Fan-texnika | 16:32 / 30.08.2023
76125
24 daqiqa o‘qiladi

«U dunyoni qutqarishni xohlaydi, faqat qutqaruvchi o‘zi bo‘lsa» – NY Mask qanday odam ekani haqida profayl e’lon qildi

Dimitrios Kambouris / The Met Museum / Vogue / Getty Images

Dunyoning eng boy odami Ilon Mask oxirgi yillarda amerikalik jurnalistlar uchun katta nyusmeykerga aylandi. The New Yorker jurnalisti Ronan Ferrou milliarderning 30 dan ortiq sobiq va hozirgi hamkasblari bilan gaplashib, Space X va Twitter/X egasining hozirgi hayoti qanday kechayotganini tasvirlashga urindi. Quyida o‘sha maqolaning tarjimasi keltiriladi.

***

2022 yil oktyabr oyida AQSh mudofaa vazirining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Kolin Kal Parijga boradi. U kun bo‘yi yevropalik diplomatlar bilan gaplashadi va keyin mehmonxonadan turib Ilon Maskka qo‘ng‘iroq qiladi. Bu vaqtda tadbirkorning Space X kompaniyasi bir necha oydan buyon Ukraina armiyasini internet bilan ta’minlab kelayotgan, bu orqali ukrainlarning Rossiya bosqiniga qarshi turishiga ko‘maklashayotgandi.

Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi Mask

2022 yil fevralda, urush boshlanganidan bir necha kun o‘tiboq Ilon Mask urushga qaysidir ma’noda o‘z ta’sirini o‘tkaza boshlaydi. Uning topshirig‘i bilan Space X Ukrainada Starlink sun’iy yo‘ldosh tizimini o‘rnatib, mamlakat armiyasi undan foydalanishiga imkoniyat yaratadi. Bu Ukrainaga kiberhujumlardan qochish va qurollarni Rossiya pozitsiyalari tomonga qaratishga imkon beradi. Bu paytda Starlink internetidan hatto AQShning o‘zida ham keng foydalanishmayotgandi.

Starlink tizimini Ukrainada o‘rnatishda ishtirok etgan uch kishi anonim tarzda ushbu jarayonga Ilon Maskning bevosita ta’siri qanchalik yuqori ekanidan hayratga tushganini aytadi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Mask Ukrainaga yordam berishni, odamlar xavfsizligini ta’minlashni istagan va o‘z manfaatlarini o‘ylamagan.

Oxirgi oylarda Ukraina qo‘shimcha 5 mingta Starlink terminallarini oldi. 2022 yil kuzida Ukraina qurolli kuchlari foydalanayotgan terminallar soni 20 mingtagacha yetgandi. Ushbu tizimga ulanishni ta’minlagan harbiylardan birining aytishicha, Starlink terminallari urush boshida Ukraina armiyasi uchun frontdagi asosiy aloqa vositasi bo‘lgan.

Mask Ukrainada sun’iy yo‘ldoshdan foydalanishni yo‘lga qo‘yish uchun o‘nlab million dollar mablag‘ sarfladi. Masalan, Starlink Ukraina QK 59-brigadasi dronlar orqali RFning Donbassdagi pozitsiyalarini o‘qqa tutishini ta’minlagan (2022 yil 30 dekabr)
Pierre Crom / Getty Images

Urushning dastlabki oylarida Mask Ukrainani qo‘llashini ochiq bildirayotgan, Ukraina qurolli kuchlari uchun yuborilayotgan texnikalar suratlarini o‘z sahifasiga joylayotgandi. Ammo 2022 yil sentabr oyida Space X Pentagonga Ukrainaga bundan buyon terminallarni tekin yubora olmasligi, mavjud terminallarga ham cheklanmagan vaqt davomida xizmat ko‘rsata olmasligi borasida xat yuboradi.

