Kremldagilar 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida Putinga kimlar raqib bo‘lishini aniqlab olgan
Nomzodlarni saralashda asosiy mezon - yosh hisoblanadi.
RF prezidenti ma’muriyatining Sergey Kiriyenko boshqaruvidagi siyosiy bloki 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida Vladimir Putin bilan «raqobatlashadigan» «sparring-hamkorlar» vazifasini kimlar bajarishi bo‘yicha bir qarorga kelgan. «Meduza»ning Kremlga yaqin manbalariga ko‘ra, ularni saralashda asosiy mezonlardan biri yosh bo‘lgan. Unga ko‘ra, ro‘yxatga olinadigan nomzodlar orasida 50 yoshga chiqmagan siyosatchilar bo‘lmasligi kerak. Prezident administratsiyasi mulozimlari byulletenda yosh nomzodlar ham bo‘lishi rossiyaliklarni 70 yoshga chiqqan Putin — «endi hokimiyatga qattiq qo‘l bilan kelgan odam emas» deb o‘ylashga undashi mumkin, degan fikrda shu qarorga kelgan.
Ayni vaqtda prezident administratsiyasidagilar mo‘ljaliga ko‘ra, saylovlarda Putindan tashqari parlamentdagi uch partiya vakillari nomzod bo‘ladi: KPRF, LDPR va «Novyye lyudi» («Spravedlivaya Rossiya» partiyasi yetakchisi Sergey Mironov allaqachon uning partiyasi saylovda o‘z nomzodini ilgari surmasligi va Vladimir Putinni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan). Kreml KPRF partiyasidan Gennadiy Zyuganovni nomzod sifatida ko‘rmoqda. «Grudinin kabi [kommunistlar tomonidan 2018 yilgi saylovlarda nomzod sifatida ko‘rsatilgan biznesmen Pavel Grudinin] qora toychoqlar kerak emas. Zyuganov prezidentga yaxshi tanish, partiya yetakchisi sifatida maqomi bor, uning familiyasini har bir saylovchi biladi. Shu bilan birga, unda yuqori chegara bor — KPRFning azaliy elektorati, u yangi saylovchilarni jalb qilmaydi», — deya izohlagan nashrning prezident administratsiyasiga yaqin suhbatdoshi.
2008 yilgi prezidentlik saylovlarida Zyuganov 17 foiz ovoz olgan, 2012 yilda — 18 foiz. Bunday barqaror reyting Kreml uchun muhim — bo‘lajak saylovlarda Putin «rekord natija» qayd etishini ta’minlash rejalashtirilgan. Amaldagi prezident saylovdagi davomat 70 foizdan ortiq bo‘lgan holda 80 foizdan ortiq ovozga ega bo‘lishi kerak. Bunga esa nazariy jihatdan Grudinin bilan bo‘lgan voqea takrorlanishi xalaqit berishi mumkin — o‘shanda Kreml bilan kelishilgan nomzod reytingi kutilmaganda ko‘tarilib ketgan va administratsiya unga qarshi to‘laqonli qora piar kampaniyasi olib borishiga to‘g‘ri kelgandi. «Zyuganov bilan esa bunday ekssesslar (izdan chiqish) bo‘lmaydi», — deya ishonch bildirgan administratsiyaga yaqin suhbatdosh. Hozirda Zyuganovga ishonch reytingi 3 foizni («Levada-Tsentr» ma’lumoti) tashkil etadi, Kommunistik partiya reytingi esa — 10,2 foiz (VsIOM - Butunrossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi).
Kremldagilar LDPRdan partiya yetakchisi Leonid Slutskiy nomzod bo‘lishini istashmoqda. Manbaning so‘zlariga ko‘ra, Slutskiyning o‘zi ham saylovlarda qatnashishni istaydi, chunki u «piar qilishni yoqtiradi». LDPR partiyasi rahbariyatiga yaqin bo‘lgan manba bu ma’lumotni tasdiqlagan va Slutskiy «jamoatchilik qarshisiga chiqishni yoqtirishi» va «o‘z mashhurligini oshirish»ni istashini qo‘shimcha qilgan. Manba so‘zlariga ko‘ra, hozirda Slutskiy xuddi shu maqsadda regional saylovlarda partiya ro‘yxatini boshqarmoqda: «Uning fotosurati — partiya gazetalarining muqovalarida chiqmoqda, prezidentlik saylovlari paytida va debatlar paytida teleefirlar ham ko‘proq bo‘ladi».
