O‘zbekiston | 10:03 / 04.09.2023
11447
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda ekologiya xodimi daraxt kesishga ruxsat berishi uchun pora olayotganda ushlandi

U Navoiy shahrida qurilish firmasidan kesib tashlangan 3 tup daraxt uchun tabiatga yetkazilgan 92,4 mln so‘m zararni undirmaslik hamda yana 4 tup daraxtni kesib tashlashga ruxsat berishi uchun 163 mln so‘m talab qilgan.

Foto: Navoiy viloyati IIB

Navoiy viloyati Tabiat resurslari boshqarmasi O‘rmonlarni rivojlantirish va cho‘llanishga qarshi kurashish shu’basi bosh mutaxassisi M.R. huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘lga olindi. Bu haqda Kun.uz’ga viloyat IIB xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, “I.G.N.” MChJ ish boshqaruvchisi Sh.H. viloyat IIB rahbari nomiga ariza bilan murojaat qilgan. U arizasida MChJ tomonidan Navoiy shahrida ko‘p qavatli turar joy qurilayotgani, ekologiya xodimi M.R. qurilish ishlarini amalga oshirishi uchun 4 dona tut daraxtini kesib tashlashga ruxsat berishi, shuningdek, firma rahbari tomonidan oldinroq kesib tashlangan 3 tup tut daraxtiga hisoblangan 92,4 mln so‘m tabiatga yetkazilgan zararni undirmaslik evaziga 163 mln so‘m talab qilganini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

28 avgust kuni M.R. huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda arizachidan kelishilgan pulni olgan vaqtida ushlangan. Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.  

Oldinroq Navoiy viloyati Karmana tumani Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i kesib tashlangan daraxtlar uchun bayonnoma rasmiylashtirmaslik evaziga fuqarodan 10 mln so‘m olayotganda ushlangandi.

Mavzuga oid