Jahon | 10:34 / 13.09.2023
9408
5 daqiqa o‘qiladi

AQSh Maskning Ukrainaga Qrimga hujumda yordam berishdan bosh tortganini tekshirmoqda

Ilon Mask Ukraina qo‘shinlariga Qrimdagi Rossiya flotiga hujum qilish uchun Starlink’dan foydalanishga ruxsat bermadi. AQSh senatorlari «bundan buyon AQSh tashqi siyosatini bir milliarder emas, balki Oq uy belgilashi» uchun nima bo‘lganini tekshirish niyatida.

Foto: Nathan Laine/Bloomberg via Getty Images

AQSh Senati xususiy kosmik kompaniya bosh direktori Ilon Mask Ukraina qo‘shinlariga Qrimdagi Rossiya harbiy-dengiz kuchlariga hujum qilish uchun Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa tarmog‘idan foydalanishga ruxsat bermaganidan so‘ng SpaceX bo‘yicha tekshiruv o‘tkazmoqchi. Bu haqda 11 sentabr, dushanba kuni kechqurun demokrat senator va Qurolli kuchlar qo‘mitasi a’zosi Elizabet Uorren ma’lum qildi.

«Kongress bu yerda nima sodir bo‘lganini va bizda tashqi siyosatni bir milliarder emas, balki hukumat yuritishini ta’minlash uchun yetarli vositalar bor-yo‘qligini tekshirishi kerak», — deya Uorren so‘zlarini keltirgan Bloomberg axborot agentligi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Mask boshqa yirik texnologiya kompaniyalari rahbarlari bilan birgalikda 13 sentabr kuni Senatdagi yopiq eshituvlarda ishtirok etadi. 

Uorren, shuningdek, Pentagonni SpaceX bilan tuzilgan shartnomalarini tekshirishga chaqirdi. Uning pozitsiyasini Senat Qurolli kuchlar qo‘mitasi rahbari, demokrat Jyek Rid qo‘llab-quvvatladi. U mavjud vaziyatdan xavotir bildirib, sun’iy yo‘ldoshlar odatda hukumatlar tomonidan nazoratga olinishi va ularning ishlashi bo‘yicha qarorlar prezidentlar tomonidan qabul qilinishini ta’kidladi. 

Ukrainaning Starlink’dan foydalanishi

Ukraina Rossiya harbiy harakatlari boshlanganidan so‘ng deyarli darhol Starlink’dan foydalanish huquqiga ega bo‘ldi. The New York Times (NYT) ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil iyuliga kelib Kiyev 42 mingdan ortiq Starlink terminallarini qabul qilgan. 

Senatorlar noroziligiga sabab bo‘lgan vaziyat 2022 yilda sodir bo‘lgan. The New York Times manbalariga tayanib, yozda u haqida yozgan. Ilon Maskning 12 sentabrda chiqqan tarjimai holida bu fakt tasdiqlangan. 

Maskning biografi Uolter Ayzekson yozishicha, Ukraina suvosti dronlari Rossiya kemalariga yaqinlashganda, ular bilan aloqa uzilib, qirg‘oqqa chiqib ketgan. Kitobda aytilishicha, Mask «Rossiyaning yuqori martabali amaldorlari bilan» suhbatdan so‘ng, Rossiya yadroviy qurol bilan javob qaytarishidan xavotirlanib aloqani uzishga qaror qilgan. 

Ilon Maskning reaksiyasi 

Biograf bilan suhbatda Mask Starlink «urushlarda ishtirok etish» uchun o‘ylab topilmaganini, u sun’iy yo‘ldoshlar orbitaga oqim xizmatlaridan, ta’lim portallaridan foydalanishni ta’minlash uchun chiqarilganligini ta’kidladi, shunda odamlar « dron hujumlarini amalga oshirmagan holda, tinchlik yo‘lida yaxshilik qilishi mumkin».

Tadbirkorning ta’kidlashicha, Starlink aloqasi Qrim yaqinida ishlamagan va shuning uchun uni o‘chira olmagan. Shu bilan birga, milliarder Ukraina rasmiylarining iltimosiga binoan, bu Rossiya flotiga hujum ekanini hisobga olib, uni «Sevastopolgacha yo‘lda» zudlik bilan yoqishga rozi bo‘lmaganini tan oldi. Agar aloqa yoqilganida, u Space X’ni urush va mojaro domiga tortib ketgan bo‘lardi, bu esa uning qoidalariga zid keladi. 

«Bizning xizmat ko‘rsatish shartlarimiz Starlink’dan hujumkor harbiy amaliyotlar uchun foydalanishni aniq taqiqlaydi, chunki biz fuqarolik tizimimiz, shuning uchun Ukraina rasmiylari yana taqiqlangan narsani so‘radi», deb tushuntirdi Mask. 

Putin - Mask haqida 

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 12 sentabr kuni Sharqiy iqtisodiy forumning yalpi majlisida so‘zlagan nutqida Ilon Maskni ajoyib shaxs, faol va iqtidorli biznesmen deb atadi. «Xususiy biznesga kelsak, Ilon Mask, albatta, ajoyib shaxs. Faol, iqtidorli biznesmen. U ko‘p ish qilyapti, jumladan, Amerika davlati ko‘magida ham», - dedi Rossiya prezidenti. 

Shu bilan birga, Ilon Mask Amerika Qo‘shma Shtatlariga sodiqligini ta’kidladi. «Men AQSh fuqarosiman va menda faqat bitta pasport bor. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, men Amerika uchun kurashaman va u uchun o‘laman. AQSh Kongressi Rossiyaga urush e’lon qilgani yo‘q. Men xoin deyotganlarning o‘zi sotqindir», dedi SpaceX rahbari. 

Mavzuga oid