O‘zbekiston | 21:43 / 04.09.2023
24512
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura: SamDU Kattaqo‘rg‘on filialida plita qulashidan 6 nafar talaba jarohatlangan

Avvalroq universitet bayonotida jarohatlanganlar soni ikki nafar ekani aytilgandi. Prokuratura mutaxassislarni jalb qilgan holda binoning qurilishi va mukammal ta’mirlanishi bo‘yicha tekshiruv boshlagan.

Foto: Zarnews

Samarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on filialidagi faollar zalining shift qismiga o‘rnatilgan temir-beton plitasi qulab tushgani oqibatida 6 nafar talaba qiz tan jarohati olgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Gazeta.uz'ga ma’lum qilgan.

Hozirda binoning qurilishi hamda mukammal ta’mirlanishi holati mutaxassislar jalb qilingan holda o‘rganilmoqda, deyiladi prokuratura xabarida.

Avvalroq universitet rasmiysi Kun.uz'ga hodisa oqibatida 3 nafar talaba qiz jarohat olganini ma’lum qilgan, ko‘p o‘tmay universitet rasmiy bayonotida jarohatlanganlar soni 2 nafar ekani, ularning umumiy ahvoli yaxshiligi aytilgandi.

Holat bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar prokuraturasi tergovga kadar tekshiruv boshlagan.

Samarqand davlat universiteti Kattaqo‘rg‘on filialining Kattaqo‘rg‘on shahar Amir Temur ko‘chasi 27-uyda joylashgan o‘quv binosi sobiq Samarqand davlat instituti akademik litseyi binosi uchun qurilgan bo‘lib, 2008 yilda foydalanishga topshirilgan.

2008−2018 yillarda SamDChTI qoshidagi akademik litsey sifatida, 2019−2021 yillarda Kattaqo‘rg‘on shahar 7-maktabi faoliyat olib borgan.

Mavzuga oid