Jamiyat | 13:40 / 28.08.2023
57306
14 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek muhojirining 12 yoshli o‘g‘li qanday qilib dunyoning eng aqlli odamlari ro‘yxatiga kirdi? – eksklyuziv intervyu

12 yoshli Yusuf 2023 yilning iyun oyida Mensa testidan 162 ball olib, dunyoning eng aqlli odamlari ro‘yxatiga kirdi. Uning otasi Abdurahmon Azimov oilasi bilan Buyuk Britaniyada yashaydi. “O‘g‘limiz 1 yoshida to‘liq gapirib, 3 yoshidan inglizcha kitoblarni mustaqil o‘qiy olardi”, deydi Yusufning otasi.

Yusufning otasi Abdurahmon Azimov asli toshkentlik bo‘lib, 2004 yilda o‘qish uchun Buyuk Britaniyaga ketgan. Hozir oilasi bilan Londonda yashaydi. U bilan Yusufning noyob qobiliyati, o‘g‘lining qanday qilib dunyoning eng aqlli kishilari jamiyatidan o‘rin olgani haqida suhbatlashdik.

– Abdurahmon aka, Buyuk Britaniyada 20 yildan beri yashaysiz. O‘zbekistondan ketishingiz va Britaniyada qolishingizga nima sabab bo‘lgan?

– O‘zim Toshkentda, Ko‘kchada tug‘ilib o‘sganman. Maktabni bitirib, Islom universitetining Xalqaro iqtisodiy aloqalar fakultetida o‘qidim. 2004 yilda o‘qishni tugatmay, Angliyaga ketganman. Angliyada ingliz tili va IT'ni kichikroq kollejda o‘qib, bakalavrni biznes boshqaruvi yo‘nalishida Vestminster universitetida o‘qidim. Shundan so‘ng dasturlash, veb-saytlar yaratishni o‘rgandim. Keyin esa Kembrijda raqamli biznes sohasida ham o‘qidim. Oxirgi 3-4 yilda blokcheyn texnologiyasi rivojlana boshladi. Hozir shu sohaga qiziqib yuribman. Shu yo‘nalishda Oksford universitetiga hujjat topshirdim, nasib etsa, u yerni ham bitirib olaman. Oilam bilan Londonda yashaymiz. 3 farzandim bor. Ayolim polshalik, polyak millatiga mansub. U bilan Angliyada birga ishlab tanishib qolganmiz. To‘yimiz ham o‘sha yerda bo‘lgan. Katta o‘g‘lim Yusuf 12 yoshda, keyingisi Yoqub 10 yoshda, kichkina qizim Sara 7 yoshda.

– O‘g‘lingiz Yusuf Mensa testlarida eng yuqori natija – 162 ball olib, dunyoning eng aqlli kishilari ro‘yxatiga kirdi. Mensa jamiyati haqida ma’lumot bera olasizmi?

– Mensa intellektual kishilar jamiyati har doim yuqori intellektga ega bo‘lganlarni aniqlash uchun testlar o‘tkazib boradi. Har bir odam bu testlarni 18 yoshgacha bo‘lgan davrda bir marta va 18 yoshdan keyin bir marta topshira oladi, xolos. Bu testlar butun dunyoda bir xil bo‘ladi. Savollar shunday bo‘ladiki, berilgan variantlarning hammasi to‘g‘ri bo‘lishi mumkin, lekin tanlangan variantlarga qarab intellektning qay darajada ekanini aniqlashadi. 18 yoshdan kattalar uchun beriladigan ball 161, 18 yoshdan kichiklar uchun esa 162 ball.

Bu jamiyat haqida bir necha yil oldin eshitgandim. Telegram tarmog‘i yaratilgan paytda Durov haqida o‘qiyotganimda Mensa jamiyati a’zosi degan joyiga e’tibor berganman. Shunday keyin o‘zim ham bir test topshirib ko‘rishim kerak deb o‘ylab yurardim. Farzandli bo‘lgach, doim, farzandim topshirib ko‘rsa, qanday bo‘larkan, degan qiziqish bo‘lgan.

2023 yilda o‘g‘lim Yusuf bilan birga test topshirdik, meniki hali javobi chiqmadi. Lekin o‘g‘limniki 162 ball chiqdi.