Tabiiyki, uning texnikalarini harbiylar ishlatayotgani Maskni xavotirga solayotgandi. O‘sha oyda Aspenda o‘tgan konferensiyadagi Maskning chiqishi esa uning urush borasidagi qarashlari butkul boshqacha ekanini ko‘rsatib qo‘ydi. U siyosatchilarni muzokaralar stoliga o‘tirishga chaqirib, Rossiya prezidenti Putin «tinchlik xohlayotgani»ni iddao qildi. Bir hafta o‘tib esa Mask Ukrainadagi urush bo‘yicha o‘zining «tinchlik rejasi»ni e’lon qiladi. Unda Ukraina Qrimni Rossiya tarkibida qoldirishi kerakligi aytilgandi.

Maskning so‘zlari frontdagi vaziyatga ham ta’sir qildi. Hujum qilayotgan ukrain askarlari butkul aloqasiz qolishdi. Ronan Ferrou bilan suhbatlashgan Nikolay ismli askar shunday eslaydi: «Biz deyarli front chizig‘iga yetib borgandik. Uni yorib o‘tganimizda Starlink kutilmaganda o‘chib qoldi. Aloqa uzildi va otryadlar o‘zaro muloqot qilolmay qoldi. Hujum qilayotganda komandirlar uchun eng muhimi barcha ma’lumotlarni vaqtida olib turishdir. Aloqa vositalari bo‘lmagani sababli komandirlar hayotini xavf ostiga qo‘yib, o‘zi jang maydoniga borishiga to‘g‘ri keldi. Qisqasi frontda xaos boshlandi».

Ukraina qurolli kuchlari o‘shanda chekinishga majbur bo‘ladi. Harbiy rahbariyat uchun kutilmaganda urushning borishi birgina insonning qaroriga bog‘liq bo‘lib qoldi. Pentagon Mask bilan gaplashib bu masalani hal qilishi kerak edi.

Mantiqan olib qaraganda bunday vaziyatda Pentagon xarid bo‘limi muammoni hal qilishi mumkin. Ammo Ilon Mask kompaniyasi oddiy pudratchi bo‘lmagani sabab unga mudofaa vaziri o‘rinbosari Kolin Kal qo‘ng‘iroq qilishga majbur bo‘ladi. U o‘sha vaqtda Parijda bo‘lib turgandi.

Pentagon mulozimi Mask bilan suhbatda bu borada shartnoma imzolash uchun bir necha hafta vaqt so‘raydi. Shuningdek, milliarder frontda aloqani uzib qo‘ygani urush to‘xtashiga yordam bermasligini aytadi.

Bunga javoban Mask Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan «ajoyib suhbat o‘tkazgani»ni aytadi. Maskning so‘zlariga ko‘ra, u tinchlikni qo‘llash uchun yaratgan texnologiyasi jang maydonida ishlatilayotgani ikkilanishiga sabab bo‘lgan. Shunga qaramay, Mask Pentagon mulozimi bilan 15 daqiqalik suhbatdan keyin shartnoma imzolanishini kutishga rozi bo‘ladi. Bu haqda tvitterda post ham qoldiradi. «Boshqa kompaniyalar soliqdan millionlab pul olayotgan bir vaqtda biz [Ukrainani qo‘llash orqali] pul yo‘qotyapmiz. Mayli, biz Ukraina hukumatini tekinga qo‘llashda davom etamiz», deb yozadi u.

Iyun oyiga borib Pentagon Space X bilan kelishuvga erishganini e’lon qiladi. Shartnoma shartlari oshkor qilinmagan. Ukraina rasmiylari o‘shandan buyon aloqa uzilishi bilan bog‘liq muammo kuzatilmaganini ma’lum qilgan. Ammo texnikalari urushda qo‘llanayotgani sabab Maskdagi bezovtalik yo‘qolmayotgandi. 2023 yil fevral oyida u «Uchinchi jahon urushiga olib kelishi mumkin bo‘lgan mojaro oloviga moy sepmaymiz», deb yozdi.

