Jahon | 09:31 / 15.09.2023
4079
4 daqiqa o‘qiladi

Navalniy fondi Boltiqbo‘yi davlatlaridan Rossiya raqamiga ega mashinalar kirishiga ruxsat berishni so‘radi

Korrupsiyaga qarshi kurashish jamg‘armasi Latviya, Litva va Estoniyani Rossiya davlat raqamlariga ega avtomobillar kirishini taqiqlash qarorini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Faollar, shuningdek, chegarada rossiyaliklarning shaxsiy buyumlarini musodara qilish qarorini bekor etishni so‘ragan.

Foto: Reuters

Aleksey Navalniy tomonidan asos solingan Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi («FBK») Latviya, Litva va Estoniya rasmiylarini Rossiya davlat raqamlariga ega avtomobillarni olib kirishni taqiqlash va chegarada rossiyaliklarning shaxsiy buyumlarini musodara qilish haqidagi qarorni qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. 13 sentabr kuni «FBK» direktorlar kengashi raisi Mariya Pevchix tomonidan uch davlatning vakolatli organlariga yuborilgan xat namunasi e’lon qilindi.

Maktubda, xususan, Boltiqbo‘yi mamlakatlari kiritgan choralar rejimning Rossiyani tark etishga majbur bo‘lgan muxoliflariga zarar yetkazishi va sanksiyalar samarasini kamaytirishi aytiladi. Bundan tashqari, «FBK» bu cheklovlar sanksiyalar g‘oyasini obro‘sizlantiradi va Rossiya propagandasi uchun yangi dalillar beradi, deb hisoblaydi.

Pevchixning so‘zlariga ko‘ra, maktubda «qonunga havolalar, qarama-qarshiliklarning huquqiy tahlili va kamsituvchi sanksiyalarni bekor qilish imkoniyati asoslangan».

Sobol va Katsning murojaati

Rossiyalik muxolifatchi siyosatchilar Lyubov Sobol va Maksim Kats Yevropa rasmiylariga xuddi shunday murojaat bilan chiqdi.

Sobol Yevropa komissiyasi (YeK) rahbari Ursula fon der Lyayyen va Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrelga yo‘llagan maktubida Yevropa rasmiylaridan yangi cheklovlar qanday ishlashini aniqlab berishni so‘radi. Uning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqining «qarama-qarshi va noaniq» formulalari Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushni moliyalashtirish qobiliyatiga hech qanday ta’sir qilmaydi hamda Rossiya siyosiy elitasining manfaatlariga ta’sir qilmaydigan kundalik foydalanishni qamrab oladi.

O‘z navbatida, Kats Yevropa Ittifoqining moliyaviy barqarorlik, moliyaviy xizmatlar va kapital bozorlari ittifoqi bo‘yicha komissari Meyrid Makginnesga murojaat qildi hamda yangi cheklovlar sanksiyalarning asl ma’nosiga zid ekanini ta’kidladi, chunki ular nafaqat Rossiya elitasining vakillariga, balki barcha rossiyaliklarga tegishli. Katsning so‘zlariga ko‘ra, shaxsiy transport rossiyaliklar uchun siyosiy ta’qib yoki safarbarlik holatlarida mamlakatni tezda tark etishning bir necha usullaridan biri bo‘lib qolmoqda. 

Yevropa komissiyasining tushuntirishlari 

8 sentabr kuni Yevrokomissiya Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiyadan sanksiya qo‘yilgan tovarlar, jumladan, avtomobillar, shaxsiy kiyim-kechak va gigiyena vositalarini olib kirish taqiqini qanday qo‘llashi kerakligi haqida tushuntirishlar berdi. YeK yuzaga kelgan rezonans fonida bojxona organlari avtomobillarga e’tibor qaratishi kerakligi, boshqa narsalarga, shu jumladan kiyim-kechaklarga nisbatan taqiq esa «mutanosib va oqilona» qo‘llanishi lozimligini aniqlashtirdi. 

Litva va Latviya hukumati 11-12 sentabr kunlari Yevropa Ittifoqi tavsiyalariga ko‘ra, Rossiya davlat raqamlariga ega avtomobillarni o‘z hududiga kirishini taqiqlashini ma’lum qildi. Litva va Latviyadagi taqiq 12 sentabrdan kuchga kirdi. 13 sentabr kuni Estoniya ham xuddi shunday taqiqni joriy etdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid