Jamiyat | 15:26 / 13.09.2023
17923
9 daqiqa o‘qiladi

«Ko‘kto‘nliklar» – erk yo‘lida o‘limni bo‘yniga olgan mardlar haqida asar

Mustamlakachilar o‘zbek xalqiga tazyiq o‘tkaza boshlagan paytlarda yurtini himoya qilishga uringan bir qancha mard yigitlardan qo‘shinlar tuzilib, bu qo‘shinlarga qo‘rboshilar tayinlangan. Ular vatanni himoya qilish yo‘lida jonini ham ayamagan, yagona maqsadlari – erk, ozodlik, xalq tinchligi edi. Afsuski, dushmanlar qo‘li baland kelib, ikki milliondan ortiq dov yigitlar qurbon bo‘lib, mag‘lubiyatga uchradi. Qizillar ularni xalqqa va tarixga «bosmachilar» sifatida tanitdi. «Bosmachi» deb tanishtirilgan yurt himoyachilarining aslida kimligini ko‘rsatishga qaratilgan asarlardan biri Bahodir Murod Alining «Ko‘kto‘nliklar» qissasidir.

Syujyet:

Asarda Ko‘kto‘nlida yashovchi odamlar haqida gap boradi. Bosh qahramonlardan biri Asqarali Umaralibek ismli qo‘rboshi qo‘lida tarbiya topib, Umaralibek vafotidan keyin qo‘rboshi etib tayinlanadi. Ko‘kto‘nliklar qirg‘iy nomli millatdan qattiq nafratlanardi. Ularni hech kimga do‘st bo‘lmaydi deb hisoblashardi. Chunki azal tarixda ko‘kto‘nliklar irg‘iy deb atalgan va ularga qirg‘iylar doim dushmanlik qilib kelgandi. Asqaralibek Qirg‘iy qizni, Nisorani bir ko‘rishda sevib qolgandi, u qarshiliklarga qaramasdan qizga uylanadi.

Biroz muddatdan so‘ng bir yetim qirg‘iy bolaga ham rahmi kelib xizmatiga oladi. Obdan sinaydi. Bora-bora qirg‘iy boladan shubhasi qolmaydi. 

Nisora qaynonasi bilan kelisholmay o‘z qishlog‘iga ketib qolaveradi. Bir safar Asqaralibek ortidan izlab borgan payt qaynotasinikida bir uy qirg‘iy kuyovni o‘ldirmoqchi bo‘ladi. Ammo Asqaralibek chapdastlik bilan u yerdan qochib qutulishga ulguradi. U buni Nisora uyushtirgan deb o‘ylab xotinidan qattiq xafa bo‘ladi. Yigitni onasi qo‘yarda qo‘ymay boshqa qizga uylantiradi. 

Nisora homilador edi. Tug‘gach bolani Asqaralibek o‘z qarmog‘iga oladi, ismini Umaralibek qo‘yadi va uni yangi ayoli Salomatga topshiradi. Yana bir safar Asqaralibekning hayotiga qasd qilinadi. Dalillar bu suiqasdning ham Nisoraga bog‘liqligi borligini ko‘rsatardi. Asqaralibek Nisorani o‘ldirishga chog‘lanadi, buni amalga oshiradi ham (muallif o‘quvchini Nisoraning o‘limiga ishontiradi).

Bir kuni Asqaralibekning uyiga o‘t tushadi. Bolasi yonib ketadi, otasi jinni bo‘lib qoladi. Bulardan qo‘rboshi qattiq iztirobga tushadi. Ammo yurt uchun harakatdan to‘xtamaydi. Shomirzabek, Ismoyilbek singari qo‘rboshilarga birlashishni taklif qiladi. Biroq sardorlikka kim saylanishi haqida kelishisholmay, birlashish rejasi amalga oshmay qoladi. Bo‘linganni bo‘ri, ayrilganni ayiq yer deganlaridek, Ismoyilbek qo‘shini mag‘lub bo‘ladi. Asqaralibekni aynan o‘sha qo‘l ostiga olgani qirg‘iy bola tutib beradi. Shomirzabek esa yigitlari bilan qochib yuradi.

Asqaralibekni ancha vaqt o‘rada saqlab so‘roq qilishadi. Sheriklari qayerdaligini aytishini talab qilishadi. Lekin u har gal bo‘yin egmaydi. Oxiri unga ayoli va o‘g‘lining yaqinda tushgan suratini ko‘rsatishadi. Qo‘rboshi oilasining tirik ekanini ko‘rib hayratga tushadi va dushmanlar shartiga rozi bo‘ladi. Uni o‘z uyida Nisora va o‘g‘li Umaralibek bilan uchrashtirishadi. Asqaralibek otgan o‘q Nisoraning yuragidan chetroqqa tekkani sababli uni qutqarib qolishgandi. Umaralibek ham yong‘indan aynan shu kun uchun asrab qolingandi.

