O‘zbekiston | 07:46 / 16.09.2023
7754
2 daqiqa o‘qiladi

2020 yildan beri o‘zbekistonliklar 255 kg o‘lchovli oltin quymalari sotib oldi

Foto: Markaziy bank

Qimmatbaho metallardan yasalgan esdalik tangalarini, ayniqsa yirik tangalarni aholi ham faol xarid qilmoqda.

Markaziy bank 2021 yildan beri birinchi marta o‘lchovli oltin quymalari va qimmatbaho metallardan yasalgan esdalik tangalari savdosi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qildi.

2021–2023 yillarda Markaziy bank tomonidan 5 xil mavzuga bag‘ishlangan jami 3550 tirajda oltin (umumiy vazni – 72kg, tangalar vazni – 15, 20, 31,1 gramm) va 3900 tirajda kumushdan (umumiy vazni – 121 kg, tangalar vazni – 31,1 gramm) tayyorlangan esdalik tangalari sotuvga chiqarildi.

Aholi tomonidan numizmatika, kolleksiyalash, investitsiya hamda jamg‘arish maqsadida sotuv shoxobchalari orqali 2951 dona (83 foiz) oltin va 3864 dona (99 foiz) kumushdan tayyorlangan esdalik tangalari sotib olindi.

O‘tgan davr mobaynida aholiga investitsiya va jamg‘arish maqsadlarida sotuv shoxobchalari orqali 13 130 dona (umumiy vazni – 255 kg) o‘lchovli oltin quymalari sotilgan.

1 sentabr holatiga ko‘ra, aholi qo‘lida bo‘lgan har bir turdagi quymalar soni quyidagicha:

5 grammli - 3793 dona, umumiy og‘irligi 18,96 kg;
10 grammli - 3854 dona, 38,5 kg;
20 grammli - 2545 dona, taxminan 51 kg;
50 grammli - 2938 dona, 147 kg.

Hududlar kesimida o‘lchovli oltin quymalarni sotish bo‘yicha Toshkent shahrida tashkil etilgan sotuv shoxobchalari yetakchilik qilib, Toshkent shahrida sotilgan quymalar soni 9894 donani (jami muomalaga chiqarilgan quymalarning 75 foizi) tashkil etmoqda.

Esdalik tangalarini aholiga sotish 2018 yilda boshlangan, ikki yildan so‘ng unga oltin quymalari ham qo‘shilgan. Yakka tartibdagi xaridorlarga tegishli shartlarga rioya qilgan holda ularni O‘zbekistondan olib chiqishga ruxsat berilgan. 

Mavzuga oid