Propagandachiga aylangan iste’dod. Nikita Mixalkovning tanlovi haqida
Publitsist Iqbol Qo‘shshayeva Rossiya tashviqot vositalaridan biriga aylangan «Besogon TV» va uning muallifi, o‘tmishda iste’dodli aktyor va rejissyor bo‘lgan, «Oskar» mukofotini qo‘lga kiritgan Nikita Mixalkov haqidagi fikrlarini bildirdi.
Men eng ko‘p qo‘rqadigan narsa — madaniy tildagi siyosiy targ‘ibot. Bu o‘ta dahshatli qurol. Odamlarning ma’naviy-axloqiy hissiy holatiga ta’sir etuvchi tajovuzkor tashviqotdan-da halokatli kuch yo‘q. Propaganda davlatning o‘z xalqiga qilgan yovuz jinoyatidan boshqa narsa emas. Tashviqot standartlarini qo‘llaydigan qurilmaga aylanib qolgan hukumatning yagona maqsadi — muammolarni bartaraf etishga chog‘langan odamlarni o‘z maslagidan chalg‘itishdir.
Aleksandr Sokurov, kinorejissyor, Rossiya xalq artisti.
Nega Yevropa deyishsa odamlar to‘tiqushdek faqat bir illatni gapiradi? Demokratiya, inson haq-huquqlari tushunchasi qachondan boshlab axloqsizlikka teng bo‘lib qoldi? Nima uchun yurt ozodligini, mustaqilligini asrashni o‘ylamasdan nuqul qaysidir davlatga qaramlik haqidagi ta’kidlar, hatto orzular kuchaydi? Qachondan boshlab najotni o‘zimizdan emas, o‘zgalardan izlaydigan bo‘lib qoldik? Vatan manfaati bilan bir hovuch guruh manfaati o‘rtasidagi tafovutni nega ilg‘ay olmayapmiz? Nima uchun so‘zlashuv lug‘atimizda «o‘ttizinchi yillar»ning sovuqdan sovuq iboralari — «vatan xoini», «xalq dushmani», «xorijiy agent» kabi jumlalar yana qayta tirildi? Nega xalq zolim mustabidlarga mubtalo bo‘ladi? O‘zini qon qaqshatgan qo‘llarni sevadi?
Borgan sari miyamizdagi zanjirlarning shaqir-shuqur shovqini kuchayib borayotgandek. O‘zbekiston OAVdagi uzoq yillik qattiq senzura, zerikarli yakranglik sabab xalqimiz o‘zga davlat markaziy televideniyesining chin muxlisiga aylandi. Davlat o‘z qo‘li, o‘z ixtiyori bilan xalqini g‘oyaviy jihatdan xavfli davlat mafkurasi izniga topshirib qo‘yganini, mayda-ichki siyosiy ambitsiyalar tufayli katta siyosatda yutqazayotganini sezmay qoldi.
Naryoqdagilar suhbatlarning «sultoni» g‘iybatni shou san’atiga ko‘chirishni qoyillatardi. Bora-bora odamlarning individual istaklari, shaxsiy tanlovlari, parda orti sirlariga bandi izdihom «biz siyosatni tushunmaymiz», «kattalar nima qilayotganini o‘zi yaxshi biladi» degan dogmada qotdi qoldi. Darvoqe, u shoularda noodatiy hayot tarzi haqidagi gaplar ham sizdirilar, bahonada ustamonlik bilan G‘arb dunyosi tomon shag‘alcha otib qo‘yilardi. Bora-bora o‘sha shag‘alcha xarsang toshga, xarsang tosh esa raketayu tanklarga aylandi.
Esimda, 2015 yilda Andrey Malaxovning ko‘rsatuviga SSSR xalq artisti Malika Kalandarova endilikda qiz bola andomiga kirgan «o‘g‘li» bilan ishtirok etdi. Tojikistonlik mashhur raqqosa uzoq yillar oldin oilasi bilan Amerikaga ko‘chib ketgandi. Uning o‘g‘li hayotidagi eng ziddiyatli, qaltis qarorni o‘sha yerda qabul qiladi. Qissadan hissa shuki, tuppa-tuzuk sharqning bolasi G‘arbga borib ayniydi! Osongina chiqarilgan bunday xulosaning oldida kalandarovalar oilasining kulfati atrofida aylanayotgan gap-so‘zlar bir pul. Albatta, o‘z ishining ustasi bo‘lgan Malaxov hech qachon hukmfarmo ta’kid ohangida gapirmaydi, u kasb etikasi hadisini olgan jurnalist. Lekin tomoshabinning o‘zi shu fikrga emaklab kelishi uchun darcha ochib qo‘yadi.
