reuters

Ikki diplomli millioner

38 yoshli Vivek Ramasvami Ohayo shtatida hindistonlik muhojirlar oilasida tug‘ilgan. Ota-onasi uni hind odatlari bo‘yicha tarbiyalagan, lekin keyinchalik katolik maktabiga bergan. Harvardda biologiya bo‘yicha o‘qishni tamomlagan Ramasvami ta’limni davom ettiradi va Yyel universitetining huquq fakultetiga o‘qishga kiradi.

Ikkinchi ta’lim bilan birga investorlik faoliyatini olib borgan Ramasvami mo‘maygina pul ishlay boshlaydi. O‘zining aytishicha, o‘qish davomida bir necha million dollar pul topgan.

2014 yilda Roivant Sciences kompaniyasiga asos solib uni boshqaradi. Uning korxonasi yirik farmatsevtika kompaniyalaridan hali oxiriga yetmagan va to‘liq ishlab chiqilmagan preparatlar patentini sotib olib, shundan pul ishlaydi.

Ramasvami 2021 yilda direktorlar kengashidan ketadi. 2023 yilda Forbes Viven Ramasvamining boyligini 630 million dollarga baholagan.

Mavzuga oid