2023 yilning 8 oyida davlat budjeti defitsiti 39 trln so‘mga yetdi
Yanvar-avgust oylarida O‘zbekiston davlat budjeti taqchilligi 39 trln so‘mga yetdi. Bu o‘tgan 2022 yildagi umumiy konsolidatsiyalashgan budjet defitsitidan (35,2 trln so‘m) ham ko‘p. Hukumat prognozlarida 2023 yil yakunlari bo‘yicha 4,2 trln so‘mlik budjet profitsiti bo‘lishi kerak edi.
Joriy yilning dastlabki 8 oyi davomida davlat budjeti daromadlari 140,4 trln so‘mni, xarajatlari esa 179,4 trln so‘mni tashkil etdi. Mazkur davrda budjet defitsiti 39 trln so‘mga yetgan.
Xususan, birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha davlat budjeti daromadlari 102,3 trln so‘m, xarajatlari esa 129,1 trln so‘mdan iborat bo‘lgani ma’lum qilingandi. Iyul-avgust oylarida esa budjet daromadlari 38,1 trln so‘m, xarajatlari esa 50,3 trln so‘m bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, hukumat joriy yilgi davlat budjetining daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi ijobiy farq 4,2 trln so‘mga (profitsit) teng bo‘lishini prognoz qilgandi. Xususan, 2023 yilda daromadlar 232,1 trln so‘mni, xarajatlar 227,8 trln so‘mni tashkil etishi kerak edi.
2023 yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun bilan joriy yilda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligining cheklangan miqdori YaIMga nisbatan 3 foiz miqdorida belgilangan. Qonunga ko‘ra, yil davomida davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan defitsitni moliyalashtirish uchun olinadigan qarzlar miqdori 2 mlrd dollardan oshmasligi kerak.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunda ham defitsit bo‘yicha 3 foizlik limit ko‘rsatilgan, lekin davlat xarajatlari daromadlardan keskin ortib ketishi ortidan, budjet qonuniga o‘zgartirish kiritilib, limit 4 foizga ko‘tarilgandi.
O‘tgan yili budjet taqchilligining belgilangan limitdan oshishi ijtimoiy soha, iqtisodiyot va aholini qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasiga investitsiya xarajatlarining oshishi bilan izohlangandi. Taqchillikning 47 foizi xalqaro moliya institutlaridan olingan qarz evaziga qoplangan.
Mavzuga oid
20:41 / 27.11.2024
Prezident hududlarning investitsiyaviy faolligini yanada oshirishni buyurdi
20:54 / 26.11.2024
Davlat budjetining 9 oylik ijrosi. Defitsit – 36 trln so‘m
18:33 / 26.11.2024
“Judayam murakkab savol” - Qo‘chqorov tibbiyot xodimlarining maoshi haqida
12:27 / 22.11.2024