– Yusufdagi yuqori aqliy qobiliyatni qachon va qanday payqagansizlar?

– Yusuf bir yoshidan gapirib boshlagan, 3 yoshida inglizcha kitoblarni bemalol o‘qirdi. Boshqa bolalarga o‘xshab sho‘xlik qilib, o‘ynab, to‘polon qilmasdi. Asosan kitob o‘qirdi, bog‘cha opalari ham shunday derdi. Doim savollar berardi, ko‘p narsaga qiziqardi. O‘sha davrdan potensial borligini sezganmiz va yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib darajasini ko‘tarishimiz mumkinligini bilganmiz. Maktabga chiqqan paytida ham tengdoshlaridan ancha ilgarilab ketgandi, o‘qituvchilari ham aytardi. 2-3 yoshligidayoq iqtidori borligini sezganmiz. Shundan so‘ng faqat kitoblar olib berganmiz. Onasi ham chaqaloq paytidan boshlab kitob o‘qib berishni boshlagandi.

Yusuf kichikroq payti kuniga 100 betgacha kitob o‘qirdi, hozir 500-600 betgacha ham o‘qiydi. Toshkentga kelganimizda ham bir tun uyqusi qochib 4 ta kitobni tugatibdi. Angliyada kitoblar alohida yoshlarga mo‘ljallangan bo‘ladi, o‘g‘lim ham o‘zining yoshiga mos kitoblarni o‘qiydi.

Yusuf yoshligidan aytgan narsamizni birdan tushunib olib, yodlab ham qolardi. Bir mavzuni qayta gapirishga hojat yo‘q edi, bir necha yildan keyin so‘rasangiz ham, o‘sha narsani biladi. O‘qigan kitoblarining qahramonlari, syujyeti, muallifini eslab qoladi. Hozirgacha 800 tacha kitob o‘qib tugatgan. Odamlar hayotini saqlab qolish, imkon qadar umrini uzaytirish kabilarga ham qiziqadi, shuning uchun tibbiyot sohasida ketar deb ham o‘ylaganmiz. Kichkinaligidan raketalar yasash, har xil mexanik qurilmalarga ham qiziqadi. 3-4 yoshligida temir-tersaklar uyumidan raketa uchun kerakli temirlarni izlab topib, shakllarni yaxshi ajratardi. 3Dʼga ham qiziqdi, keyin esa sonlarga qiziqa boshladi, juda katta sonlarni ham yodlab o‘tirardi. Shular sabab aniq fanlarga ko‘proq qiziqadi degan fikrga kelganmiz.

– Mensa testidan necha ball olishini taxmin qilgansizlar?

– Testdan yuqori ball olishini ota-ona sifatida kutganmiz, albatta. 132 balldan yuqori olganlarga jamiyat a’zoligi beriladi. Shu balldan yuqori olishini kutib yurganmiz, lekin 162 ball olishini kutmaganmiz, to‘g‘risi. Albert Eynshteynning IQ darajasi 160, Hokingniki 161 bo‘lgan deyiladi. O‘g‘limiz ham shu darajada bo‘ladi deb o‘ylamaganmiz.

– Bolalar odatda ko‘p savol berishadi. Yusufning ko‘p narsaga qiziqishini hisobga olsak, u oddiy bolalardan ko‘ra ko‘proq savol bersa kerak. Bolangizning ko‘p savol berishiga qanchalik toqatlisizlar?

– Oilamizda bolaga ko‘p savol berma, degan gap yo‘q. Doim savollariga javob berishga harakat qilamiz. O‘zimiz ham bilmagan narsa bo‘lsa, o‘qib-o‘rganib, qiziqarliroq qilib aytib berishga harakat qilardik. Javoblarga qo‘shimchalar qilishga harakat qilganmiz. Ayolim psixolog bo‘lgani uchun o‘smirlarning psixologiyasiga ham juda qiziqadi. Kitoblardan o‘qib, o‘rganib, bolalarimizga shunga ko‘ra muomala qilamiz. Bolalarning o‘zini tutishiga qarab qaysi garmoni kamayib, ko‘payganini nazorat qilib, shunga qarab vitaminlarini beramiz. Ayolim bilan maslahatlashib bolalarim holatini tushunishga harakat qilamiz, bilmaganlarimizni bir-birimizga aytamiz.

