Iqtisodiyot | 18:11 / 11.09.2023
25091
4 daqiqa o‘qiladi

Energetika vaziri: Tabaqalashtirilgan tariflarga o‘tishdan oldin ta’minot uzluksiz bo‘lishiga erishishimiz kerak

2024 yilning may oyidan boshlab aholiga elektr energiyasi yetkazib berishda tabaqalashtirilgan tariflar joriy qilinishi mumkin. Bu – badavlat aholining davlat budjeti hisobidan arzon elektr energiyasidan foydalanishiga chek qo‘yadi.

Jo‘rabek Mirzamahmudov / Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Bugun, 11 sentabr kuni energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ishtirokida OAV vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Ma’lum qilinishicha, aholi uchun elektr energiyasi tariflarini oshirish hamda tabaqalashtirilgan tariflarni joriy qilish bo‘yicha takliflar kiritish 2024 yilning may oyiga rejalashtirilgan. Vazir loyiha kiritilishining asosiy sharti sifatida davlat iste’molchilarni elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlay olishi kerakligini alohida qayd etdi.

“Hozir e’lon qilingan loyihada faqat yuridik shaxslar uchun yangi tariflar belgilanishi nazarda tutilgan, lekin aholi uchun narxlar o‘zgartirilmayapti.

Aholi uchun tabaqalashtirilgan tariflarni belgilashdan oldin biz eng avvalo uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berishni ta’minlashimiz kerak. Ya’ni narx oshsa-yu, lekin elektrda uzilish bo‘laversa, aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘ladi. Shu sababli biz hozirda generatsiyalarni oshirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish ishlarini jadallashtiryapmiz.

Agar uzluksiz elektr yetkazib berishni ta’minlay olsakkina, aholi uchun elektr energiyasida tabaqalashtirilgan tariflarni 2024 yilning 1 mayidan joriy qilish bo‘yicha loyihani hukumatga kiritishni rejalashtiryapmiz. Lekin bu aynan shu kundan narx oshadi, degani emas, hozircha barchasi loyiha, xolos.

Tabaqalashtirilgan tarif deganda belgilangan ijtimoiy normadan ko‘p elektr iste’mol qilayotgan, aytaylik uyida basseyni, saunasi, ko‘plab maishiy texnikalari bor xonadonlar, ya’ni nisbiy olganda boy va o‘ziga to‘q xonadonlar uchun narx oshadi, degani. Hozir aholining 15 foizi oyiga 300 kWh dan ortiq elektr energiyasini iste’mol qiladi. 75 foiz aholining iste’moli esa o‘rtacha 200 kWh dan oshmaydi”, – dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 25 iyul holatiga jismoniy shaxs bo‘lgan abonentlarning 74,9 foizi oyiga 200 kWh gacha elektr energiyasidan foydalangan. 201 kWh dan 300 kWh gacha iste’mol qiladigan abonentlarning ulushi esa 9,7 foizni tashkil qilgan.

Ta’kidlash lozim, davlat subsidiyasi hisobiga arzon ushlab turilgan narxlar boy-u kambag‘al uchun birdek bo‘lishi noto‘g‘ri, arzonlashtirilgan narxlar manzilli ravishda haqiqatan ehtiyojmand aholiga yetib borishi lozim.

Yuqoridagi statistik raqamlar shuni ko‘rsatmoqdaki, aholining 84,6 foizi yetkazib berilayotgan elektr energiyasining bor-yo‘g‘i 37 foizini iste’mol qilmoqda. Ko‘rinib turibdiki, ba’zi aholi qatlami davlat tomonidan ajratilayotgan subsidiyadan judayam ko‘p miqdorda foydalanmoqda.

Boshqacha aytganda, hozirda “svet” va gazdan foydalanayotgan har bir iste’molchiga budjetdan kompensatsiya to‘lanyapti, bu esa kim qancha ko‘p energiya iste’mol qilsa, unga shuncha ko‘p kompensatsiya to‘lanadi degani.

Bu, bir tomondan, sezilarli ko‘p energiya ishlatadigan daromadi yuqori qatlamning xarajatlari barchaning yelkasiga “sochib yuborilishi” (oddiy tilda aytganda, boylarning kambag‘allar hisobidan arzon elektr va gazdan foydalanishi)ga, boshqa tomondan iste’molchilarda energiyani tejash uchun rag‘bat bo‘lmasligiga olib keladi.

Mavzuga oid