Jamiyat | 16:27 / 19.09.2023
15783
4 daqiqa o‘qiladi

“Sen kuchlisan": oqqonga chalingan bolalar muallifligida yaratilgan asarlar ko‘rgazmasidan reportaj 

Ko‘rgazmada 150ga yaqin bemor bolalar 800 ga yaqin suratlar bilan ishtirok etishdi. Tadbir ishtirokchilari uchun suratlar "auksioni" tashkil etilib, sotuvdan tushgan mablag‘lar asarlar mualliflari bo‘lgan bolalarga berildi.

Bu suratning muallifi bir bolakay. U anchadan beri gematologiya markazining bemori. Hozir esa bolalar hospisida. Bu suratni u jonlantirish bo‘limidan chiqib tongga qadar chizgan. Mana shu surat kuni kecha bo‘lib o‘tgan xayriya ko‘rgazmasida sotildi. Sotilgan suratning puliga nima olishni istaysan degan savolga bolakay qishki kiyimlar olmoqchiligini aytdi. Shifokorlar esa uning ahvoli og‘ir ekanini aytishmoqda. Bolaning intensiv terapiyadan keyin chizgan bu hikoyasi bizga bolalar qanchalik kuchli bo‘lishi mumkinligini va san’at ularga o‘z his-tuyg‘ularini ifodalash va qalblarini davolashda qanday yordam berishini eslatib turadi. Ushbu rasm bu kichkina jangchining yonida turgan va uni tiklanish yo‘lida qo‘llab-quvvatlagan har bir kishining qalbida qoladi. 

Afsuski, har yili mingdan ortiq bolalarga shunday xastalik bilan tashxis qo‘yiladi. 18 sentabr kuni Toshkentdagi Yoshlar ijod saroyida gematologik va onkologik xastaliklar bilan kurashayotgan bolalarni qo‘llab quvvatlash niyatida xayriya ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazmada bemor bolalarning o‘z qo‘llari bilan yaratgan buyumlari, chizgan rasmlari namoyish etildi. 

Tadbir tashabbuskori bo‘lgan “Sen kuchlisan” loyihasi gematologik kasalliklarga chalingan bolalarga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish, ularning qobiliyatlarini yuzaga chiqarish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, bugun jamoada 20 dan ortiq volontyorlar faoliyat yuritmoqda.

Loyiha asoschisi Marjona Nurmuhamedovaning aytishicha, bu xasta bolalarda ertangi kunga ishonchni oshiradi:

“Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida ham gematologiya va onkologiya sohasida bu global muammo hisoblanadi. Shunday ekan, xalq va volontyorlar yordamga kelishi kerak. Barchamiz bir bo‘lib bu sohani isloh qilishga, bemorlarning muammolarini kamaytirishga yordam bersak, xasta bolalarni qo‘llab-quvvatlab, motivatsiya bersak – yutug‘imiz bo‘ladi.

Bugungi ko‘rgazmada 150ga yaqin bolalar 750dan ortiq suratlar bilan qatnashyapti. Bugungi xayriya ko‘rgazmasida sotilgan suratlarning puli har bir muallifga yetkaziladi. Bu ularga motivatsiya beradi, ertangi kuniga ishonch uyg‘otadi”, - deydi u. 

Tadbir tashabbuskorlaridan biri Abror Zohidov mazkur loyihani nodavlat-notijorat tashkilot sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlari boshlanganini ta’kidladi: 

“Ayni paytda “Sen kuchlisan” loyihasini nodavlat-notijorat tashkilot sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun hujjatlar topshirdik. Yaqin kunlarda ijobiy xulosani olganimizdan keyin ishimiz yanayam shaffoflashadi. Hozir mablag‘lar to‘g‘ridan to‘g‘ri bemorlarning ota-onalariga yetkazilayotgan bo‘lsa, keyin bu jarayon tizimlashtiriladi. Yagona hisobraqam orqali istalgan paytda mablag‘ o‘tkazish mumkin bo‘ladi”.

Tashkilotchilar bergan ma’lumotlarga ko‘ra, xayriya ko‘rgazmasidagi suratlar qariyb 46 millionga sotilgan.

Mavzuga oid