Jahon | 09:42 / 20.09.2023
6059
3 daqiqa o‘qiladi

Belarus Polsha va Chexiya bilan oddiy qurolli kuchlar to‘g‘risidagi shartnomasini to‘xtatdi

Belarus Polsha va Chexiyaga nisbatan Yevropada oddiy qurolli kuchlar to‘g‘risidagi shartnomani to‘xtatdi. Belarus Tashqi ishlar vazirligi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan tegishli qonun loyihasi Belarus Respublikasi Vakillar palatasi tomonidan qabul qilindi.

Foto: Natalia Fedosenko/dpa/TASS/picture alliance

Belarus Polsha va Chexiyaga nisbatan Yevropada oddiy qurolli kuchlar to‘g‘risidagi shartnomani (YeOQKSh) to‘xtatdi. Belarus Tashqi ishlar vazirligi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan tegishli qonun loyihasi Belarus Respublikasi Vakillar palatasi tomonidan qabul qilindi, deb xabar bermoqda «BelTA» davlat axborot agentligi 19 sentabr, seshanba kuni. U ushbu qarorni «Belarus milliy manfaatlarini ta’minlash maqsadlari bilan» asosladi.

Amalda, bu Minsk o‘zining oddiy qurollari va jihozlari haqida Varshava va Pragaga ma’lumot bermasligini anglatadi. Bundan tashqari, Belarus Polsha va Chexiyaning ushbu qurollar soni bo‘yicha YeOQKSh qoidalarida belgilangan cheklovlarga rioya etilishini nazorat qilishi mumkin bo‘lgan tekshiruvlarini qabul qilmaydi. Boshqa davlatlarga nisbatan Belarus YeOQKSh shartlariga rioya qilishda davom etadi, deya ta’kidlanadi xabarda.

«BelTA»ning eslatishicha, Varshava va Praga 2022-2023 yillarda Minskni Belarusga nisbatan YeOQKSh bajarilishini to‘xtatib qo‘ygani haqida xabardor qilgan. Belarus Respublikasi 1969 yil 23 maydagi Xalqaro shartnomalar huquqi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi 60-moddasi 2-bandiga muvofiq javob choralarini ko‘rishi mumkin.

Rossiya may oyida YeOQKSh’dan chiqishni boshladi 

2023 yil may oyi oxirida prezident Vladimir Putin Rossiya tomonidan YeOQKSh’ni denonsatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. O‘shanda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning shartnomadan chiqish jarayonini «uning qoidalariga muvofiq» yakunlash uchun taxminan olti oy vaqt ketishini bildirdi. 

Yevropada oddiy qurolli kuchlar to‘g‘risidagi shartnoma 1990 yil 19 noyabrda Parijda imzolangan hamda 1992 yil iyul va oktyabr oylarida Rossiya va Belarus tomonidan ratifikatsiya qilingan. YeOQKSh shartnomasi besh asosiy toifadagi qurol va jihozlarning umumiy soniga cheklovni nazarda tutadi: tanklar, zirhli jangovar mashinalar, artilleriya, hujumkor vertolyotlar va jangovar samolyotlar. Bundan tashqari, shartnomada ushbu majburiyatlarga rioya etilishini tekshirish mexanizmlari - ishtirokchi davlatlar o‘rtasida ma’lumot almashish va o‘zaro tekshiruvlar ko‘rsatilgan. 

Mavzuga oid