O‘zbekiston | 11:02 / 31.08.2023
20887
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondan Moskvaga uchgan uchta reys boshqa shaharlarga yo‘naltirildi

Moskvadagi aeroportlar havo kengliklari yopilishi tufayli Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Urganch va Toshkent shaharlaridan uchgan uchta samolyoti Rossiyaning boshqa shaharlaridagi zaxira aeroportlariga yo‘naltirilgan. Dronlar hujumi tufayli Rossiya poytaxti aeroportlari tez-tez cheklovlar kiritishga majbur bo‘lmoqda.

Foto: Uzbekistan Airways

Uzbekistan Airways aviakompaniyasining uchta reysi Moskvaning Domodedovo aeroporti havo kengligi yopilgani tufayli Rossiyaning boshqa shaharlariga yo‘naltirildi. Bu haqda O‘zbekiston aviatashuvchisi matbuot xizmati rasman xabar berdi.

Xususan, Toshkentdan parvoz qilgan HY611 reysi Samaradagi aeroportga yo‘naltirilgan, Urganchdan uchgan HY9615 reysi — Qozon aeroportiga, Toshkentdan havoga ko‘tarilgan HY9613 reysi esa — Sankt-Peterburgdagi aeroportga qo‘ngan.

Aviakompaniya keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘ragan. Domodedovo xalqaro aeroporti havo hududi nima sababdan yopilganiga aniqlik kiritilmagan.

30 avgust kuni mahalliy rasmiylar va RF mudofaa vazirligi Markaziy Rossiya bo‘ylab eng keng ko‘lamdagi dronlar hujumi uyushtirilgani haqida xabar bergandi. Dronlar Pskovdagi aeroportga yoppasiga hujum qilgan, shuningdek, Bryansk, Ryazan, Orlov, Kaluga va Moskva oblastlari hududlarida ham uchuvchisiz uchar qurilmalar urib tushirilgan.

Bu vaqtda Moskva oblasti hududida «Kovyor» rejimi joriy etilgan va havo kengliklari yopilgan. Bu rejim osmonda samolyotlar harakatiga xalaqit berishi mumkin bo‘lgan uchar obektlar payqalganida kiritiladi.

Moskva meri Sergey Sobyanin 31 avgustga o‘tar kechasi ham Moskva oblastining Voskresenkiy rayonida poytaxt tomon harakatlangan dron urib tushirilgani haqida xabar bergandi.

«Dojd» xabariga ko‘ra, hudud havo kengligida yuzaga kelgan xavf tufayli Moskva shahridagi Vnukovo, Domodedovo va Sheremetevo aeroportlarida 50 dan ortiq reys kechiktirilgan. Vnukovo va Domodedovo aeroportlarida xavfsizlik nuqtayi nazaridan cheklovlar kiritilgan.

Mahalliy vaqt bilan 21 avgust kuni soat 9:15 holatiga ko‘ra, reyslarni qabul qilish tiklangani xabar qilindi. 

18 avgust kuni ham Qanot Sharq aviakompaniyasiga tegishli,  Buxorodan uchgan yo‘lovchi samolyot Moskvadagi aeroportga qo‘na olmagani xabar qilingandi. Bunga ham Rossiya poytaxtidagi havo kengliklari dronlar hujumi tufayli yopilgani sabab bo‘lgandi.

Moskvaga dronlar hujumi to‘xtamayotgani tufayli «Turkmenistan» aviakompaniyasi avgust oyi boshidayoq Rossiya poytaxtiga parvozlarni to‘xtatgandi. Bu qaror «parvoz xavfsizligini ta’minlash maqsadida xavfni baholash» asosida qabul qilingan.

Mavzuga oid