Nafs bor joyda jinoyat bor, nafas bor joyda jaholat bor, odam bor joyda xatoliklar bor, go‘zallik bor joyda shayton hasadi bor. Inson mukammal mavjudot emas. U bilan bog‘liq muammolar nihoyasiz mavzulardir. Uzr, maishiy-axloqiy masalalardan butkul ko‘z yumish kerak demayman. Lekin unutmasligimiz kerakki, «jaholat sassig‘iga» qayta-qayta bosh bilan botaverish boshsiz odamlar jamiyatini vujudga keltiradi. Razolat haqida tinimsiz gapiraverish odamzotning razolatga qarshi immunitetini o‘ldirib, diydasini qotiradi.
«Biz hal etib bo‘lmas ziddiyatlar dunyosida yashayapmiz, shuning uchun ham men propagandaning o‘rnini butkul inkor eta olmayman. Biroq bugungi zamonaviy tashviqotning mudhish jinoyati uning tajovuzkorligida, boshqa millatlar tilini, tarixini yo‘q qilishga qaratilganidadir. O‘zgalar ham o‘z madaniyatini himoya qilishga haqqi bor ekani unutilyapti. Hatto o‘g‘li qamalgan, eri o‘ldirilgan Anna Axmatova urush boshlanganda «Seni saqlaymiz, rus tili, bir zum – Unutmaymiz, bu so‘z ulug‘, boy» deb go‘yo rus tili himoyasiga otlanadi. «Buyuk rus tili», «buyuk rus dunyosi» tushunchasi — ulkan xatomizdir.
Yevgeniy Jarinov, adabiyotshunos, professor.
Men Andrey Malaxov, Dmitriy Kiselyov, Tigran Keosayan, Margarita Simonyan, Vladimir Solovyov va Olga Skabeyeva kabilarning targ‘ibotchilik salohiyati haqida gapirmoqchi emasman. Ayniqsa, Solovyov va Skabeyevani tanib olish u qadar qiyin emas. Ularning ohangidagi shiddat, jazavada aytilgan biri-biriga zid gaplar mag‘zini chaqish uchun katta aql, nozik farosatga hojat ham yo‘q. Masalan, Solovyov bir chiqishida «er yigit uchun eng katta baxt — Vatani uchun jonini fido etmoqdir» desa, ikkinchisida «nega mening o‘g‘lim urushga borishi kerak, u harom o‘lib ketish uchun tug‘ilmagan-ku» deb baqiradi...
Lekin ular safining eng oldida mayin tabassumli, ziyoli yuzli, aqlli ko‘zli bir dono bobo bor... Hammaga birdek qadrdon bu bashang zot ovozlarini ko‘taravermaydilar. Bir qaraganda gaplarining ega-kesimi ham joy-joyida, donolar donosi deysiz. Aynan shu kishining Youtube platformasiga joylashtirilgan «BesogonTV» mualliflik dasturiga bizning hamyurtlarimiz izohlar yozib turishadi. «Staryye dobryye vremena»ni qo‘msatganlari uchun ko‘zyoshlar ila entika-entika rahmatlar aytadilar.
Ha, gap mashhuri zamon Nikita Sergeyevich Mixalkov haqida ketyapti.
Nikita Sergeyevich rusning dunyo tan olgan rejissyori edi. Edi! Kinodagi oliy mukofot — «Oskar»ning sovrindori 2022 yilning iyunida Kremlning oliy mukofoti «Mehnat qahramoni» ordeni sohibiga aylandi. Birgina «Besogon» misolida patriotlik yo‘lidagi jonbozligi uchun hukumat tomonidan munosib taqdirlandi.
Uning ijodidan menga eng ko‘p ta’sir qilgani «Oblomov hayotidan bir necha kun» filmidir. Rejissyor aynan o‘sha filmida yurak atmosferasini yarata olgan. Qalb iqlimi nimaligini ko‘rish mumkin. Ortiqcha pafoslarsiz, samimiy iztirob bilan rus qalbi bor tarovati, injaliklari bilan chiqib keladi. Rusning bepoyon dalalari, ko‘m-ko‘k daraxt barglari shitir-shitiri muallif o‘z Vatanini ichkin muhabbat bilan sevishidan darak berardi. Bora-bora o‘sha ichkin, samimiy tuyg‘ular uning ham ijodiy, ham ijtimoiy faoliyatida tajovuzkorona tus olib «buyuk rus» g‘oyasiga evrila boradi. «Oblomov»dagi shoirona ichkinlik g‘urur-iftixor shamoyilida mana-men deb yuzaga qalqib chiqdi, shikastadil hassoslik publitsistik jo‘shqin pafosga ko‘chdi. O‘z tuprog‘ini, tarixini sevadigan jo‘mard yigit samimiyati esa siyosiy da’volarga aylandi. Xullas, Nikita Mixalkov ma’naviy hodisasining evolyutsiyasi tadrijiy o‘sishdan tanazzul tomon tinimsiz odim otmoqda. Ha, mudom bola bo‘lib qolgan Oblomov uning dunyosini butkul tark etdi.
Possovet respublikalarining bugungi avlodi kinorejissyor Nikita Mixalkovdan ko‘ra Nikita Besogonni ko‘proq tanishadi. Deyarli har kun «Nikita Besogon» bo‘lib rusiyzabon oilalarga tashrif buyuradilar. Uning oxirgi o‘n-o‘n besh yil davomida olgan filmlari sarflagan xarajatini umuman oqlay olmadi. Ya’ni mixalkovcha mafkura ufurib turgan filmlar o‘z tomoshabinini topa olmadi. Aytmoqchi, uning otameros noyob qobiliyati bor. U hukumat nima xohlayotganini hissiy bilag‘onlik bilan oldindan ilg‘ay oladi. Davlat istagi bilan o‘z maslagini bitta oqimda, bir maromda suzdirishni do‘ndiradi. Mixalkovdagi aynan shu salohiyat uni «buyuk rus dunyosi»ning katta tashviqotchisiga, xalqlar ongini manipulyatsiya qilishga qodir voizga aylantirdi.
«Vatanparvarlik yo‘lida buyruq bilan bajariladigan qahramonlik, behuda zo‘ravonlik va shularga o‘xshash jirkanch harakatlarning uyg‘unligidan qattiq nafratlanaman. Bunday qabihlikda ishtirok etishdan ko‘ra o‘zimni burda-burda qilib tashlashlariga rozi bo‘lardim. Urushni nafrat, razolat, qabihlik deb bilaman. Xalqlarning sog‘lom fikri tizimli tashkil etilgan targ‘ibot bilan bo‘g‘ilmaganida edi – urush va kelishmovchiliklarning razil ko‘lankasi allaqachon yo‘qolib ketgan bo‘lardi».
Albert EYNShTeYN
Dastur odatda ish kabinetida yoziladi. Rejissyor aylanma kursisining orqa fonida oqish-sarg‘ish tusli to‘rt telefonga ko‘zimiz tushadi, ulardan bittasi, oqishrog‘i ajralib turadi. Bir nechta ikonalarni ko‘ramiz. O‘ng qo‘l tomonidagi deraza tokchasida besh byust saf tortib turibdi. Ularning qaddu-basti rusning shonli imperatorlarini, harbiy sarkardalarini eslatadi. Ish stolida yon daftar-u qog‘ozlar. Albatta, uning ustida Rossiya Federatsiyasining mo‘’jazgina bayrog‘i qo‘r to‘kib turibdi. Xona intererining o‘zi ko‘rsatuv muallifining to‘laqonli obrazini gavdalantirib beradi. Kinoda hech bir detal o‘rinsiz qo‘yilmaganidek, biz sanagan buyumlarning ham har birining o‘z vazifasi bor, ular tashviqotchining aniq maqsadiga yo‘naltirilgan.
Rossiya imperiyasi tarixiy arboblarining haykalchalari — uning o‘tmishi shonli, buguni sharafli qudratli davlat miqyosidagi shaxs ekaniga ishora;
Bayroq — buyuk Rossiyaning jonfido vatanparvari;
Qog‘ozlar-u yondaftar — mutafakkir ijodkorligidan dalolat;
Orqada tizilib turgan bir turdagi telefonlar — san’at arbobining bevosita hukumatga daxldor xos odamligidan, ya’ni o‘zi aytmoqchi elitaning sara vakili ekanidan darak beradi;
Ikonalar — rus pravoslavi an’analariga sodiq mo‘tabar siymoligini ko‘z-ko‘zlaydi.
Mixalkov filmlarida foydalanilgan Eduard Artyomovning musiqalari ko‘rsatuvning «tashrif qog‘ozi»ga, ma’naviy pasportiga aylantirilgan. Kuyning mo‘jizaviy sehri, qudrati ta’sirida yomonlik bilan yaxshilikning sarhadlari buziladi, yovuzlik bilan ezgulikning mezonlari kuyib kulga aylanadi. Birgina «BesogonTV»ning o‘zi aynan musiqa yordamida propagandachilar odamlarning hissiyoti bilan qanday o‘ynashi, ular ongini qay yo‘l bilan boshqarishi borasidagi tadqiqotga jiddiygina manba bo‘la oladi. Qizig‘i, keyingi paytlar Rossiya markaziy televideniyesining informatsion dasturlari ham jurnalistikadagi oltin qoidadan chekinishyapti, ma’lumotlarni musiqa fonida sizdirishga urinishlar bor. Chunki bu jarayonda xolislik yo‘qoladi. Bizning aqlimiz yetgan narsaga ularning aqli yetmaydimi? Yo‘q, kechirasiz. Juda yaxshi bilishadi. Bilgani uchun ham musiqiy bezaklardan unumli foydalanishadi!
«Besogon»ning bir necha sonlarini ko‘rish davomida chiqargan xulosalarim:
1. Aniq maqsadni ko‘zlagan tashviqotchi ikkinchi muqobil haqiqatga o‘rin qoldirmaydi.
2. Totalitar propaganda — axloq himoyasi shiori ostida axloqsizlikni targ‘ib etadi. «BesogonTV»ning deyarli har sonida LGBT haqida, g‘ayriinsoniy hayot tarzi haqida gapiriladi, odam tuban tushishi mumkinligining ko‘p qirralari ko‘rsatiladi. Dunyo xayolingga ham kelmaydigan illatlarga bisyor ekaniga amin bo‘lasan. Go‘yo ularni yomonlayapti, lekin sening ko‘ngling o‘sha yomonlikning turlariga bora-bora ko‘nika boradi. Biroq propagandachini masalaning bu tomoni umuman qiziqtirmaydi. Uning maqsadi bitta: go‘yo o‘sha axloqsizliklar keng quloch otgan hududni, uning siyosiy sistemasini yomonotliq qilsa bo‘ldi. Azbaroyi raqibini badnom qilmoq uchun o‘zi ham botqoqqa yuz bor botishga tayyor. Ular Davlat qomusiga padarkushlik jazosi haqidagi qonunni kiritmagan Mark Avreliy falsafasidan ming chaqirim narida yuradi.
3. Tajovuzkor propaganda — misoli Alloh la’natlagan qora jodu. U o‘z maqsadi uchun inson ongini boshqarmoqqa urinadi, inson irodasiga tazyiq o‘tkazadi. U ko‘zlagan natijaning miqyosi nihoyatda tor, oqibati ko‘lamini o‘ylash ularning vazifasiga kirmaydi.
4. Siyosiy propaganda qurollari — vatanparvarlik, din, axloq, oilaviy qadriyatlar, azaliy an’analar, milliy o‘zlik va muhofazakorlik. Aynan shular vositasida insondagi insoniylik immuniteti o‘ldiriladi, odamni ODAMdan ozod etadi. Din-u diyonat va axloq mavzusi hech qachon eskirmaydigan bedavo dard, aynan ana shu ikki tushunchani ma’naviy tutumga aylantirib odamlar yuragiga oson kirib olish, ularning tuyg‘ularini, hissiyotlarini mushuk yamlab yutishdan oldin sichqonni qanday ermak qilsa, xuddi shunday o‘ynashi, ezg‘ilashi mumkin. Siz bunda xudosiz dindorning turqi tarovatini ko‘rasiz.