Maskning ta’sir doirasi

Milliarderning Ukrainani qo‘llash borasidagi pragmatikligi bevosita uning biznesi bilan ham bog‘liq. Uning asosiy daromad manbayi bo‘lgan Tesla kompaniyasining eng ko‘p mashinalari Shanhaydagi zavodda yig‘ilmoqda. Maskning bu zavodi faoliyati esa urushda Rossiyani qo‘llayotgan xitoylik mulozimlar bilan yaxshi munosabatda bo‘lishiga bog‘liq. Milliarderning so‘zlariga ko‘ra, Pekinda u Ukraina qurolli kuchlarini internet bilan ta’minlayotganidan norozi bo‘lishgan. Xitoyliklar hatto Maskdan bunday texnikalarni Xitoyga qarshi qo‘llamaslik bo‘yicha kafolat ham talab qilgan.

Shanhaydagi Tesla zavodi. 2020 yil 7 yanvarda olingan surat
Aly Song / Reuters / Scanpix / LETA

Xususiy tadbirkor Ilon Mask AQSh uchun ta’sir doirasi juda katta odamga aylandi. Nafaqat Ukrainadagi urush taqdiri, balki AQShdagi energiya tejamkorlikdan boshlab kosmik dasturlar taqdiri ham endilikda unga bog‘liq. Amerikadagi ko‘p narsa Maskka bog‘liq bo‘lsa ham, mamlakat hukumati uni, ayniqsa uning kayfiyatini boshqara olmaydi.

New Yorker bilan suhbatda NASA, Pentagon, Transport vazirligi, Fuqarolik aviatsiyasi agentligi va AQShdagi boshqa yirik tashkilotlar vakillari ularning faoliyatiga Ilon Maskning ta’siri borligini aytishgan. Ularning ba’zilari Maskka amaldorga qilinadigani kabi munosabatda bo‘lishini ham yashirmagan. Pentagon xodimlaridan biri hatto Maskning Ukrainadagi voqealardagi roli haqida intervyu faqat Mask ruxsat berganidan keyin chiqishini aytgan. Milliaderning o‘zi esa o‘tgan yilgi intervyularidan birida ba’zi jihatlarda ta’sir doirasi AQSh hukumatinikidan ham katta ekanini tan olgan.

Mask tomonidan tashkil etilgan Open AI kompaniyasi bosh direktori Sem Oltmen bu haqda qiziq fikr aytadi: «Ilon dunyoni qutqarishni juda xohlaydi. Faqat bitta shart bilan: qutqaruvchi rolida o‘zi bo‘lsa».

Mask AQShdagi yuqori martabali harbiy mulozimlar bilan iliq munosabatda. Masalan, Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi Mark Milli bilan. «Uning qarashlari menga urush xarakterini o‘zgartirish va AQSh qurolli kuchlarini qanday modernizatsiya qilish borasidagi fikrlarni jamlashga yordam berdi», degan general Milli milliarder bilan uchrashuvdan keyin.

Generalning aytishicha, Mask bilan bir necha yil oldin tanishgan va o‘shandan buyon milliarder bilan urushda sun’iy intellektni qo‘llash, elektr mashinalar va avtonom mashinalar haqida fikr almashib keladi. Ammo Pentagondagi boshqa mulozimlar Maskning mamlakat harbiy rahbariyatiga ta’siri kuchayib borayotganidan xavotir bildirgan.

Kim o‘zi bu odam?

Ilon Mask 1971 yil Janubiy Afrika Respublikasi ma’muriy poytaxti Pretoriyada tug‘ilgan. Bu vaqtda JARda rasman oq tanlilar hukmronligi qayd etilgan aparteid rejimi amalda bo‘lgan, irqchilik rasmiy darajada bo‘lgani sabab mamlakat xalqaro sanksiyalar ostida edi. Onasi, kanadalik model Mey Mask va otasi, muhandis Errol Mask bo‘lajak milliarder hali yosh bola bo‘lgan vaqtidayoq ajrashib ketishgan.

Avvaliga Mask ukasi va singlisi bilan onasining uyida qoladi. Juftlik ajrashguniga qadar Maskning otasi onasini bolalar ko‘z o‘ngida urar, u esa 5 yoshda bo‘lishiga qaramay onasini himoya qilishga intilardi. 80-yillar o‘rtalariga kelib Ilon otasi bilan yashay boshlaydi. U dadasi devona bo‘lib qolganidan xavotirga tushgandi. Milliarder keyinchalik bu qaroridan pushaymon bo‘lganini aytgan: «Bu qanchalik dahshatli bo‘lganini tasavvur qila olmaysiz. U mavjud bo‘lgan hamma yomonliklarni qilardi», deb eslaydi Mask otasi bilan yashagan damlarini eslarkan.

