O‘zbekiston | 22:12 / 20.09.2023
6772
2 daqiqa o‘qiladi

Turon cho‘llari YuNeSKO Butunjahon tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritildi 

Hududning O‘zbekistonga doir qismi Orolbo‘yi mintaqasi va Ustyurt platosida joylashgan 2 mln gektardan ortiq maydonni egallaydi. 

Foto: Ekologiya vazirligi

O‘zbekistondagi Turon cho‘llari transchegaraviy tabiat obekti YuNeSKO Umumjahon tabiiy merosi obektlari ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi. 

Ushbu obektni YuNeSKO ro‘yxatiga qo‘shish masalasi «Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarorida ko‘zda tutilgan edi. 

Mo‘’tadil mintaqadagi Turon cho‘llari Umumjahon tabiiy merosi obektlari ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekistondagi ikkinchi obekt hisoblanadi. Hududning O‘zbekistonga doir qismi Orolbo‘yi mintaqasi va Ustyurt platosida joylashgan 2 mln gektardan ortiq maydonni egallagan bir-biriga chegaradosh beshta tarkibiy qism — Saygachi, Saygachi-Beleuli, Saygachi-Duana, Saygachi-Jideyli (barchasi Shimoliy Ustyurt klasteriga kiradi) hamda Janubiy Ustyurtdan iborat. 

2016 yilda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ishtirokidagi «G‘arbiy Tyan-Shan» obekti ushbu ro‘yxatdan o‘rin olgan. 

Turon cho‘llarining YuNeSKO ro‘yxatiga kiritilishi hududning 1972 yilgi Umumjahon madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi muhofazasida bo‘lishini taqozo etadi. Bundan tashqari, obektni samarali boshqarish, ulardagi flora va faunani saqlash bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish va hamkorlikni yanada rivojlantirishga keng yo‘l ochishi ta’kidlanmoqda. 

Mavzuga oid