Asqaralibek o‘g‘li har vaqt o‘zini eslab yurishi uchun bolaning bitta barmog‘ini tishlab uzadi. Oilasi bilan xayrlashgach Shomirzabek yoniga otlanadi. Dushmanlarning rejasi bo‘yicha u qochib yurgan qo‘rboshining oldiga borib, taslim bo‘lishga ko‘ndirishi kerak edi, ammo o‘z burchiga sobit Asqaralibek gap orasida Shomirzabekkina anglay oluvchi «ilmoqli» gaplar bilan hozirgi o‘rnashgan joyini tark etishga undaydi va ketadi...

Shomirzabek sobiq qo‘rboshining gaplariga tushunadi va yo‘lga otlanadi. Yashirincha qaynotasinikiga boradi. U yerdan to‘g‘ri tog‘ga chiqib ketadi. Tog‘da ularga Asqaralibek yetib oladi.

Asqaralibek Shomirzabek bilan gaplashgach uyga qaytgandi. Albatta, o‘zi emas, bir qancha sho‘ro odamlari bilan. Uyiga kirib yotgach sho‘rolar ayoli Salomatni haqorat qilishadi. Buni eshitib yotsa-da, eri indamaydi. Bu esa ayolga tahqirdek tuyuladi. U erining sho‘rolarga sotilgani haqida eshitgandi, ammo ishonmagandi. Endi bunga amin bo‘lgach erini o‘ldirishga qaror qiladi. Asqaralibek sandal soviganini bahona qilib, Salomatni o‘tinga chiqaradi. O‘zi esa mo‘ridan qochadi. 

Tog‘da Shomirzabeklarga yetib olgach ularga yordam bermoqchi bo‘ladi. Ayni paytda Shomirzabeklar tog‘ning narigi tomoniga o‘tishga qiynalib turgandi. Qo‘rboshi bir nechta yordamchilari bilan tog‘dan o‘tib ketadi, qolganlar esa chekinishga majbur bo‘ladi. Chekinganlarni sho‘rolar aldab, hammasini otib tashlaydi. Bu qo‘rboshilar mag‘lubiyati edi...

Tahlil:

Asqaralibek sotqinlik qilmadi. U xiyonatdan nafratlanardi. Xiyonat sabab jondan sevgan Nisorasini «o‘ldiradi». Ammo keyin ayon bo‘lishicha, u ishlarga Nisoraning daxli bo‘lmagan. Nisora eriga hech qachon xiyonat qilmagan. Dushmanlar erining ko‘ziga ataydan shunday ko‘rsatgan. Bu ham sho‘rolarning makrlaridan biri edi. 

Asqaralibekning peshonasiga ikki ayol bitdi. Ikkisi-da o‘zi kabi mag‘rur, matonatli va sodiq edi. Biri – sho‘rolar yuziga tuflagan, eriga qarshi borishni gunoh sanagan Nisora bo‘lsa, ikkinchisi – erining sotqinligini bilgach sotqinning xotini bo‘lgandan ko‘ra qotili bo‘lishni afzal bilgan Salomat edi. 

Asqaralibek ayoli haqorat qilinishiga tishini tishiga qo‘yib chidadi, albatta, jahli chiqdi, g‘azabi qaynadi, ammo u qochib ketishni, borib o‘zinikilarga yordam berishni reja qilgandi. Qochib ketganini bilishgach bunda Salomatni ayblashlarini, bechora ayolning boshiga it kunini solishlarini ham bilardi. Ammo vatani oldidagi burch u uchun har kimdan, har narsadan ortiq edi.

Asarda Jaloliddin, Mansur, Shamsiddin singari shaxslar hukumatga xizmat qiluvchilardir. Qo‘rboshilar ham aynan shular orqali mahv etiladi. Bu bilan yozuvchi o‘sha davrdagi holatni, ya’ni boltaning sopi ham yog‘ochdan bo‘lishini ko‘rsatib bermoqchi bo‘ladi.

Avlodlarga «bosmachi» qilib ko‘rsatilgan o‘sha qo‘rboshilar ham aslida vatan, ozodlik, erk deya ko‘ksiga mushtlagan, xalq orasidan otilib chiqib, bu sharafli yo‘lda jonini tikkan mardlar edi. Faqat ularning kuchlari mustamlakachilarning makrlariga yetmadi. Birlasha olishmadi. Aynan shu nozik nuqtalaridan dushmanlar makkorlarcha foydalandi. Oqibatda, o‘zlarining chirkin maqsadlariga yetishdi: xalqni istagan ko‘yiga soldilar...

Bir boshga bir o‘lim. Bu o‘lim qachondir baribir keladi. Ammo inson qanday yashashi, o‘zidan qaysi yaxshi yoki yomon amallarni qoldirishi muhim ahamiyatga ega. Bu dunyo yurt boshiga ish tushganda eryigitdek turib bergan, yurtini himoya qilgan mardlarni ham, joni ko‘ziga ko‘rinib sotqinlik qilgan, yovga yondosh bo‘lgan nomardlarni ham, hammasiga beparvo qaragan, oqimga qarab suzgan loqaydlarni ham ko‘p ko‘rgan. Tanlov inson qo‘lida. Istasa yurtga xizmat yo‘lida sharafli o‘lim topsin, xohlasa yurtni sotib sharmandalarcha yashab qolsin…

Gulasal Qodirova, kitobxon

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

Mavzuga oid