Jamiyat | 18:25 / 29.08.2023
28206
6 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusga qarshi immuno-sut, kuniga 25 litr sut beruvchi sigirlar va qimmatbaho pishloq – Nukusdan “sutli” reportaj

Qoraqalpog‘istonda Temur Panayev asos solgan korxonada 50 ga yaqin sut  mahsulotlari va 20 dan ortiq xildagi pishloqlar ishlab chiqariladi. Yevropadan olib kelingan nasldor chorva mollari kuniga 25 litrgacha, echki va qo‘ylar esa 4-5 litrgacha sut beradi. Ayni vaqtda korxona Innovatsion rivojlanish agentligi bilan hamkorlikda vaksina olgan sigirlar sutidan koronavirusga qarshi immunli sut mahsulotlari ishlab chiqarishni boshladi. 

2016 yil Nukus shahrida sut mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi “Panaev farms” korxonasi o‘z faoliyatini boshladi. O‘z sulolaning yosh vakili, korxona rahbari Temur Panayev Italiya va Yevropaning boshqa davlatlarida bo‘lib, chorvachilik va sut mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan bog‘liq tajribalarni o‘rganib qaytgan. Bugunga kelib, korxonaning Yevropadan olib kelingan qimmat sigirlar, qo‘y va echkilarga ega o‘z fermasi ham bor. Korxona tabiiy sutdan o‘nlab mahsulotlar ishlab chiqarmoqda.

“Bu sohaga qiziqib qolishimga dadam sababchi bo‘lgan. Meni Italiyaga olib borganlarida har xil firmalarni, sutni qayta ishlovchi korxonalarni ko‘rib, o‘shalarga havas uyg‘ongan. U yerda hurmatli kishi sanalar ekan fermerlar. Italiyada pishloq ishlab chiqaradigan korxonada bir oy oddiy ishchi bo‘lib ishlaganman, maqsad texnologiyani o‘rganish, ish bilan tanishish edi. Endilikda o‘zimiz 20-25 xildagi pishloq mahsulotlarini ishlab chiqaramiz. Birinchi boshlagan paytimizda 3-4 xil mahsulot ishlab chiqarganmiz, hozir esa umumiy 50 xildagi sut mahsulotlari ishlab chiqaramiz.

2016 yilda o‘zimiz firma qurdik. 2017 yilda Germaniyadan 60 bosh qoramol olib keldik, shundan boshlab ko‘paytirib, rivojlantirib kelyapmiz. 2018 yillardan echki va qo‘ylarga ham qiziqib boshladik. Prezidentimiz Nukusdagi uchrashuvda dadamga shuni tavsiya qilgandi. Hozir xalq shunga o‘rgangan, echkilar 4-5 litrgacha sut beradi.

Germaniyadan olib kelgan mollarimizning har birini 2500 yevrodan olganmiz. Borib o‘zimiz tanladik va eng yaxshilarini saralashga harakat qildik. Tanlash juda qiyin bo‘lmadi, chunki u yerda mollarning zoti, qaysi sigirdan tug‘ilgani — barchasi raqamlashtirilgan holda hisob-kitob qilinadi. Olib kelgan mollarimiz 20-22 litr sut beradi, lekin Germaniyaning o‘zida 30-35 litr sut beradi. Chunki ularda ozuqa bazasi yaxshi, bizda esa ancha muammoli bu, yerlarimiz sho‘rlagan, qurg‘oqchilik bo‘ladi.

Echki sutining tarkibi ona sutiga juda yaqin bo‘ladi. Shuning uchun chaqaloqlarga bemalol berish mumkin. Echkilarni Germaniyadan olib kelgan bo‘lsak, sut beruvchi qo‘ylarimizni Ispaniyadan olib kelganmiz. Qo‘y suti juda quyuq bo‘ladi. Bunday sutdan Italiyada “Pikarino” pishlog‘i tayyorlanadi, biz ham yo‘lga qo‘yganmiz buni. 420 yevrodan 300 bosh qo‘y olib kelganmiz. Qo‘ylar ikkitadan bolalaydi va 3-4 litrdan sut beradi”.

Korxonada bir necha oy oldin immun suti va undan olinadigan mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Loyiha 2021 yilda Innovatsion rivojlanish agentligi huzuridagi Xalqaro molekulyar allergologiya markazi hamda Vena tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda boshlangan. Uning asosini vaksina bilan emlangan sigirlarning sutidan koronavirusga qarshi immun suti olish imkoniyati tashkil qiladi. Pasterizatsiyalangan sut holidagi ushbu mahsulot haqida Panayevning o‘zi shunday deydi.

«6-7 oylik bo‘g‘oz mollarimizga o‘zbek-xitoy vaksinasini qildik. Tug‘ilgan buzoqlar qonida antijismlar paydo bo‘la boshlagan edi, ya’ni onasi sutini iste’mol qilgandan so‘ng. Koronavirus mollarda ham bo‘ladi. Emlangan sigirlar sutida 3 oydan so‘ng antijismlar kamaya boshladi, so‘ng yana vaksina qilish kerakligini tushundik.

Bunday sutlar boshqa sutlardan farqli ravishda pastroq, ya’ni 72 daraja issiqlikda qizdirib, so‘ng yana sovitiladi. Keyin qadoqlashda har xil ta’m beruvchi vositalar qo‘shiladi, chunki asosan bolalar yoki immuniteti past bo‘lgan qariya insonlarga beriladi, shu sababli o‘ziga tortuvchi ta’m bo‘ladi. Bu sutni ichgan odamda immunitet hosil bo‘ladi. Koronavirusni davolamaydi, lekin oldini oladi, immunitetni ko‘taradi. Xuddi vaksinaga o‘xshaydi. Bunday sutlar yog‘li bo‘lsa, ta’siri kamroq bo‘ladi, shuning uchun yog‘ini kamaytirganmiz.

Bu turdagi sut ishlab chiqarishda oldin 1 yil sinov o‘tkazdik. Hozircha faqat Nukusda sotuvda bor. Talabga qaraymiz hali, chet elga eksport qilish niyatimiz ham bor. Hozircha Rossiya va Isroildan jiddiy qiziqish bildirilyapti. So‘ng Yevropaga eksport qilishni ham rejalashtiryapmiz”, — deydi Temur Panayev. 

Intervyuning to‘liq yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin. 

Farrux Absattarov suhbatlashdi
Tasvirchi: Shohruz Abduraimov
Montaj ustasi: Muhiddin Nido

Mavzuga oid