Maskning bolalikdagi do‘sti Teo Taushiani maktabda uning ustidan kulishganini eslaydi. Ilon qolganlarga qaraganda sekin o‘sgan, u bilan ko‘pchilik gaplashmagan ham. Ilonning o‘zi unda Asperger sindromi borligini aytadi. Bu ijtimoiy kirishimli bo‘lishga xalaqit beradigan ruhiyatdagi muammoli holat. U yoshligida ko‘p chuqur o‘yga botar, atrofda nimalar bo‘layotganiga e’tibor bermasdi.

Mask uchun tashqi dunyodan ajralishda eng yaxshi vosita ilmiy fantastikani o‘rganish va videoo‘yinlar o‘ynash bo‘lgan. U hali o‘smir vaqtidayoq Blaster nomli o‘yin loyihasini tuzadi. Ayzek Azimovning fantastik kitoblarini o‘qib, kelajakda insonlar boshqa sayyoralarda yashashi haqida orzu qiladi. Milliarder yoshligida Duglas Adamsning Galaktika kitoblarini ham sevib o‘qiydi.

17 yoshida Mask Kanadaga borib Ontario provinsiyasidagi Kuins universitetiga hujjat topshiradi va o‘sha yerda bo‘lajak rafiqasi Jastin Uilsonni uchratadi. Keyin o‘qishni Pensilvaniya universitetida davom ettirgan Ilon 1995 yilda iqtisodiyot va fizika bo‘yicha bakalavr darajasini oladi. U vaqtda ukasi Kimbal bilan birga bosma OAV uchun dasturiy ta’minot ishlab chiquvchi Zip2 kompaniyasiga asos solgandi.

Maskning birinchi farzandi 2,5 haftalik vaqtida vafot etadi. Buni kutilmagan bola o‘limi deb baholashadi. Milliarder hech qachon bu voqea haqida gapirmagan. «Qayg‘uga botib faqat atrofdagilarning hayotini qiyinlashtirasiz, xolos», deydi Mask o‘sha voqea haqida.

Keyinchalik uning oilasida egizaklar tug‘iladi, keyinroq esa uch nafar egizak. Jastin Uilsonning Marie Claire uchun essesida aytishicha, ularning oilasi Mask ishga sho‘ng‘ib ketgani sabab buziladi. Ayolning aytishicha, Mask oilada hamma narsani nazorat qilishni istagan, hatto nikoh bazmi vaqtidagi raqsni ham.

Zip2'dan ketgach, Mask mablag‘ining katta qismini – 20 million dollarni X.com onlayn bank loyihasiga tikadi. U «hamma uchun» to‘lov tizimini yaratmoqchi bo‘lgandi. 2000 yilda X.com raqobatchisi bo‘lmish Confinity bilan birlashadi. Mask Confinity asoschisi Piter Til bilan kurashda g‘olib bo‘ladi. «U g‘oliblikni kim bilandir bo‘lisha olmaydi. Diqqat markazida bo‘lmaslikni esa qabul qilmaydi», deydi Maskninng sobiq hamkasblaridan biri bu haqda.

2000 yil kuzda Mask xotini bilan asal oyiga yo‘l oladi. Bu vaqtda Piter Til kompaniya ustidan nazoratni qo‘liga oladi va uni PayPal tizimiga aylantiradi. Ikki yil o‘tib eBay startapni 1,5 milliard dollarga sotib oladi va savdodan eng ko‘p ulushni hamon asosiy aksioner bo‘lib qolgan Mask oladi.