– Kitob o‘qishni istamaydigan bolalarning ota-onalariga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?

– Ota-onalar bolam o‘zi o‘qimaydi, deyishi noto‘g‘ri, menimcha. Vaqtliroq qiziqtirishmagandir, balki. Masalan, biz boshlanishida uxlashidan oldin 5-10 bet kitob o‘qib berganmiz. Bola qiziqmayotgan bo‘lsa, u mavzuga tushunmayotgandir, zerikarli tuyulayotgandir. Bola bilan kitobdagi narsalar qo‘shimchalar bilan tahlil qilinsa, u qiziqib qolishi ehtimoli katta. Bola qiziqadigan yo‘nalishdagi kitoblarni topish kerak. O‘zbekistonda kamroqdir, bilmadim, lekin Angliyada tanlov imkoni katta, bemalol topsa bo‘ladi. Bitta kitob sal zerikarliroq bo‘lsa, boshqa kichikroq va qiziqrog‘idan olib beramiz. O‘qib bo‘lgach, qanaqadir rag‘batlantiramiz.

Bola umuman kitob o‘qimayotgan bo‘lsa, demak, uning boshqa qiziqishi bor. Baribir energiyasini nimagadir sarflamoqchi bo‘ladi. Biz ham Yusufdan nimaga qiziqayotganini so‘rasak, bilmaydi, chunki hali o‘rganib ko‘rmagan sohalari ko‘p. Bir necha yillar oldin vaqt mashinasi yarataman deb yurardi, chunki yaqinlarimiz o‘lishidan qo‘rqardi. Yoshlik eliksiri topishga qiziqib ko‘rdi, qora sedanani ham o‘rganib ko‘rdi. Yondosh olamlarni o‘rgana boshladi, o‘sha olamlar bilan muloqot qilish mumkinmikan, deb o‘rganib ko‘rdi. Bunday qiziqishlari ko‘p bo‘lgan, bu ham o‘qiyotgan kitoblari bilan bog‘liq bo‘ladi.

Odamlarimiz bolani kitob o‘qishga qiziqtirishi kerak. Va o‘sha o‘qigan narsalaridan kerakli ma’lumotlarni olishni o‘rgatishi lozim. Bola hammasiga tushunmasligi mumkin, shuning uchun o‘sha mavzuni bola bilan muhokama qilib yetkazib berish, boshqa tomonlardan qarab ko‘rish kerak. Shunda bolada tahlil qilish qobiliyati ham rivojlanadi. Yosh bola kitob o‘qishni bilmaydi deb o‘tirish kerakmas. Bola kitobni tushunmasa ham, qaramasa ham, o‘shani oldiga qo‘yib foydali narsa ekanini singdirib borish kerak.

– Juda an’anaviy savol bo‘lsa ham so‘ramoqchiman: gadjetlardan bolalarni uzib qo‘yishni to‘g‘ri deb o‘ylaysizmi?

– Biz ham bolalarimizga 3-4 yoshidan planshetlar bera boshlaganmiz. Lekin foydali bo‘lgan, faqat biror nimani o‘rganish maqsadida berganmiz. Deylik, YouTubeʼdan video qo‘yib bersak ham, bolalar uchun mo‘ljallangan alohida ilovasidan qo‘yganmiz, o‘zimiz ham nazorat qilib turganmiz. YouTubeʼdagi kanallar, boshqa platformalarning asosiy vazifasi — ko‘proq vaqtni olib, reklama berish. Ota-onalar mana shunga qarshi kurashishi kerak. Bolaga berilayotgan narsalarni filtrlash, vaqt bo‘yicha cheklovlar o‘rnatish lozim. Chunki bola hali bilmaydi, bir narsaga qiziqib qolsa, o‘sha narsaga berilib ketadi.

Yaqinda tug‘ilgan kunida Yusufga telefon olib berdik. Telefon unga uzoq maktabga qatnashi uchun ham kerak bo‘ladi. Lekin telefoniga qaramaydi, cho‘ntagidan chiqarmaydi ham. Telefonining quvvatiga ham biz qarab turamiz, o‘zi ahamiyat bermaydi. Faqat biz bilan gaplashish uchun ishlatadi. Ba’zida iPadʼida o‘yin o‘ynaganda ham nazorat qilib turamiz. Sal ko‘proq o‘ynab yuborsa, o‘zi o‘yin uchun ketgan vaqtiga achinadi. O‘zi uchun chegara qo‘ya oladi, shuning uchun bizga ham oson bo‘ladi.

