O‘zbekiston | 10:48 / 28.08.2023
17894
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning eng baland nuqtasi joylashgan yer - Hisor qo‘riqxonasi | Manzil

Dengiz sathidan 3 ming metr balandlikda joylashgan Amir Temur g‘ori «Manzil» loyihasining navbatdagi manzili bo‘ldi.

Amir Temur g‘ori Hisor davlat qo‘riqxonasi hududida joylashgan. Bu qo‘riqxona hududida O‘zbekistonning eng yuqori nuqtasi Hazrati Sulton cho‘qqisi joylashgan. Uning dengiz sathidan balandligi 4387 metr. Qo‘riqxona maydoni 80986 gektarni tashkil etadi. Qo‘riqxona hududidagi daryolarning asosiy suv manbai katta hududni egallagan muzliklar bo‘lib, elarning maydoni esa 3155 gektar.

Bu hududning hayvonot dunyosi ham o‘ziga xos. Umurtqali hayvonlarning 276 turi mavjud. Sut emizuvchilarning esa 32 turi yashaydi. Ular orasida Ilvirs qor qoploni, Qo‘ng‘ir ayiq, Turkiston silovsini, O‘rta Osiyo qunduzi,Jayra, Sibir tog‘ echkisi, bo‘ri, tulki va ko‘plab hayvonlarni uchratish mumkin.

Amerikadagi Grand kanyonlar ko‘pchilikka yaxshi tanish. Kanyonlarning landshaft, tabiat va atmosfera Amir Temur g‘ori joylashgan Qal’ali Sheron, ya’ni sherlar darasida takrorlanadi. Ming marta gapirgandan bir marta ko‘rgan afzal degandek, ko‘rsatuvni tomosha qilib bunga amin bo‘lish mumkin.

Ushbu ko‘rsatuv O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda tayyorlandi.

Tohirjon Tursunov,
Kun.uz'ning “Manzil” loyihasi uchun maxsus

Mavzuga oid