“Eng sermahsul davrida katta konsertlar bermadi”. Siyosatshunos – o‘z vaqtida Sherali Jo‘rayevga qo‘yilgan “zapret” haqida
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov “Nuqtayi nazar” ruknida kuni kecha vafot etgan san’atkor Sherali Jo‘rayev birinchi prezident davrida taqiqqa tushgani va eng sarmahsul yillarida muxlislari uchun katta konsertlar bera olmagani haqida so‘z yuritadi.
Sherali Jo‘rayev, ko‘plab qo‘shiqchilar qatori, juda ko‘p yillar “zapret”da bo‘ldi. 90-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab, to 2016 yilga qadar, O‘zbekiston jamoatchilik diqqat markazida faqat bitta odam bo‘ldi: tabiiyki, Karimov. Qolganlar birin-ketin yoki o‘zini saqlash maqsadida, yoki tepadagi buyruq sababli xalq e’tiboridan uzoqlashdi, uzoqlashtirildi.
Sherali Jo‘rayev 90-yillarning o‘rtalarida “zapret”ga tushgandi. Agar e’tibor bersangiz, u eng sermahsul davrida katta konsertlar bermadi, u uchun “Xalqlar do‘stligi”, “Turkiston” yoki boshqa san’at qasrlarining eshiklari doim yopiq edi.
Karimovning xarakteri juda og‘ir edi. U kimnidir yomon ko‘rib qolsa, boshqa kechirmasdi, kek saqlab yuraverardi. Lekin, eshitishimcha, Karimov ham Sherali Jo‘rayevning qo‘shiqlarini yaxshi ko‘rgan. Shunday bo‘lsa-da, uni to‘liq kechirmagan va sahnaga qaytarmagan.
Shuning uchun Sherali Jo‘rayev xalqqa ko‘rinishining yagona usulini topgan: o‘z uyida konsert berib, qo‘shiqlarini “Sher” studiyasida yozib, disklar orqali xalqqa tarqatgan. Bunga davlat hech qanday monelik qila olmagan.
Hatto, adashmasam 2001 yilda “Xamza” teatri qayta ta’mirlanib Milliy akademik drama teatri deb nomi o‘zgartirilganda, shu teatrni qayta ochilishiga Islom Karimov keladi. Shunda Sherali Jo‘rayevning yaqin do‘stlari – shoirlar-u adiblar u bilan Karimovni yarashtirish maqsadida: “Sher aka, teatr zinapoyasida biz bilan birga turing, Karimov hamma bilan ko‘rishib kelib, siz bilan ham ko‘rishib, yarashib ketadi” degan. Shunday ham qilishgan. Karimov hamma bilan qo‘l berib ko‘risha turib, Sherali Jo‘rayevni ko‘rgach, qolganlar bilan ham salomlashmay, teatrga kirib ketadi.
Qiziq davrni boshdan kechirdik. Katta bitta davlatda faqat bitta odam gapirardi, o‘ynardi, kulardi, yig‘lardi, qo‘shiq aytardi, maqtardi, tanqid qilardi... Boshqa hamma tomoshabin edi. Bitta davlat – bitta odam... Sherali Jo‘rayev – faqat uyida, Yulduz – Turkiyada, Obid Asomov – Rossiyada...
O‘zbekistonda fobiyalar ko‘p, lekin millatga, davlatga va xalqqa real va juda katta zarar yetkazgan asosiy narsa – bu davlat diktaturasi bo‘ldi, boshqa narsa emas...
Kamoliddin Rabbimov,
siyosiy tahlilchi
Mavzuga oid
14:45 / 18.11.2024
Jo‘rayevlar ishida sud qarori o‘zgarishsiz qoldirildi
18:29 / 12.11.2024
Italiyada 2 mingdan ziyod soxta san’at asarlari musodara qilindi
16:05 / 12.09.2024
“Apellyatsiya shikoyati kiritamiz” – Zohirshoh Jo‘rayev
13:04 / 11.09.2024