Monopolist

2020 yil dekabr oyida Space X xodimlari SN8 raketa tashuvchini Texasdagi Boka-Chika bazasidan havoga uchirishga tayyorlanayotgandi. Maskning rejasi bo‘yicha bu raketa tashuvchi kelajakda odamlarni orbitaga, Oyga va hatto Marsga olib uchishi kerak edi. Kompaniya Fuqaro aviatsiyasi federal boshqarmasi bilan parvoz vaqtini kelishadi, lekin dvigateldagi nosozlik sabab startni bir kunga kechiktirishga majbur bo‘lishadi. Keyin shamol yo‘nalishi va tezligi o‘zgarib qoladi.

Maskni agar raketa portlab ketsa, uning parchalari yaqin atrofdagi uylarga sochilishidan ogohlantirishadi. Space X xodimlari raketa parvozi xavfsiz ekaniga ishontirishga uringaniga qaramay, davlat mulozimlari unga ruxsat berishmaydi. Shunda Mask Fuqaro aviatsiyasi federal boshqarmasi kosmik bo‘linmasi rahbari Ueyn Monteytga qo‘ng‘iroq qilishga majbur bo‘ladi. Mulozim parvoz qoldirilishi kerakligini tasdiqlaydi, Mask unga bo‘ysunadi.

9 dekabr kuni parvoz baribir amalga oshiriladi. Kema muvaffaqiyatli start olib, belgilangan balandlikka chiqib boradi, ammo qo‘nish vaqtida portlab ketadi.

Fuqaro aviatsiyasi federal boshqarmasi bilan birga parvoz haqida hisobot tayyorlagan Space X vitse-prezidenti Xans Keningsman jarayon davomida undan tafsilotlar haqida emas, Maskning parvozga tayyorgarlikdagi roli haqida gapirishini istayotganlarini sezib qoladi. «Ular ma’lumotlarni yashirishni istayotgandek tuyuldi. E’tiroz bildirdim, lekin baribir voqeaning o‘zgartirilgan talqinini e’lon qildik», deb eslaydi u.

Ammo hammasi Maskning odamlari xohlaganiday silliq kechmaydi. Fuqaro aviatsiyasidagilar alohida tekshiruv o‘tkazib, Space X'ni hech qanday asossiz parvozni tezlatishda ayblashadi. Tekshiruv xulosasida raketa parvozi taxminlarga asoslangani va xavfsizlik intizomiga rioya qilinmagani aytilgan. Space X'da bu tanqidlarning ba’zilarini qabul qilishadi, lekin shu bilan birga aynan fuqaro aviatsiyasidagilar taqdim etgan ob-havo ma’lumotlari yetarlicha to‘g‘ri bo‘lmaganini ham «qistirib o‘tishadi».

Fuqaro aviatsiyasi federal boshqarmasi Space X'ni jarimaga tortmaydi, lekin ikki oy davomida raketa uchirishni taqiqlaydi. Bu vaqtda Mask boshqarmani tanqid qilishdan to‘xtamaydi. «Kosmik bo‘limda asosigacha xato bo‘lgan tizim amalda. Bunaqa talablar bilan insoniyat hech qachon Marsga yetib bora olmaydi», deb yozadi Mask xususan.

Ilon Mask ish stolida, 2004 yil mart oyi. El-Segundo, Kaliforniya
Paul Harris / Getty Images

Space X'ni yaratish g‘oyasi Maskda PayPal'dan ketganida paydo bo‘ladi. 2012 yil Wired nashri bilan intervyuda Mask NASA saytiga kirib, Marsga uchish jadvalini qidirganini aytib bergan. «Avvaliga xato joyga kirib qoldim deb o‘yladim. Nega hech qanday reja, hech qanday jadval bo‘lmagan? Umuman hech narsa», degandi o‘sha suhbatda Mask.

2001 yilda Mask koinotga qiziqadigan jo‘shqin tadqiqotchilardan iborat jamoa tuzadi-da, Los-Anjyelesga yo‘l oladi. Aynan Kaliforniya AQShdagi kosmik sanoat markazi hisoblanadi. U yerda injyener va tadbirkorlar o‘z raketasini yasaydigan loyiha – Space X'ga asos soladi. U vaqtda eng kuchli tadbirkorlar ham o‘z pullarini koinot atrofidagi loyihalarga tikmasdi.

