O‘zbekiston | 22:56 / 12.09.2023
16782
3 daqiqa o‘qiladi

Avtomobil egasi kamera tomonidan qayd etilgan barcha qoidabuzarlik uchun javobgar bo‘lmaydi - qonun loyihasi 

Taklif etilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video texnika vositalari orqali qayd etilgan qoidabuzarlik uchun transport vositasini fuqarolik-huquqiy tartibda boshqarish yoki foydalanish huquqini olgan shaxs javobgarlikka tortilishi mumkin. 

Foto: Kun.uz

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yo‘l harakati qoidalari buzilganlik uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqidagi qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yildi. 

Unga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxsga tegishli transport vositasidan foydalanib sodir etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video texnika vositalari orqali qayd etilgan taqdirda, transport vositasini fuqarolik-huquqiy tartibda boshqarish yoki foydalanish huquqini olgan shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortishni belgilovchi qo‘shimcha kiritilmoqda. 

Bunga so‘nggi yillarda avtomototransport vositalarini yollash va ijaraga berish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish sohasi rivojlanib borayotgani, xususan, yuridik shaxslar tomonidan transport vositalarini jismoniy shaxslarga ijaraga va prokatga berish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatish ommalashib borayotgani sabab qilib ko‘rsatilgan. 

Amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 17(1)-moddasida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yo‘l harakati qoidalari buzilganligi qayd etilgan taqdirda, ma’muriy javobgarlikka transport vositasining mulkdori tortilishi belgilab qo‘yilgan. 

O‘zgartirishlarga ko‘ra, ushbu bandni «transport vositasining mulkdori» degan so‘zlardan keyin «yoki mazkur transport vositasini fuqarolik-huquqiy tartibida foydalangan shaxs» degan so‘zlar bilan to‘ldirish taklif etilgan. 

Ushbu moddaning ikkinchi qismini esa quyidagicha o‘zgartirish taklif etilmoqda: 

«Yuridik shaxsga tegishli transport vositasidan qonunchilikda belgilangan tartibda foydalanib sodir etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi maxsus avtomatlashtirilgan foto- va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan taqdirda, ma’muriy javobgarlikka yuridik shaxsning transport vositasidan foydalanish uchun mas’ul bo‘lgan shaxs yoki mazkur transport vositasini fuqarolik-huquqiy tartibida foydalangan shaxs tortiladi». 

Loyiha muhokamasi 26 sentabrga qadar davom etadi. 

Mavzuga oid