Ota-onalar telefon o‘rniga bola nimadir o‘rganadigan qiziqarli narsalar bersa va o‘shandan savollar bersa, muhokama qilsa, bola e’tibori shunga qaratiladi. Biz ovqatlanib o‘tirganimizda ham oilaviy intellektual o‘yinlar o‘ynaymiz, deylik, davlatlar poytaxtini topishni o‘ynaymiz, bayroqlar haqida, qit’alardagi davlatlar haqida gaplashamiz, xotirani mustahkamlovchi har xil so‘z o‘yinlari ham o‘ynaymiz. Ba’zi payt charchab esimizdan chiqib qolsa, bolalarning o‘zi o‘ynaylik deb so‘raydi. Biz o‘yindan chiqsak, o‘zlari o‘yinni davom ettirishadi.

– Bolalaringizni qanday jazolaysiz va rag‘batlantirasizlar?

– Biror bir sho‘xlik qilib qo‘ysa, kitob o‘qish vaqtini 10-15 daqiqaga qisqartiramiz. Og‘ir jazomiz shu. Lekin shunda ham ko‘proq o‘qiy deb biz bilan kelishishga harakat qiladi.

Rag‘batlantirishga kelsak, bolasi nimadir natijaga erishsa, ota-ona o‘sha narsani ko‘rganini, bolasiga tan berganini, xursandligini bildirishi kerak. Bolalarni jazolab emas, rag‘batlantirib tarbiyalash ancha yaxshi natija beradi. Lekin pul bilan rag‘batlantirmaymiz. Deylik, maktabda qanaqadir testlardan yaxshi o‘tsa, uyimizda kinoteatr tashkillashtirib, kechqurun kino ko‘ramiz. Rag‘batlantirish – oilaviy yaxshi vaqt o‘tkazish bilan ham bo‘ladi, bolalarimiz ham shuni istashadi. Ta’til paytlarida turli davlatlarga borib, har xil joylarni ko‘rsatishga harakat qilamiz.

Bundan tashqari, rag‘batlantirish uchun cheklangan miqdorda uchalasiga pul beramiz. Do‘konga kirib istalgan narsasini olishi mumkinligini aytamiz. Shunda o‘zlari uchun nimadir olishadi yoki uchalasi pulini qo‘shib birgalikda o‘ynash uchun biror nima olishadi. Bu orqali moliyaviy madaniyati ham shakllanadi, yaqinlarini eshitish, ularning manfaatini o‘ylash ham paydo bo‘ladi.

Bolalar oldida moliyaviy masalalarni muhokama qilmaymiz. Chunki bular hali bunaqa narsalarni o‘ylashi kerakmas. Suhbatlarda katta bo‘lganingda pul uchunmas, o‘zing uchun ishla, deb aytib turamiz. Qaysi sohaga qiziqsa, shu bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lishi kerakligini, pul masalalari keyinchalik bo‘lishini uqtiramiz. Yaxshi mutaxassis bo‘lsa, pul hech qanday muammo bo‘lmasligini bolalar bilishi kerak. Boshqalar va o‘z manfaatim uchun ishlayman degan fikr bo‘lishi kerak deb o‘ylaymiz.

– Bolani biror sohaga qiziqtirishni nimadan va qanday boshlagan ma’qul?

– Yusuf ham har xil sohalarga qiziqib ko‘radi. Har doim bir mavzuni ochganda erinmasdan suhbatlashamiz. Biror mavzuga qiziqtirishdan oldin, o‘zim ham ba’zi kitoblarni o‘qib chiqaman, keyin shularni o‘rganib ko‘r, degan tavsiya beraman. Chunki Yusufning mulohaza qilishi, tushunishi boshqacha, men o‘ylamagan tomonlarni o‘ylab, nimalarnidir kashf qilar, muammoni yechar deb o‘ylayman. Umuman, formal tarzda o‘rgatib, hamma narsaga bir qiziqtirib ko‘rishga harakat qilamiz.

Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustalari – Abdusalim Abduvohidov, Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid