O‘zbekiston | 07:56 / 07.09.2023
5090
2 daqiqa o‘qiladi

Internetda tovlamachilik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda

Noqonuniy kripto-aktivlar aylanmasi va mayningi bilan shug‘ullanganlar, agar ularni tayyorgarlik ko‘rilayotgan yoki sodir etilayotgan jinoyat haqida o‘z ixtiyori bilan arz qilgan va uni ochishga faol yordam bergan bo‘lishsa jinoiy javobgarlikdan ozod qilinadi.

Foto: Anadolu Agency

Qonunchilik palatasi majlisida “Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokamalar markazida bo‘ldi.

Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan internetda tovlamachilik, noqonuniy kripto-aktivlar aylanmasi va mayningi bilan shug‘ullanganlik uchun jinoiy javobgarlik hamda mobil qurilmaning xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodini qonuniy ishlab chiqaruvchisining ruxsatisiz o‘zgartirish, ushbu maqsadda maxsus dasturlar ishlab chiqish, o‘tkazish yoki ulardan foydalanish uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Qonun tashabbuskorlarining ma’lum qilishicha, noqonuniy kripto-aktivlar aylanmasi va mayningi bilan shug‘ullanganlar, agar ularni tayyorgarlik ko‘rilayotgan yoki sodir etilayotgan jinoyat haqida o‘z ixtiyori bilan arz qilgan va uni ochishga faol yordam bergan bo‘lishsa jinoiy javobgarlikdan ozod qilinadi.

Qonun loyihasining qabul qilinishi kelgusida axborot texnologiyalari yordamida sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish, ularga qarshi kurashish hamda tergov qilishda barcha kuch va vositalarni to‘liq yo‘naltirishga, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzish va qonunga xilof ravishda mayningni amalga oshirish uchun javobgarlik doirasining aniq norma bilan belgilanishiga xizmat qiladi.

Deputatlar qonun loyihasining zaruratini hisobga olib, uni birinchi o‘qishda qabul qildi.

Mavzuga oid