O‘zbekiston | 13:03 / 12.09.2023
18017
2 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vaziriga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyatida yangi lavozim tayinlovlari amalga oshirildi.

“Davlat boshqaruvi” kanali xabariga ko‘ra, Farrux Sharipov, Farhod Toshpo‘latov va Olim Omonov vazir o‘rinbosarlari sifatida ish boshladi.

Farrux Sharipov 1969 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. 1993 yilda Samarqand davlat tibbiyot institutini, 2010 yilda esa Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. U 2021 yildan Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ijro etuvchi direktori sifatida ishlab kelayotgandi.

Farrux Sharipov

Farhod Toshpo‘latov 1983 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2004 yil O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, 2005 yil Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qoshidagi ixtisoslashtirilgan Oliy biznes maktabini tamomlagan. U 2021 yildan buyon «O‘zagrosug‘urta» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelgan.

Farhod Toshpo‘latov

Olim Omonov bungacha “Chorvoq” turistik rekreatsion zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasi direktori edi. Undan avval u Vazirlar Mahkamasi Hududlarni kompleks rivojlantirish, kommunikatsiyalar, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi masalalari kotibiyatida mas’ul lavozimda ishlagan.

Olim Omonov

O‘z navbatida, Ulug‘bek Sobirov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

Mavzuga oid