O‘zbekiston | 12:58 / 05.09.2023
246920
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat oliy ta’lim muassasalarida 1 yillik kontrakt va super-kontrakt narxlari e’lon qilindi

Yangi o‘quv yilida kontrakt va super-kontraktda o‘qiydigan barcha talabalar 2022/2023 o‘quv yili uchun belgilangan miqdorni to‘laydi.

Davlat OTMda 2023/2024 o‘quv yili uchun bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari (magistratura mutaxassisliklari) bo‘yicha bir talabani to‘lov-kontrakt shaklida bir yillik o‘qitish qiymati miqdorlari tasdiqlandi.

Yo‘nalishlar bo‘yicha to‘lov-kontrakt miqdorlarining pdf shaklini bu yerdan ko‘rish mumkin.

Shuningdek, 2023/2024 o‘quv yili super-kontrakt miqdori ham 2022/2023 o‘quv yili uchun belgilangan miqdorlarda o‘zgarishsiz qoldi.

Super-kontrakt miqdorlarini pdf shaklida bu yerdan yuklab olish mumkin.

Amaldagi qonunga ko‘ra, to‘plagan ballari tasdiqlangan to‘lov-kontrakt bo‘yicha qabul kvotalari chegarasiga:

  • 1 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — 1,5 barobar;
  • 1,1 balldan 2 ballgacha yetmaganlar uchun — 2,0 barobar;
  • 2,1 balldan 3 ballgacha yetmaganlar uchun — 2,5 barobar;
  • 3,1 balldan 4 ballgacha yetmaganlar uchun — 3,0 barobar miqdorida to‘lov qilib o‘qishi mumkin.

Minimal balldan (bu yil 56,7 ball) kam to‘plamagan, lekin qabul kvotasiga 4,05 balldan ortiq yetmagan abituriyentlar uchun yo‘nalishlariga qarab super-kontrakt miqdori bazaviy kontraktning bir necha barobari ko‘rinishida belgilanadi. 

Masalan, o‘tgan 2022 yilgi miqdorda pedagogika yo‘nalishi uchun belgilangan kontraktning 8 baravari 10 foizlik chegirma bilan (46,1 mln so‘m), yurisprudensiya yo‘nalishiga esa bazaviy kontraktning 25 baravari (220,7 mln so‘m) etib belgilangan.     

Ya’ni agar abituriyent 56,7 balldan ko‘p to‘plagan, biroq o‘tish balliga 4,05 balldan ko‘proq yetmay qolgan bo‘lsa, unda shunaqa miqdordagi pulni to‘lab talaba bo‘lish imkoniga ega bo‘ladi. 

Agar abituriyent minimal ballni ham to‘play olmagan bo‘lsa, u holda unga o‘z yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan eng yuqori kontrakt miqdorining 2 baravarini to‘lab talaba bo‘lish huquqi beriladi. Masalan, yurisprudensiya yo‘nalishiga super-kontrakt miqdori 220,7 mln so‘m etib belgilangan bo‘lsa, minimal balldan kam to‘plaganlar shuning ikki baravarini to‘lab o‘qish imkonidan foydalanishi mumkin.

Oldinroq, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 2023/2024 o‘quv yilida davlvt oliy ta’lim muassasalarining barcha yo‘nalish va bosqichlari uchun to‘lov kontrakt, super-kontrakt miqdorlari o‘zgarishsiz qolishini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid