Jahon | 08:08 / 05.09.2023
7544
3 daqiqa o‘qiladi

Sholsning ko‘zida bog‘ich bilan tushgan surati hazil va memlarga sabab bo‘ldi

Germaniya kansleri yiqilganidan keyin birinchi marta qanday ko‘rinishda ekanligini ko‘rsatdi. Uning ko‘ziga bog‘ich bog‘langan surati ijtimoiy tarmoqlarda o‘nlab memlarga sabab bo‘ldi.

Foto: Steffen Kugler/dpa/Bundesregierung/picture alliance

Germaniya kansleri Olaf Shols 4 sentabr, dushanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda o‘ng ko‘zi bog‘lab qo‘yilgan va yuzida jarohat izi bo‘lgan holda tushgan suratini joylashtirdi. Bu siyosatchining dam olish kunlari sport bilan shug‘ullanayotganda jarohat olgani haqidagi xabarlardan beri birinchi rasmi. 

«Memlarni intiqlik bilan kutmoqdaman. Yaxshi tilaklar uchun rahmat, u aslidagidan ham yomonroq ko‘rinyapti», deb yozgan Shols X (sobiq Twitter) tarmog‘idagi postiga

Germaniya kansleri qaroqchi obrazida

Foydalanuvchilar uzoq kuttirmadi va bir necha soat ichida ijtimoiy tarmoqlarda Shols bilan o‘nlab memlar paydo bo‘ldi. Ularning aksariyati qaroqchilarga taalluqli. Kansler kapitan Jyek va «Karib dengizi qaroqchilari» franshizasining boshqa qahramonlari, shuningdek, multfilmlardagi qaroqchilar bilan solishtirilgan. 

Ba’zi memlarda Shols 2006 yilda tashkil etilgan Germaniya qaroqchilari partiyasining yuzi sifatida tasvirlangan. 

Boshqalarida - qaroqchilik kontentini yuklab olish uchun sayt reklamasidek.

«Baxtsizlikdagi do‘stlar» 

Rus tilida so‘zlashuvchi foydalanuvchilar uni Aleksey Navalniyga o‘xshatdi. 2017 yilda rossiyalik muxolifat yetakchisi yashil bo‘yoq bilan hujumga uchragach, xuddi shunday bog‘ichni taqib yurgan edi. O‘shanda Navalniyning ko‘zi kuygan. 

Germaniya hukumati rahbarining surati AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning surati bilan solishtirildi, u ham yaqinda internetga memlarga sabab bo‘ldi.

Sholsning postiga izohlarda foydalanuvchilar kanslerning tezroq sog‘ayib ketishini va o‘z vazifasiga qaytishini tiladi. 

Shols yugurish paytida yiqilib tushgan

Avvalroq Shols 2 sentabr kuni yugurish chog‘ida «kichik sport jarohati» olgani haqida xabar berilgandi. Germaniya hukumati matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, 65 yoshli siyosatchi yiqilib, yuzidan jarohat olgan.

Shu sababli u 3 sentabr kuni Gessen federal yerida o‘z partiyasining saylovoldi tadbirlarida qatnasha olmadi. Biroq uning bu haftadagi uchrashuvlari bekor qilinmadi. 

Mavzuga oid