Mask uchun hammasi kutilganidan ham qiyin kechadi. 2008 yilda u Space X va Tesla'ga deyarli bor pulini tikib bo‘lgan, shu sabab bankrot yoqasiga kelib qolgandi. Mask navbatdagi sinov parvozi uchun zo‘rg‘a pul topadigan bo‘lib qoldi. Keyinchalik Mask agar parvozlar nihoyat muvaffaqiyatli chiqmasa, Space X yo‘qolib ketgan bo‘lishini aytib chiqdi.

Ammo bunday bo‘lmaydi. Nihoyat Mask uchirgan raketa parvozi muvaffaqiyatli chiqib, NASA uning kompaniyasi bilan 1,5 milliard dollarlik shartnoma tuzadi. Bu pullar evaziga Maskning raketasi Xalqaro kosmik stansiyaga kerakli ta’minotni olib borishi kerak edi.

2020 yilda Maskning Space X kompaniyasi orbitaga ikki astronavtni olib uchadi. Bu ishni AQSh 10 yil deganda ilk marta Rossiya ishtirokisiz amalga oshiradi. 2023 yilga kelib Space X orbitaga 4519 ta sun’iy yo‘ldoshni olib chiqadi. Taqqoslash uchun, hech bir xususiy kompaniyaning bu qadar ko‘p sun’iy yo‘ldoshi yo‘q.

Kosmik tarmoqdagi muvaffaqiyatlar Maskning siyosiy va harbiy ta’sirini oshirib boraverdi. Uning sun’iy yo‘ldoshlari dronlar va raketalarni boshqarishga imkon berar, razvedka uchun esa Yerning unikal suratlarini taqdim eta olardi.

«Starship» kosmik kemasi prototipi bilan sinov o‘tkazish jarayoni. Foto: SpaceX

NASA sobiq rahbari Jim Braydenstayn Mask haqida shunday deydi: «Harbiy monopoliyadan yomonrog‘i faqat davlat qaram bo‘lgan xususiy monopoliyadir. Qo‘rqamanki, biz barcha tuxumlarni bir savatga soldik va bu savat — SpaceX».

Tvitter va ketamin

2020 yilda Mask ijtimoiy masalada o‘zini liberal deb hisoblashi, iqtisodiy masalada esa sentrist ekanini aytgandi. Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, demokratlar Hillari Klinton va Jo Baydenning saylov kompaniyalarini qisman moliyalashtirgan, ularning ikkisiga ham prezidentlik saylovlarida ovoz bergan.

Maskning ritorikasi 2022 yil mart oyidan o‘zgara boshladi. O‘shanda tvitter misgendering (suhbatdoshning jinsiga to‘g‘ri kelmaydigan) mavzusidagi hazili sabab Babylon Bee satirik akkauntini bloklagan, milliarderning rafiqasi Tulala Rayli esa uni ijtimoiy tarmoqni sotib olib, «voukizm»ga qarshi kurashishga chaqirgandi.

Oldinroq oxirgi ikki saylovda demokratlarga ovoz berganini tan olgan Mask o‘tgan yil partiyaviy qarashlarini ham o‘zgartirdi. U demokratlarni o‘ziga, Tesla va Space X'ga asossiz hujum qilishda ayblab, keyingi saylovlarda respublikachilarga ovoz berishini aytdi. O‘shandan buyon Mask respublikachi nomzod Ron Desantisni ko‘p marta qo‘llab-quvvatladi. U hatto Desantisning dasturiga bag‘ishlangan konferensiyada moderatorlik ham qildi.

Yaqinda esa Mask respublikachilarning navbatdagi nomzodi Vivek Ramasvamini maqtab chiqdi va uni «istiqbolli nomzod» deb atadi.

Tvitterni sotib olgach undan feyk ma’lumotlar tarqatishda ham foydalandi. Masalan, Nensi Pelosining eri haqida feyk ma’lumot aynan tvitterda keng tarqaldi, lekin unga qarshi umuman kurashilmadi. Bundan tashqari, Mask Texasda 8 kishini o‘ldirgan qotilni qo‘llaganlarning postini ulashdi.

