O‘zbekiston 2026 yilgi Xalqaro informatika olimpiadasiga mezbonlik qilishi mumkin
2023 yilda o‘zbekistonlik o‘quvchilar xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalarida 65 ta medalga ega chiqdi. Sovrindor o‘quvchilar va ularning ustozlariga jami 2,6 mlrd so‘m mukofot pullari topshirildi.
9 sentabr kuni Toshkent shahrida xalqaro fan olimpiadalari g‘olib, sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda g‘olib o‘quvchilar va ularning ustozlari 2 milliard 686 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil hisobidan O‘zbekiston 5 ta nufuzli xalqaro fan olimpiadasida qatnashib, 2 ta oltin, 1 ta kumush va 10 ta bronza, jami 13 ta medalni qo‘lga kiritgan.
Jumladan, BAAda o‘tkazilgan 34-Xalqaro biologiya (IBO), Yaponiya mezbonlik qilgan 64-Xalqaro matematika olimpiadalarida (IMO) 3 tadan bronza, Tokiodagi 53-Xalqaro fizika olimpiadasida (IPhO) 1 ta bronza, Shveytsariyadagi 55-Xalqaro kimyo olimpiadasida (IChO) 2 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medali qo‘lga kiritilgan.
Shuningdek, Vengriyaning Segad shahrida o‘tgan 35-Xalqaro informatika olimpiadasida (IOI) 2 ta bronza medali yutilgan. Qayd etish joiz, O‘zbekiston Xalqaro informatika olimpiadasida ko‘p marotaba ishtirok etgan, ammo bungacha birorta medal qo‘lga kiritmagandi.
Ta’kidlanishicha, 2026 yilgi Xalqaro informatika olimpiadasiga O‘zbekiston mezbonlik qilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, yil davomida O‘zbekiston o‘quvchilari turli mintaqaviy xalqaro olimpiadalarda ishtirok etib, jami 52 ta medalni o‘ziniki qilgan.
Xalqaro fan olimpiada g‘oliblariga jami 1 milliard 89 million so‘m, ularning o‘qituvchilariga 875 million so‘m berildi. Mintaqaviy miqyosidagi olimpiadada yutganlarga esa 130 million so‘m, ustozlariga 593 million so‘m pul mukofoti topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2019 yildagi qaroriga ko‘ra, nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lganlar quyidagi miqdorda mukofotlanishi belgilangan:
• Oltin medal uchun – o‘quvchiga BHMning 500 baravari (165 mln so‘m), ustoziga 450 baravari (148,5 mln so‘m);
• Kumush medal uchun – o‘quvchiga BHMning 300 baravar miqdori (99 mln so‘m), ustoziga 250 baravari (82,5 mln so‘m);
• Bronza medal uchun – o‘quvchiga BHMning 200 baravari (66 mln so‘m), ustoziga 150 baravar (49,5 mln so‘m) pul mukofotlari berilishi lozim.
Shuningdek, xalqaro olimpiada g‘oliblari OTMga imtiyoz bilan grant asosida o‘qishga qabul qilinib, keyinchalik ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritgan taqdirda lavozim maoshiga 150 foiz har oylik ustama olishi ham mumkin.
Mavzuga oid

20:59 / 16.04.2025
Har yili dekabrda «Prezident Olimpiadasi» o‘tkaziladi

16:56 / 11.11.2024
Toshkentlik o‘qituvchi olimpiadada muvaffaqiyatli qatnashgan o‘quvchilari uchun 1 milliard so‘m mukofot puli oldi

20:43 / 09.11.2024
Informatika fani o‘qituvchilari ham attestatsiya imtihonidan norozi

18:03 / 09.09.2024