O‘zbekiston | 13:43 / 17.09.2023
47638
2 daqiqa o‘qiladi

Oqoltin tumanidagi ko‘prik balkalari sinib, «Toshkent-Termiz» yo‘nalishi vaqtincha yopildi

Ko‘prikda og‘ir yuk mashinalari harakatlanishi natijasida yoriqlar paydo bo‘lgan. Haydovchilar uchun aylanma yo‘l tashkil etildi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

16 sentabr kuni Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida ko‘prik sinib, yo‘li cho‘kib ketdi.

«Oqoltin tumani hududidan o‘tuvchi xalqaro ahamiyatdagi A-373 avtomobil yo‘lining 10 kilometrida joylashgan zovur ko‘prigining «Toshkent-Jizzax» yo‘nalishidagi qismida oraliq qurilma balkalarining 5 tasida yoriq vujudga kelib, cho‘kish hosil bo‘lgan», deyiladi Sirdaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati xabarida.

Ma’lum qilinishicha, ko‘prik 1990 yilda qurilgan, 2020 yilda qisman rekonstruksiya qilingandi.

Endilikda «Toshkent-Termiz» yo‘nalishidagi barcha avtotransport vositalari harakati vaqtincha cheklanib, ushbu yo‘nalishdagi avtotransport vositalari harakati xalqaro ahamiyatdagi M-34 «Toshkent - Dushanbe» avtomobil yo‘lining 104-152 kilometrlari hamda A-376 «Qo‘qon - Jizzax» avtomobil yo‘lining 219-242 kilometrlari orqali tashkil qilindi.

Barcha yo‘nalishlarda YPX postlari tashkil qilinib, harakat xavfsizligini to‘liq ta’minlash choralari ko‘rilgan.

Ayni vaqtda mazkur ko‘prikda ta’mirlash-tiklash ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, avtotransport vositalarining mazkur yo‘nalishda harakatini qayta yo‘lga qo‘yish uchun qo‘shimcha ravishda zovur ustidan vaqtinchalik o‘tish yo‘li qurishga qaror qilingan. Buning uchun 50 ga yaqin kuch va vositalar jalb qilinib, 3 smenada ish tashkil qilinmoqda.

Mavzuga oid