Tvitterni sotib olganidan keyin birinchi qilgan ishi kompaniyadagi ishchilarning yarmini ishdan bo‘shatish bo‘ldi. Buncha ko‘p odam ishdan haydalganini esa hech qanday hissiyotsiz e’lon qildi. Qolgan ishchilardan tezda ofisdan turib ishlashga qaytishni talab qildi.

Tvitterda reklama joylashtirmaslikka chaqirib ko‘tarilgan #StopToxicTwitter banneri. U 17 aprel kuni Florida shtatidagi Mayami-Bich mehmonxonasi ustidan «uchib o‘tadi», bu vaqtda bu yerdagi marketing konferensiyasida Mask chiqish qilayotgandi.
John Parra / Media Matters for America / Getty Images

Verifikatsiya bilan bog‘liq siyosatning o‘zgargani (endi verifikatsiyani sotib olish mumkin – tarj.) sabab tarmoqda feyk akkauntlar soni ko‘payib ketdi. Xabarlar lentasi bo‘yicha qilingan eksperiment sabab esa mijozlar tvitterga reklama berishni rad eta boshladi.

Maskning ba’zi tanishlari uning harakatidagi nomuvofiqliklarni turli dorilarni o‘zi tanlab ichishi bilan bog‘laydi. Tadbirkor hozirda Janubiy Texasdagi Space X ofisidan uzoq bo‘lmagan uyida yashaydi va asosiy vaqtini aynan mana shu yerda o‘tkazib, o‘zini yolg‘iz his qilishini ham aytgan. Mask o‘z hayoti «katta yutuqlar, aytilmagan omadsizliklar va doimiy stressdan» iborat ekanini aytadi. Hamkasblaridan biri ham buni tasdiqlaydi: «Ilonning hayoti shunchaki dahshatli, u juda ko‘p stressni boshdan kechiradi, kunni xatlarga javob berish bilan yakunlaydi va uyg‘onib yana shu ishlar bilan shug‘ullanadi. 90 foiz odamlar bunchalik bardoshli va o‘z hayotini qurbon qilishga tayyor odamni uchratmagan bo‘lsa kerak», deydi suhbatdosh.

Mask Twitter nomini X ko‘rinishiga keltirishga qaror qilganida, u San-Fransisko markazidagi shtab-kvartira binosidagi yozuvni ham o‘zgartirishga qaror qiladi. Politsiyachilar demontajni to‘xtatishgandi.
Carlos Barria / Reuters / Scanpix / LETA

The New York Times ma’lumotiga ko‘ra, 2018 yilda Tesla direktorlar kengashi Maskning gallyutsinatsiyaga olib keladigan uyqu dorilarni ko‘p ichishidan xavotirga tushgan. 2022 yilda esa Wall Street Journall Mask og‘riq qoldiruvchi ketamin tabletkasiga odatlanib qolgani haqida yozgandi. Yaqinlarining taxminicha, u izolyatsiya sabab ko‘proq tabletka iste’mol qila boshlagan. Turli preparatlarga odatlanishi esa uning taxmin qilib bo‘lmaydigan qarorlar qabul qilishiga olib kelayotgan bo‘lishi mumkin.

Tadqiqotchi Anid Amad ketamin haqida shunday deydi: «Ketaminning oz miqdordagi dozasi algogol kabi ta’sir kuchiga ega. U odatiy vaqtda qilmasligingiz mumkin bo‘lgan harakatlarni amalga oshirishga undashi hech gap emas. Ko‘proq dozasi esa dissotsiatsiyaga olib kelib, siz o‘zingizni tanangizdan tashqarida his qilasiz. Bu vaqtda o‘zingizni supertalant sohibi sifatida his qilishingiz ham mumkin. Ketamin ta’siri ostida odamlar g‘alati harakatlar qilishadi. Agar siz kutubxonachi bo‘lsangiz, hechqisi yo‘q, noodatiy nimadir bo‘lmaydi, lekin uchuvchi bo‘lsangiz, ana shunday jiddiy muammolar kelib chiqishi mumkin», degan tadqiqotchi dori haqida.

Mavzuga oid