O‘zbekiston | 22:21 / 12.09.2023
5811
3 daqiqa o‘qiladi

Senatda gender tenglikka erishish strategiyasi ijrosi muhokama qilindi 

Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Kengash a’zolari 2030 yilga qadar O‘zbekistonda gender tenglikka erishish strategiyasini 2023 yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosini muhokama qildilar. 

Birinchi yarim yillikda mazkur Dastur ijrosi bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilganligi qayd etildi. Ta’kidlanganidek, xotin-qizlarning siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish, ularni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash, ilm-fanni rivojlantirish, ayollar malakasini oshirish maqsadida olima xotin-qizlar ishtirokida “PhD sari qadam” mavzusida o‘quv kursi, “Kelajak: ilmli qizlar hamjamiyati” ta’lim-almashinuv dasturi yo‘lga qo‘yilgan. 

Inson huquqlari va gender tenglik masalalari bo‘yicha rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakaviy salohiyatini kuchaytirish bo‘yicha o‘quv kurslari joriy qilingan. 

Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari tomonidan mehnat jamoalarida zo‘ravonlik turlari va ularning oldini olish bo‘yicha

qisqa muddatli seminar-trening tashkil etilib, 2 mingdan ziyod ishtirokchi qamrab olingan. 

Majlisda senatorlar tomonidan Gender tenglikka erishish strategiyasi doirasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashdagi kamchiliklar tanqidiy muhokama etildi. 

Xususan, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha reabilitatsiya tadbirlarini o‘z ichiga olgan maxsus dastur ishlab chiqish vazifasi o‘z yakuniga yetkazilmaganligi qayd etildi. 

Davlat ishtirokidagi korxonalarning kuzatuv kengashiga nomzodlar yuzasidan e’lon qilingan tanlovlarga Milliy kadrlar zaxirasidagi xotin-qizlarning nomzodlarini jalb qilishga yetarlicha e’tibor qaratilmagani tanqid qilindi. 

Shuningdek, senatorlar tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida, hududlardagi korxona, tashkilot va muassasalarda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha maslahat kengashi organlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish borasidagi ishlarni jadallashtirish zarurligi ta’kidlandi. 

Kengash mutasaddi idora va tashkilotlarni 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2023 yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi doirasidagi vazifalarning o‘z vaqtida hamda sifatli bajarilishi masalalariga mas’uliyat bilan yondashishga chaqirdi. 

Muhokamalardan so‘ng mazkur masalalar yuzasidan Oliy Majlis Senati Kengashining tegishli qarori qabul qilindi. 

Mavzuga oid