O‘zbekiston | 15:43 / 15.09.2023
17678
6 daqiqa o‘qiladi

«Davlat tarqatgan edi, qaytarishni xalq istayapti» - Ozodbek Nazarbekov kinofilmlar uchun badiiy kengash qaytarilishini ma’lum qildi

O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Kun.uz’ga bergan intervyusida kinofilm va spektaklarning saviyasi, ularga nisbatan bo‘layotgan ko‘plab noroziliklar haqidagi savolga ham javob berdi. Unga ko‘ra, tushayotgan ko‘plab takliflardan kelib chiqib, kinofilmlarni efirga berishdan avvalgi badiiy kengashlar qayta tashkil qilinishi mumkin.

— Bugun O‘zbekistonda teatrga tushuvchi qator muxlislar yaratilayotgan spektakllarning ma’nan sayozligi, ularda ko‘tarilayotgan muammolar esa bugungi kun muammosi emasligi, ya’ni bugunni aks ettirmasligi haqida aytishadi.

Shuningdek, telekanallarda namoyish etilayotgan seriallar masalasi ham shunday og‘riqli. Ular ma’nan sayoz va hatto faxshni targ‘ib qiladi. Xuddiki, milliy kinofilmlarimiz odamlar ongini atay sayozlashtirish uchun ishlanayotgandek.

Xo‘sh, O‘zbekiston madaniyat vaziri sifatida bu sayozlikni sezyapsizmi o‘zi, buning sababi nimada, yechimlar qanday?

Ozodbek Nazarbekov:

— Kamchiliklar borasida fikringizga 100 foiz qo‘shilaman. Ammo bunday xurujlar erkinlik soyasida bo‘lyapti. Sizga ijod erkin bo‘lishi kerakmi, desam, albatta, ha, deysiz. Hozirgi vaziyatda paradoks paydo bo‘lyapti. Bugungi kunda mana shunday bir-biriga zid bo‘lgan tushunchalar paydo  bo‘lyapti. Shuning uchun ham siz ommaviy axborot vositalari bizning pozitsiyamizni xalqqa to‘g‘ri yetkazib berishlaringiz kerak. Erkinlik da’vo qila turib buzg‘unchilikni targ‘ib qilishga, jamiyatni izdan chiqarish uchun maqsadli bunday narsalar kiritilishini yetkazish kerak xalqqa ham, san’atkorlarga ham. Shuning uchun Badiiy kengashni qaytarish kerak degan fikrdamiz. Davlat tarqatgan edi bu kengashni, endi xalq talab qilyapti qaytarishni. Ko‘rdikki, san’at juda erkin qo‘yib yuborilsa ham bo‘lmaydi. Ijod bu pichoqday gap, qassobning qo‘liga tushsa, qo‘y so‘yadi, jallod esa jinoyat. Yetuk soha vakillaridan iborat badiiy kengash bo‘lishi kerak, bu borada ishlar olib boryapmiz, muhokama qilyapmiz.

Mana bir misol, «Million» kulgi jamoasi 15 kun konsert bersa, har kuni zallar to‘lyapti. Bugungi kunda xamma narsa talabga qarab shakllanadi. Hatto televizorga chiqib yomonlaydiganlarning ba’zilari mendan o‘sha konsertga chipta topib berishimni so‘raydi.

— Iste’molchi ham bozorda borini oladi-da. Masala ularga saviyali mahsulotlar taqdim etilmayotganidadir. Masalan, xorijning yaxshi-yaxshi kinolari chiqsa, ularni kinosaroylarga tushib ko‘rishayotganiga guvohmiz-ku.

O.N:

— Yuqorida aytganimdek, tomoshabin talablari ham o‘zgarib boryapti. O‘zim uyda o‘tirganimda yaxshi hind filmlarini berib qolishsa, ko‘rib, ko‘zimga yosh keladi. Shunda bolalarim ustimdan kuladi. Ular bugungi tomoshabin, biz kechagi. Bugungi tomoshabinlar hayratlanishni yaxshi ko‘radi, hech qanday ma’naviy ozuqa bermasa-da, bir hayratni istaydi, oddiy qilib aytganda, shou kerak ularga. Og‘ir, falsafiy narsalarni qabul qilmaydi. Lekin shunda ham ma’rifatga, xalq bo‘lib shakllanishimizga xizmat qiluvchi pozitsiyasida bo‘lishimiz kerak.

Bugungi teatrlarga zamonaviylik yetishmayapti. Qotib qolgan mavzular hali ham. Muxlislar yangi mavzu talab qilyaptimi, shularni yaxshi chiqarib beradigan yosh avlodni tarbiyalashimiz kerak. Bugun biz muxlislar xohlagan shaklda o‘z so‘zimizni aytishimiz kerak. Shakl ular istagandek bo‘lar, lekin mazmun biz istayotganday bo‘lishi lozim. Jamiyat madaniyatini to‘g‘ri shakllantirish maqsadidan og‘masligimiz kerak.

Nega unda ko‘zga ko‘rinadigan amaliy ishlar bo‘lmayapti, dersiz. Chunki bizda zamonaviy mutaxassislar yo‘q, ularni tarbiyalash, o‘qitish kerak. Dunyoda teatr sahnasida yuqori texnologiyalar ishlatilyapti. Hatto sahnadan osmonga uchishyapti. Texnikalarni olarmiz, lekin kim ishlatadi, degan masala ham bor-da. Shuning uchun avval mutaxassislar tayyorlashimiz lozim. Bugungi seminardan maqsad ham shu, aslida. Kerakli ijodkorlarni izlayapmiz. O‘ylaymizki, yaqin yillarda o‘sish bo‘ladi, o‘sha darajaga chiqamiz.

— Og‘ir bo‘lsa-da, O‘zbekiston xalq hofizi Sherali Jo‘rayev vafoti haqida ham fikringizni bildirsangiz. Sa’natimiz uchun og‘ir judolik…

O.N:

— Bu inson bilan bog‘liq juda ko‘p xotiralarim bor. Lekin men mayda xotiralardan ko‘ra, u inson kim edi, o‘zbek xalqi uchun qanday qadrli edi, degan savol bo‘yicha fikr bildirmoqchiman. Men Sherali Jo‘rayev ijodini ikki qismga bo‘laman: mustaqillikkacha bo‘lgan davr va mustaqillikdan keyingi davr.

Sherali Jo‘rayev ijodga kirib kelgan paytda millatko‘shlik propagandasi avj olgan edi. Jumladan, sovet o‘lkalaridagi xalqlarni yo‘qotishga bo‘lgan katta dastur ishlayotgandi.

Mana shu propagandani chippakka chiqargan odam Sherali Jo‘rayev bo‘ladi. O‘zbek millatining o‘zbek ekanini eslatib turgan bu inson. Bu borada eng samarali mehnat qilgan odam edi shubhasiz. Aniq bilamanki, Sherali Jo‘rayev bu ishlarini maqsadli qilgan, shunchaki chiroyli qo‘shiq aytish uchun emas. Ustoz bilan juda qadrdon edik biz, menga juda ko‘p va to‘g‘ri nasihatlarni berardi.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Илёс Сафаров
Muallif Илёс Сафаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid