Iqtisodiyot | 09:43 / 12.09.2023
14006
2 daqiqa o‘qiladi

NKMK dunyodagi eng yirik oltin ishlab chiqaruvchi kompaniyalar o‘nligidan joy oldi 

Kitco kompaniyasi 2023 yilning birinchi yarim yilligida dunyoning eng ko‘p oltin qazib olgan yirik kompaniyalari Top-10 reytingini e’lon qildi. “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ reytingda 5-o‘rinda e’tirof etildi.

Foto: Jihoz-vent.uz

Reytingga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarim yilligida NKMK tomonidan 1,425 mln unsiya oltin ishlab chiqarilib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,1 foizga oshgan. Dunyodagi eng yirik oltin konlaridan biri hisoblanadigan “Muruntov” koni NKMKga tegishli ekani qayd etilgan.

Top-10 ro‘yxatda 2,513 mln unsiya oltin ishlab chiqargan “Newmont” kompaniyasi yetakchilik qilgan. Kompaniyaning ko‘rsatkichi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 11 foizga kamaygan.  

Reytingning yuqori beshligidan mos ravishda “Barrick” (1,961 mln unsiya oltin ishlab chiqargan), “Agnico” (1,686 mln unsiya oltin ishlab chiqargan) hamda “Polyus” (1,448 mln unsiya oltin ishlab chiqargan) kompaniyalari joy olgan.

Ro‘yxatda NKMKdan keyingi o‘rinlarni “AngloGold Ashanti”, “Gold Fields”, “Newcrest”, “Zijin Mining” va “Kinross” kompaniyalari egallagan.

Mavzuga oid