Telejurnalist Ramina Yagafarova 31 yoshida vafot etdi
U «Dunyo bo‘ylab» telekanalida rus tilida efirga uzatiladigan «Svoimi glazami» hamda «Aktualno» dasturlarini olib borgan.
Toshkentda 13 sentabr kuni «Dunyo bo‘ylab» telekanali jurnalisti Ramina Yagafarova vafot etdi, deb xabar berdi Gazeta.uz.
Qayd etilishicha, Ramina Yagafarova 12 sentabr kuni kechqurun Chilonzor tumanidagi xususiy klinikalardan birida davolanayotgan onasini ko‘rish uchun borgan.
Jurnalist tomog‘idagi og‘riq sabab o‘zi bilan olib yurgan levofloksatsin (antibiotik) tabletkasini ichadi. Oradan 10-15 daqiqa o‘tib, uni tutqanoq tutgan va hushini yo‘qotgan.
Xususiy klinika shifokorlari Yagafarovaga birinchi tez tibbiy yordamni ko‘rsatgan, shundan so‘ng uni jonlantirish bo‘limiga joylashtirishgan. Davo muolajalaridan so‘ng u hushiga kelgan, ahvoli yaxshilangan.
Biroq 13 sentabr kuni kunduzi ayolda tutqanoq qaytalangan. Tibbiy muoalajalarga qaramay, jurnalist taxminan 17:50 da vafot etgan, deyiladi tuman prokuraturasi axborotida.
Sud-tibbiyot ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, jurnalist o‘limi «dori (levofloksatsin)ga allergik reaksiya, miya hamda o‘pka o‘tkir shishi, o‘tkir nafas olish va yurak-qon tomir yetishmovchiligi, anafilaktika shok» natijasida yuz bergan.
Chilonzor tuman prokuraturasi holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv harakatlarini olib bormoqda.
Ramina Yagafarova «Dunyo bo‘ylab» telekanalida rus tilida efirga uzatiladigan «Svoimi glazami» hamda «Aktualno» dasturlarini olib borgan. U O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida talabalarga dars bergan, shuningdek, doktorlik dissertatsiyasi ustida ish olib borayotgandi.
Uning hamkasblaridan biri Elmira Tuxvatullinaning aytishicha, Ramina o‘g‘li bilan dengizga dam olishga borishni orzu qilgan.
«Uning kanalimizga kelganiga ko‘p bo‘lmagandi, biroq u jamoaga juda tez kirishib ketdi va uning ajralmas qismiga aylangandi», — deya hamkasbini xotirladi Tuxvatullina.