Jahon | 15:12 / 08.09.2023
11796
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: «Prigojinni Putin o‘ldirdi, bizda shunday ma’lumot bor»

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning aytishicha, «Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojinni Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘ldirtirgan. Zelenskiy bu haqda Kiyevda, «Yalta» sammitidagi chiqishida aytdi.

Foto: Volodimir Zelenskiy Telegram-kanali

«Putin Prigojinni o‘ldirdi, har holda bizda shunday ma’lumot bor. Biz Prigojinning o‘limini bir terrorchi kamaydi deb qabul qildik», dedi Zelenskiy.

Ukraina prezidentining aytishicha, Prigojinning o‘limi mamlakat uchun yaxshi xabar bo‘lgan: «Ruslarning ruhiyati tushib ketdi, axir ular mana shu vagnerchilar ortiga berkingandi-da. Ular vagnerchilar, yollanma jangchilar hayoti evaziga tuzilgan himoyadan ayrilishdi. Bu qaysidir ma’noda biz uchun plyus», dedi Volodimir Zelenskiy.

Ukraina yetakchisi aynan qaysi ma’lumotga tayanib Prigojinning o‘limida Putinning qo‘li borligini haqida aytganini izohlamagan. 25 avgust kuni Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov BBC'ning so‘roviga javoban Yevgeniy Prigojinning o‘limida Kremlning aloqasi borligi haqida xabarlarni yolg‘on deb atagandi.

Ma’lumot uchun, «Vagner» asoschisi Yevgeniy Prigojin 23 avgust kuni Tver osmonida sodir bo‘lgan aviahalokat natijasida halok bo‘lgandi.

Mavzuga oid