Jamiyat | 20:18 / 05.09.2023
22219
6 daqiqa o‘qiladi

«Taklif tushsa, oliy liga jamoalari bilan raqobatga tayyormiz» - «Zakovat»ning ilk jamoasi a’zolari bilan intervyu 

2001 yil boshlarida O‘zbekistonda «Zakovat» intellektual teleo‘yinlari efirga uzatilib boshlarkan, undagi ilk ishtirokchi jamoa – Habibullo Rajabov jamoasi qisqa vaqt ichida xalq mehrini qozonishga ulgurgan edi. Ammo ko‘p o‘tmay jamoa negadir loyihadagi ishtirokini to‘xtatdi. Bu haqda tomoshabinlarga na jamoa a’zolari va na teleo‘yin tashkilotchilaridan biror aniq tushuntirish berilmadi.

Kun.uz muxbiri “Zakovat” muxlislarining eng sevimli jamoalaridan biri bo‘lgan ushbu jamoa a’zolarini 20 yildan ortiqroq vaqt o‘tib intervyu stoli atrofida to‘pladi.

— Qarang, oradan 20 yildan ko‘proq vaqt o‘tibdi. Xo‘sh, bugun kim qayerda, nima bilan mashg‘ul?

Habibullo Rajabov:

— O‘sha 20 yil oldingi voqealar biz uchun ham juda bir hayajonli bo‘lgan. Intellektual o‘yinlar, ko‘rsatuvlar endigina efirga chiqa boshlagan paytda bu o‘yin ham o‘ziga yarasha muxlislarini topgan edi. Va o‘sha o‘yinning bir qismi bo‘lganimizdan faxrlanamiz.

Hozir ham intellektual jarayonlardan uzoqda emasmiz. Ko‘rsatuvlarda qatnashmasak-da, birligimiz saqlanib qolgan, doimiy yig‘ilishlar, suhbat-munozaralar bo‘ladi. Buning sababi deyarli barchamiz hozir ham ta’lim tizimida ishlaymiz. U davrlar biz uchun ham qiziq davrlar edi, o‘qish, izlanish, kitob axtarishlar o‘sha davrdan shakllanib qolgan bizda. Yig‘ilishlarimizda ham shu yangi ma’lumotlar, qanday yangiliklar bo‘layotganini bo‘lishamiz. «Zakovat»da topganlarimizning eng muhimi shu qadrdonlar davrasi, do‘stlik.

O‘zim hozir Toshkent davlat transport universitetida dotsentman. Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktoriman va talabalarga ham shu yo‘nalishda dars berib kelyapman.

Dilshod Sa’dullayev:

— Ayni vaqtda o‘zim o‘qigan maktabda matematika fanidan dars beryapman. Orada universitetni tugatgach, 15 yil davomida oliy ta’lim tizimida ishladim. O‘zbekiston Milliy universiteti, Iqtisodiyot universitetlarida oliy matematika va ehtimollar nazariyasi bo‘yicha dars berdim. Yaqin 5 yildan beri esa shu xalq ta’limidaman.

Sobirjon Qodirov:

— «Zakovat»dan keyin ancha joylarda bo‘ldim. O‘qishni bitirgach, harbiy xizmatda bo‘ldim, so‘ng xususiy bir sohalarda ishladim. «O‘zgidromet»da ham ishladim, orada Germaniyada o‘qib keldim. Hozir Milliy tadqiqot universitetida dars beraman, shu orada ham Ispaniya va Italiyada o‘qidim. Umuman, asosiy faoliyatim universitetda bo‘lyapti hozir.

Zebo Shomirova:

— Mening ham faoliyatim Sobirjon akadan kam bo‘lmadi, chunki o‘zim bir joyda turolmaydigan odamman. Bankda ishladim, kredit komissiyasida ham faoliyat olib bordim. Chet elda ham ishlab keldim. Hozir Milliy tadqiqot universitetida iqtisodiyot falkultetida o‘z soham bo‘yicha dars berib kelyapman.

Sobirjon Qodirov:

— Hozir «Zakovat» ancha ommalashib ketdi. Shuning uchun universitetimiz rektori topshirig‘i bilan Zebo ikkimiz talabalar o‘rtasidagi «Zakovat» o‘yinlariga mas’ulmiz.

— «Zakovat»ga kirib kelishingiz, qanday qilib bir jamoa sifatida va bir stol atrofida yig‘ilganingiz haqida ham gapirib bersangiz.

Zebo Shomirova:

— 2000 yil oxirida birinchi o‘yinimiz bo‘lgan, uchinchi kurs edik. Milliy universitet bazasida shakllangan edi o‘sha payt «Zakovat». Barchamiz turli fakultetlardan bo‘lganmiz, tanlab olishgan. Savol-javob qilib ko‘rishgan. Ayni qishki imtihonlar payti edi o‘shanda.

Sobirjon Qodirov:

— Zebo aytganiday, qishki imtihonlar payti bo‘lgan. Vazifalarni topshir, kurs ishlarini qil — rosa taloto‘pga to‘g‘ri kelgan. Dekanatdan chaqirishgan bizni. Men borsam, Zebo endi chiqyapti ekan. Qarab turdim-da, qisqacha savol-javob qilarkan, deb qo‘ydim. Lekin kirsam, Abdurasul aka naq 15 tacha savol berdilar. Taxminan 13 tachasiga javob berdim. Aytdilar nima bo‘lishini, xo‘p dedim men ham. Qolganlardayam xuddi shunday bo‘lgan. 2001 yil fevral oyida yig‘ilib, jamoani shakllantirib, jamoa sardori tayinlab oldik.

Dilshod Sa’dullayev:

— Meniyam xuddi shunday qilib dekanatdan chaqirtirishgan. Borganman, asosan blits savollar berishgan, qo‘ldan kelgancha javob berganman. Muddaolarini aytgan, men rozi bo‘lganman. Yanvar oyidan yig‘ilib boshlab jamoa shakllantirganmiz, fevral oyiga kelib o‘yinimiz bo‘lgan.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Javohir G‘ayratov.

Mavzuga oid