5. Ruhan mahv etilgan odam fikrlash layoqatidan mosuvo bo‘ladi, endi unda ruhiy falajlik davri boshlanadi. Vatan uchun deb otasidan voz kechadi, o‘zgalar to‘qigan yolg‘on tarixni ko‘ziga surtadi. Vatan uchun deb o‘z o‘g‘lini sharaf bilan o‘zga yurt tuprog‘ida qon to‘kishga jo‘nata oladi.
6. Muhofazakor demagog demokratiyani, erkin so‘zni, taraqqiyotni inkor etadi. Aynan erkinlikni yomonotliq qilish uchun, ozod odamni olabo‘ji qiyofasida ko‘rsatmoq niyatida har qanday illatlarni, tubanliklarni tap tortmay yopishtiradi, yolg‘on-u haqiqatni payvandlab tashlaydi. Erkinlik va axloq o‘rtasida mustahkam Xitoy devorini o‘rnatadi. Uddalaydi ham.
7. Avtoritar davlat propagandachisi yakka qo‘l hokimiyatga xayrixoh bo‘ladi, iqtidordagi hukumatning cheksiz qudratiga topinadi. Shaxs kultini yaratishda baholiqudrat hissa qo‘shadi.
Nikita Sergeyevich shu yilning may oyida Toshkentga kelib «Rus sezoni» madaniy loyihasini ochib ketganidan bir yarim oy o‘tib «BesogonTV»ning «Biz jamoamizda yalmog‘izni tarbiyalaymiz» (23 iyun. 2023 y.) soni namoyish etiladi. U migrantlar masalasi bilan birga qo‘shni respublikalarda rusofoblik illati qanday shakllantirilayotganiga to‘xtaladi. «O‘rta Osiyo («Markaziy Osiyo» emas?!) respublikalarida, masalan, O‘zbekiston tarixi darsliklarida 292 marta «rus mustamlakachiligi» haqida so‘z boradi. «Ulug‘ Vatan urushi» urushi atamasi umuman yo‘q. Ba’zi o‘rinlarda «u yoki bu respublikaning Ikkinchi Jahon urushidagi ishtiroki» deya shunchaki eslab o‘tilgan. Stalin esa jinoyatchi sifatida Gitler bilan teng ko‘riladi», deb yozilgan matnni o‘qib sharhlaydi. Vaholanki, uning o‘zi aynan Stalin davri qoralangan antisovet filmi sabab «Oskar» mukofotini qo‘lga kiritgan edi.
Markaziy Osiyo maktablarida rus tili yaxshi o‘qitilmasligi jiddiy muammo qilib ko‘rsatiladi. Rus tili darsi Rossiya Federatsiyasi talablariga binoan yo‘lga qo‘yilishi shartligini ta’kidlaydi. Aynan shu dasturda yana bir bor Vladimir Putinning «SSSRning tarqalishi yigirmanchi asr geosiyosatidagi ulkan falokatdir» degan mashhur gapiga alohida urg‘u beradi. Va 1991 yil ittifoqni saqlab qolish borasida o‘tgan referendum natijalarini eslaydi. Qo‘shni davlatlar qatorida O‘zbekistonning sobiq ittifoqdan ajralmaslik borasidagi 93,7 foiz ovozini mutlaq haqiqat o‘rnida qabul qiladi va tomoshabinga uqtiradi. «Ular SSSRning parchalanishini o‘z fojiasi deb bildi» deydi. O‘tmishning xira sahifasiga aylangan o‘sha referendum haqida ko‘p yozishgan. Bu haqda tarixchilar, o‘sha jarayonning jonli guvohlari gapirgani ma’qul. Faqat mening yodimda qolgani o‘n yettinchi mart referendumi arafasida Shofirkon tuman hokimiyati tomonidan «Siyosiy xato qilishga haqqingiz yo‘q! Biz baribir SSSRdan ajralmaymiz» mazmunidagi sarg‘imtir tusli da’vat varaqachasi tarqatilgandi. Va aynan o‘sha kuni «O‘zbekiston» telekanalidan propagandachi Tigran Keosayanning otasi Edmond Keosayan ishlagan inqilobiy ruh ufurib turgan sof sovet filmi «Qo‘lga tushmas qasoskorlar» namoyish etildi.
