Sport | 02:34 / 12.09.2023
22412
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston UYeFAga o‘tib to‘g‘ri qilganmi? Qahramon Aslanov o‘zbek va qozoq futboli haqida

Foto: Tribuna.uz

Qozog‘iston milliy jamoasi kecha navbatdagi g‘alabaga erishib, Yevro-2024 final bosqichiga chiqish uchun real imkoniyat qarshisida qolgach, hamyurtlarimiz orasida turli bahslar paydo bo‘ldi – qozoqlar UYeFAga o‘tib to‘g‘ri qilganmi? Mana, biz Osiyoda qolib ham yirik musobaqalarga chiqa olmayapmiz, Qozog‘istonga esa katta klublar, milliy jamoalar mehmon bo‘ladi, mundialni o‘z stadionlarida o‘tkazishyapti, xullas.

To‘g‘risi, men ham bir paytlar UYeFAga o‘tish tarafdori edim. Balkim, hozir ham agar tanlov qarshisida qolsam, o‘sha fikrim o‘zgarmagan bo‘lsa kerak, ammo nazarimda, bu biroz oshirib yuborilgan. Ya’ni qozoqlarga qarab, nadomat chekib o‘tirishdan foyda yo‘q va kim nimaga erishgani haqidagi mulohazalar ham bahsli.

Ha, Daniyani yutish, Belgiyani yutish, «MYu»ni yutish, «Atletiko» bilan durang o‘ynash, oniy bir yuqori hissiyotlar beradigan voqealar, har yili kuchli jamoalarni qabul qilish o‘ziga yarasha bayram ham. Ammo bilasizmi, o‘sha g‘alabaning ertasiga, kecha qo‘lga kiritilgan uch ochkoning kelajakdagi ta’siri qay darajada bo‘lganikin, eslaysizmi? Yoki o‘sha g‘alaba bilan birga uch ochko ham tugaganmi? Eronni safarda yutib kelib, turnir jadvaliga qarab, guruhdagi g‘oliblik imkoniyatlarini chamalab o‘tirish tuyg‘usi balkim ularga begonadir? 

Futbol avvalo sport, unda kurash, raqobat bo‘lmas ekan, muxlisning joniga tez tegadi. Futbol yulduzlari yurtimizga tashrif buyurib, osonlik bilan g‘alaba qozonib ketishlaridan ko‘ra, teng raqobat sharoitidagi o‘yinlarni tomosha qilish baribir doimiy va barqaror emotsiyani beradi, menimcha.

Tan olaman, OChLda Saudiya klublarini xohladik, Neymar yo Benzemaning O‘zbekistonga kelishi katta voqea, to‘g‘ri, ammo agar bu voqealar har yili bo‘laversa, baribir, o‘sha «As-Sadd» bilan tengma-teng o‘yinlarni sog‘inamiz, «Adelaida» bilan pley-off o‘yinlarini yaxshiroq bo‘lganini o‘ylay boshlaymiz, ishonavering.

Qozog‘iston Yevroga chiqishi uchun endi safarda Daniyani yo Sloveniyani yutishi kerak. Biz jahon chempionatiga chiqish uchun avvalo, Eron bilan o‘yinlarda ijobiy natija lozim. Qatar yoki Xitoyga qarshi o‘yinlar kutib turibdi balkim. Qaysi biri yaxshiroq? Birdaniga ayta olmasam kerak.

Shunisini aniq ayta olaman, Mundialning o‘zida o‘ynashimizdan ko‘ra, saralashdagi kurashlar men uchun qiziqroq. Chunki ikkinchisida kurash bor, jarayon bor, birinchisi o‘sha kurashning mukofoti xolos.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid