O‘zbekiston | 09:42 / 13.09.2023
15252
7 daqiqa o‘qiladi

«7 oyda 7 million qoidabuzarlik va mingdan ortiq o‘lim” – YTHlarning sabablari va oqibatlari haqida suhbat

2023 yilning dastlabki 7 oyida O‘zbekistonda 4,7 mingdan ortiq yo‘l-transport hodisalarida 1,1 ming kishi vafot etdi. Og‘ir oqibatlarga olib kelayotgan YTHlarning ko‘payishiga nimalar sabab bo‘lmoqda: qoidabuzarlikmi yoki yo‘llardagi yomon sharoitlar? Ularni kamaytirish borasida nimalar qilinyapti? Kun.uz muxbiri IIVning yo‘l harakatiga mas’ul idorasi vakili va soha eksperti bilan shu masalada suhbatlashdi.

Yaqinda e’lon qilingan statistikada 2023 yilning dastlabki 7 oyida sodir bo‘lgan YTHlar natijasida 1115 kishi vafot etgani hamda 4,5 mingdan ortiq kishi jarohatlangani ochiqlandi. Kuni kecha prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda yo‘l-transport hodisalari hamda haydovchilarga qulaylik yaratish tizimlarini kengroq joriy qilish zarurligi aytildi. Kun.uz jamiyatimiz uchun dolzarb bo‘lib turgan ushbu masala yuzasidan mas’ullar bilan suhbat uyushtirdi.

— Nima uchun o‘lim bilan bog‘liq bunday YTHlar oshib bormoqda?

Erali Bozorov, IIV JXD YHXX boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik:

— Jiddiy masala bu. Prezident tomonidan nazoratga olingan. 2022 yil 11 aprel kuni xavfsiz va ravon yo‘l tamoyili asosida inson xavfsizligi masalasida ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi. Prezidentimiz tomonidan 4 aprelda qabul qilingan qarorda YTHlar oqibatlarini kamaytirishga jiddiy e’tibor qaratildi. Umuman, 2 yil davomida 18 ta hukumat, 5 ta prezident qarori qabul qilindi. Ma’muriy kodeksga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Prezident qarori bilan Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi ish boshladi. Komissiyaning vazifasi — holatlarni o‘rganib, vazirlik va idoralar vazifalarini belgilab, muvofiqlashtirish.

Yuqorida statistika keltirildi, lekin o‘lim holatlarining kamayishiga erishdik biz. Har bir YTH tahlil qilinadi. Obektiv sabablar 48 foizni tashkil qilsa, sub’yektiv sabablar 51,4 foizni tashkil etadi. 16,9 foiz holatda tezlikni oshirish sabab bo‘lgan. Endi shaharlarda tezlik 70 dan 60 ga tushirildi, bu ham oqibatlarni kamaytirishga olib keladi.

Nosirjon Zokirov, “TRANSKASB” korxonalar uyushmasi boshqaruv raisi o‘rinbosari, ekspert:

— Statistikani ko‘rib chiqdim. Bir narsa e’tiborimni tortdi, 1115 nafar inson halok bo‘lgan bo‘lsa, shundan 1078 nafari xavfsizlik kamarini taqmaganlik oqibatida deb berilgan, lekin bunda 500 ga yaqin piyodalar ham bor edi-ku. YTHlar 11 foizga, o‘limlar esa 12 foizga oshgan. Biz oqibatlar bilan emas, sabablar bilan kurashishimiz kerak. Har bir holatni o‘rganib, aniq tahlillar qilish kerak. Bunday ma’lumotlardan odam dahshatga tushadi.

Yaqinda Rossiyada ikki velosportchi qizni yuk mashinasi urib ketib, halok bo‘ldi, bilsak, rulda o‘zbekistonlik yigit bo‘lgan, uxlab qolgan ekan. Bundan tashqari, yaqinda Sirdaryoda Samarqandga qatnovchi avtobus haydovchisi ham uxlab qolgan, 30 yoshli yo‘lovchi vafot etdi. Qonunchilik shunday bo‘lishi kerakki, haydovchi uxlab qolmasligi kerak, ya’ni dam olishi ham belgilanishi zarur. Transport vositasini boshqarish va dam olish me’yorlari ham nazorat qilinishi lozim.

Erali Bozorov:

— Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 482-sonli qarorida haydovchilarning dam olishi, qancha vaqt boshqarishi mumkinligi kabilar ta’kidlab o‘tilgan. Transport vazirligi litsenziya berishdan oldin taxograf moslamasini o‘rnatishni talab qilishi kerak.

Biz sabablarni o‘rganishda davom etyapmiz. To‘g‘ri, hali talab darajasida emasdir, ammo to‘xtab qolingani yo‘q. Oldin YTHlar haqida jamoatchilikka ochiq ma’lumot berilmasdi, yaqin yillardan boshlab ochiqlanyapti. Bu ham aholiga profilaktik ma’lumot bo‘lib xizmat qiladi. Afsuski, ko‘p haydovchilarimiz faqat jarimalardan qochish uchun qoidalarga amal qiladi, o‘zi va yo‘lovchilar xavfsizligi uchun emas. Deylik, xavfsizlik kamari birinchi navbatda haydovchining o‘z hayoti uchun kerak. O‘tgan 7 oy davomida xavfsizlik kamarisiz harakatlangan 217 mingdan ortiq haydovchi aniqlandi, salkam chorak million. Umumiy qoida buzishlar 7 oy ichida 7 mlndan ortiq, juda katta raqam bu. Respublikamizdagi transport vositalarning o‘zi 4,3 mlndan ortiq.

— Statistikada 1115 kishi vafot etgani aytilgan. Lekin ularning qanchasi yo‘lovchi, piyoda yoki haydovchilar ekani aytilmagan. Shu haqida ma’lumotlar bormi?

Erali Bozorov:

— Buning ichida piyodalar o‘limi 400 tani tashkil qiladi. Yuqorida aytganimdek, har bir holat tahlil etiladi. Statistikani bunday raqamlarda olib borish to‘g‘ri, lekin jahon tajribasiga ko‘ra, har 100 ming kishiga to‘g‘ri keladigan YTH hisoblanadi. O‘tgan 7 oyda har 100 ming kishiga 13,1 ta transport hodisasi to‘g‘ri keladi. Markaziy Osiyo davlatlari ichida eng yaxshi ko‘rsatkich, MDH davlatlari ichida esa Ozarboyjondan keyin 2-o‘rinda turamiz. O‘lim holatlari 100 ming aholiga 2,8 tadan, jarohat olganlar 100 mingdan 10,3 tadan to‘g‘ri kelmoqda, 7 oylik statistika bu.

— "O‘zbekiston – 2030" strategiyasida oqibati jiddiy bo‘lgan YTHlarni 1,5 barobargacha kamaytirish ko‘zda tutilgan. Bu borada vazirlikda, YHXXda aniq rejalar bormi, buni qanday amalga oshirmoqchi?

Erali Bozorov:

— Bu borada ishlar boshlangan. Ilgari YPX xodimlari faqat katta ko‘chalarda ish olib borardi, endi esa mahallalarda, kichik tarmoq yo‘llarida ham ishlayapti. Yaqinda prezidentimiz Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan yig‘ilishda xodimlarni mahallalarda ishlatish haqida ta’kidlab o‘tdi. Bizda hozir kvadrat tizimi qilingan, bir kvadratga 2-3 ta mahalla kirishi mumkin. Bitta mas’ul xodim biriktirilib, profilaktika ishlari olib boradi, harakat xavfsizligiga qaraydi.

Yo‘l infratuzilmasi ham muhim masala. Bu bo‘yicha o‘z takliflarimizni berganmiz. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bilan ishlayapmiz. Sharoit yaratmasdan turib haydovchilardan talab qilaverish ham to‘g‘ri emas.

To‘liq suhbatni yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Tasvirchi: Mirvohid Mirrahimov,
Montaj ustasi: Muhiddin Nido.

Mavzuga oid