Hech qachon tanlov huquqi berilmagan xalq nomidan gapirish ham mustamlakachi propagandaning o‘ziga xos bosh xususiyatidir.
2022 yil aprelining ilk kunlarida «Otkuda nogi rastut» — sof o‘zbekona ifoda bilan o‘girilganda «Shamol qayerdan esdi» degan nom bilan «Besogon»ning navbatdagi bahsli soni chiqdi. Unda fashistlar Germaniyasi SS qo‘shini general-leytenanti Frits fon Shols Germaniyaning hozirgi kansleri Olaf Sholsning bobosi degan ma’lumotlar keltiriladi. Biroq bu gaplar feyk ekani, Sholsning bobosi temiryo‘l ishchisi bo‘lgani, Frits fon Sholsning esa farzandi bo‘lmagani haqidagi haqiqatlar tezda yuzaga chiqdi. Xo‘sh, ko‘rsatuv ijodkorlariga bu yolg‘on nega kerak bo‘ldi? Chunki o‘sha damda Olaf Shols mazlum davlat armiyasiga yordam berish kerakligi haqida gapira boshlagandi. Olmaning tagiga olma tushadi, nevara fashist bobosining ishini davom ettiryapti, degan malomatga vaj kerak bo‘lib qoldi.
Aynan shu sonda «Birinchi kanal»ning isyonkor muharriri Marina Ovsyannikovaning qilmishi ham tilga olinadi. Muallif gapi orasida «damychka-odinochka» deb qistirib o‘tib ketadi. U ayol yolg‘izligini ta’kidlash orqali Mashaning ruhiyati joyida emas edi, nima qilayotganini o‘zi bilmaydi, yomonligi uchun ham tul xotin bo‘lib yuribdi yoki pul berib yollangan degan informatsiyalarni odamlar ongiga sizdiryapti. Uning ishi hech qanaqa qahramonlik emas, to‘g‘ri ish emas, degan ma’no bilan miyalarni yuvishning xalqona yo‘li bu. Hatto bu son Peterburg maktablaridagi boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga ham ko‘rsatilgan.
«Davos i nyne tam» — «Davos hali ham bor» deb nomlangan sonida Polsha prezidenti Anjyey Dudaning bobosi bilan bog‘liq yolg‘onlar tarqatiladi. Emishki, Dudaning bobosi Stepan Bandera bilan do‘st bo‘lgan ekan. Bu informatsiya Duda Zelenskiyni bag‘riga bosgan tasvir fonida aytildi. Vaholanki bu fakt ham boshqalari qatori yo‘qqa chiqdi.
Analitiklar «BesogonTV»ning yagona yutug‘i muallif videotasvirlar va musiqa omuxtaligida dramatik kayfiyatni yarata olishida deyishadi. Chindan ham istalgan bir sonini oling, boshdan oyoq musiqa ishtirok etadi. Tasvirlar-u musiqalar kombinatsiyasi nihoyatda muvaffaqiyatli chiqqan.
Nikita Sergeyevich apokalipsis, ya’ni qiyomat qoyim haqida ham xavotirlanib turadilar. Go‘yo zamin xotimasini G‘arb dunyosi yasaydi. Bu haqda bir nima deyishga ojizman. Lekin aql yovuzlikka xizmat qilsa, itoatgo‘y iste’dod iblis ermagiga aylansa, ilohiylikka da’vogar san’at o‘z o‘rnini arzon tashviqotga bo‘shatib bersa, baqiroq-jo‘n shiorlar teranlikni, she’riyatni chekintirsa — shuning o‘zi Yerning halokat tomon ketayotganidan darak emasmi?
Iqbol Qo‘shshayeva
Mavzuga oid
19:10 / 04.07.2024
Zaxar Prilepin Kremlda mukofotlandi
23:38 / 14.02.2024
“Propagandachilarning gaplari Kremlning rasmiy pozitsiyasi emas deb hisoblayman” - Sherzodxon Qudratxo‘ja
20:41 / 07.02.2024
Amerikalik jurnalist Taker Karlson Rossiyada. U Putindan intervyu olgan
18:19 / 24.01.2024