O‘zbekiston | 18:49 / 03.09.2023
14775
6 daqiqa o‘qiladi

 5 ta davlat aeroportidan shahar markazigacha arzon va qulay yetib olish usullari

Boku, Tbilisi, Istanbul, Moskva va Minsk xalqaro aeroportlari Toshkentdagi kabi shaharning markazida emas. Bu shaharlarga samolyotda uchgan kishi borki, albatta qo‘ngan aeroportidan chiqqach shahar markazigacha ma’lum masofa yo‘l yurishiga to‘g‘ri keladi. Kun.uz muxbiri ushbu shaharlardagi aeroportlardan shaharning markazigacha qanday qilib oson va arzon yetib olish haqida tavsiyalari bilan bo‘lishdi.

Ro‘yxatimizdagi ilk davlat – Ozarboyjon

Dunyoning eng go‘zal 5 yulduzli aeroportlaridan biri Boku tayyoragohidan shaharga chiqishdan oldin, eng avvalo, pullarimizni ayirboshlab olishimiz kerak. Aeroportlarda valuta kurslari sotib olishda juda qimmat, sotishda esa juda past narxlarda bo‘ladi. Shu sababli yoningizda 10 yoki 20 dollarlik kupyura bo‘lsa, foydadan xoli bo‘lmaydi. Qolgan pullaringizni shaharga yetib olgach, yaxshiroq qiymatlarda almashtirib olaverasiz.

Shahar markazigacha 20 kmdan oshib qoladigan masofa uchun taksi xizmatlari juda qimmat. Lekin qulay transportlar ham yo‘q emas. Tayyoragoh qarshisidan Bokuning “28 may” metro bekatigacha qatnovchi ekspress avtobuslar har soatda yo‘lga chiqadi. Ushbu transport xizmatidan foydalanish shaharga yetib olish uchun eng cho‘ntakbop usuldir. Faqat unga chiqish oldidan aeroportda “Boku” transport kartasini xarid qilish kerak bo‘ladi.

Karta uchun 2 manat yoki 14 ming so‘m, ekspress avtobus xizmati uchun esa 1,3 manat, ya’ni 9 ming so‘m – jami 3,3 manat yoki o‘zbek so‘mida taxminan 23 ming so‘m bilan Ozarboyjon poytaxtiga yarim soatda yetib borasiz.

Keyingi manzil – Gurjiston

Tbilisi aeroportidan ham 20 AQSh dollaricha qiymatdagi pulni Gurjiston larisiga ayirboshlab olamiz. Terminaldan chiqib, o‘ng tomonga yursak, bekatdan 337-raqamli avtobus bizni poytaxt markaziga eltib qo‘yadi va bunda Bokudagidek shahar transport kartasi talab etilmaydi. Yo VISA plastik kartasi, yoki avtobus haydovchisidan naqd pulga sotib olinadigan chipta bilan shaharga yetib olasiz.

Chipta narxi 1,5 lari. Bu taxminan 7 ming o‘zbek so‘miga teng. Yo‘l haqi Bokuga nisbatan arzon, lekin bu ekspress avtobus emas. Ushbu jamoat transporti orqali har bir bekatga to‘xtab-to‘xtab, 1 soat deganda 20 kmcha uzoqlikdagi Tbilisi markaziga yetib olasiz.

Qulay aeroport – Istanbul

Dunyoning eng qulay tayyoragohlaridan biri bo‘lmish Istanbul xalqaro aeportida hammasi juda oson. Shunchaki, terminal ichidagi “chiqish” ishoralari orqali harakatlanamiz, avtobus belgisi ko‘rsatilgan yo‘nalishlar bo‘yicha yurib, aeroportning eng pastki qavatiga tushamiz.

U yerdan Istanbul va Bursaning bir nechta nuqtalariga ekspress avtobus qatnaydi. Ular hech qanday bekatlarsiz, to‘g‘ri shahar ichiga kirib boradi. Kioskalarda sotiladigan chipta narxlari 136 turk lirasi yoki 61 ming so‘mga to‘g‘ri keladi.

Arzon chipta va mehmonxonalar-chi?

Gap arzon sayohat haqida ketar ekan, eng birinchi navbatda hamyonbop samolyot chiptalari va mehmonxonalarga ehtiyoj sezamiz. Shunday paytda aviasales.uz platformasi yordamga shay. Yoki uning ilovasi orqali o‘zingiz uchun eng qulay davlat, kun va narxlarda chiptalarni xarid qiling. Birato‘la shu ilovadan mehmonxonalarni ham band qilib, evaziga 5 foizli keshbek pullarini ham hamyoningizga qaytarib oling va o‘zingizga mos sayohat rejasini tuzing!

Moskvaning 2-yirik aeroporti – Domodedovo

Ushbu gavjum aeroportdan chiqishingiz bilan 1185-raqamli qizil rangli ekspress avtobuslar 250 Rossiya rubli evaziga (to‘lov naqd pul va Rossiyada sanksiyaga tushmagan boshqa plastik kartalari orqali) sizni yo‘lda hech qanday bekatlarga to‘xtamasdan, yarim soatda Moskvaning “Domodedovo” metro bekatigacha eltib qo‘yadi. Bu taxminan 30 000 so‘mga teng.

Minsk aeroportidan shahargacha

Belarus poytaxti Minsk aeroportidan chiqishingiz bilan terminal ostonasidan “300-E” raqamli avtobus yoki “1400” raqamli marshrut mikrobuslari mos ravishda 5 va 6 Belarus rubli (18 000 so‘m va 22 000 so‘m) bilan poytaxt markazi – temiryo‘l vokzaligacha 1 soatda sizni olib borib  qo‘yadi. Bu ekspress transportlarining oraliq qatnash vaqti esa 1 soat 20 daqiqani tashkil qiladi. To‘lovlarni naqd shaklda va to‘lov kartalari orqali amalga oshirish mumkin.

Bu rubllar Rossiya rubliga qaraganda ancha qadrli ekan. Aniqroq aytganda, 1 belarus rubli 30 rus rubliga teng.

Ushbu avtobuslar aeroportdan 24/7 rejimda har 1 soat-u 20 daqiqa davomiylikda yurib, shahar markaziga 1 soat deganda yetib boradi. Biz avtobusga ulgurmadik. Undan tashqari 1400 raqamli marshrut ham avtobus yo‘lkira narxidan unchalik farq qilmaydigan qiymatda manzilingizga eltib qo‘yadi. Yo‘l haqini naqd pulda ham to‘layverasiz. Narxi 5-6 belarus rubli. Ya’ni bizning o‘zbek so‘mida avtobus uchun 18 ming so‘m, marshrut uchun esa 22 ming so‘m atrofida pul to‘laysiz.

Shunday qilib, 5 ta davlat aeroportidan shaharlar markazigacha bo‘lgan eng arzon transportlar reytingi quyidagicha:

  1. Gurjiston – 7 000 ming so‘m;
  2. Belarus – 18 000 ming so‘m;
  3. Ozarboyjon – 23 000 ming so‘m;
  4. Rossiya – 30 000 ming so‘m;
  5. Turkiya – 61 000 ming so‘m.

O‘zbekistonda esa bu miqdor 1400 so‘mni tashkil qiladi. Ya’ni Toshkent xalqaro aeroportidan chiqishingiz bilan shahar va shahar jamoat transportlari bekatiga chiqib borasiz. Barchaga yoqimli sayohat!

Sardorbek Usmoniy

Mavzuga oid