Kremlning siyosiy blokka yaqin manbasi Slutskiyning nomzodi ilgari surilishi bilan bog‘liq vaziyatni quyidagicha ta’riflagan: «U to‘la mos keladi — jiddiy erkak, lavozimi bor, pidjakda yuradi. Hech kim buni sof spoyler deya olmaydi. Ammo Slutskiyning shaxsiy reytingi juda past, uning o‘zi esa kuchli siyosatchi emas…»
«Novyye lyudey» (NL) partiyasi bilan bog‘liq vaziyat esa murakkab. Kremldagilar partiyadan uning raisi, biznesmen Aleksey Nechayev nomzod bo‘lishini istashadi. «Bundagi mantiq ham Slutskiydagi kabi: pidjak kiygan jiddiy kishi, partiya namoyandasi, to‘g‘ri odam. Ammo taniqli emas va u qadar xarizmatik emas. Reytingi [oldinga] chiqib ketadigan va KPI (samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari) bo‘yicha Putinga tahdid soladigan darajada», — deya izohlagan manba.
Ammo Nechayevning o‘zi bilan bu rejani hozircha kelishishning imkoni bo‘lmagan. Kremlga yaqin manbalar ta’kidlashicha, u «ko‘p foiz olishga yo‘l qo‘yilmasligini tushunib turibdi, shu bilan birga arzimagan 2 foiz ovoz bilan Lesha bo‘lishni ham istamayapti».
«Nechayev 2026 yilgi Davlat dumasi uchun saylovlarda partiyasi kamida uchinchi o‘rinni egallashini istaydi. Prezidentlik saylovidagi past ko‘rsatkichi esa bu maqsadga erishishga to‘sqinlik qiladi deb o‘ylaydi», — deya izohlaydi manba.
«Meduza» suhbatdoshlariga ko‘ra, Nechayev o‘zining o‘rniga Davlat dumasi vitse-spikeri, hozirda Moskva merligi uchun nomzodini qo‘ygan Vladislav Davankovni taklif etmoqda. Ammo prezident administratsiyasini bu nomzod qoniqtirmaydi. Kreml Nechayevning o‘zi ishtirok etishini talab qilishda davom etmoqda, lekin Davankov ham — mutlaqo tizimli siyosatchi hisoblanadi:
«Gap yoshda. Davankov 39 yoshda, u piar qilishni yoqtiradi, omma oldida yaxshi chiqishlar qilishi ham mumkin. U katta foiz ololmasligi tushunarli, ammo yosh va faol nomzod saylovchilarni prezidentning yoshi haqida o‘ylashga majbur qilishi mumkin. Bu noqulay kontrast bo‘ladi. Gap [Putinning] saylovlardagi natijasi haqida emas, balki keyingi yillar haqida ketmoqda, u vaqtga borib Putin, albatta, yaxshi, ammo qandaydir yoshroq siyosatchi paydo bo‘lishi mavridi kelmadimi, degan fikrlar paydo bo‘ladi. Yosh nomzodlar ishtiroki esa ana shunday fikrlarga turki bo‘lishi mumkin», deydi manba.
Russian Field kompaniyasi shu yil may oyida o‘tkazgan so‘rovlarga ko‘ra, rossiyaliklarga amaldagi prezidentdagi qaysi jihat yoqmasligi haqidagi savolga eng ko‘p berilgan javoblar uchligida yosh masalasi ham bor — bundan yuqoriroqda Putinning «yumshoqligi» (bunda nima nazarda tutilgani — mutlaqo tushunarsiz) va uning mamlakat ichki ishlariga e’tiborsizligi haqidagi javoblar joylashgan.
«Meduza»ga intervyu bergan hududiy mulozimlar va yedinorosslar ham so‘nggi yillarda rossiyaliklarni chindan ham Putinning yoshi tashvishga sola boshlaganini tasdiqlagan. «Voris haqida o‘ylash vaqti kelmadimi, balki dam olish vaqti kelgandir, yangi qarashlar kerakdir?» — deya aholi vakillarining savollarini sanaydi hududlardagi yuqori martabali yedinorosslardan biri.
Mulozimlarning o‘zlari ham Putinga yetmish yoshga chiqqanidan keyin boshqacha ko‘z bilan qaray boshlagan. «Meduza»ning amaldorlar, yedinorosslar, hokimiyatga sodiq biznesmenlar va polittexnologlar orasidagi suhbatdoshlari avvallari amaldagi prezidentni «birinchi», «boshliq», «oliymaqom» yoki «ota» deb atagan bo‘lishsa, endi uni ko‘proq «boboy» deb atay boshlashgan. Kremlga yaqin suhbatdoshlardan biri buning sababi so‘ralganida shunday javob qaytargan: «Boboymi, boboy-da, bunda salbiy ma’no yo‘q. Uning yoshi shunaqa».
Mavzuga oid
12:21
Putin: Rossiya jangda «Oreshnik» raketasini sinovdan o‘tkazishda davom etadi
23:44 / 22.11.2024
Putin «Oreshnik» raketalari qurollanishga qabul qilinishi va seriyali ishlab chiqarilishini e’lon qildi
21:54 / 22.11.2024
«Krepkiy oreshnik»: Putin tutib qolish imkonsiz ekanini aytgan yangi raketa haqida nimalar ma’lum?
23:01 / 21.11.2024