Iqtisodiyot | 11:49 / 21.09.2023
50393
4 daqiqa o‘qiladi

Elektr energiyasi va tabiiy gazning tannarxi ma’lum qilindi

Energetika vazirligiga ko‘ra, bir yilda o‘rtacha 1,15 mlrd dollar mablag‘ aholi xonadonlarining energetik ehtiyojini subsidiyalash uchun sarflanyapti. Agar sohaga bozor qonunlari joriy qilinsa, bu mablag‘larni ijtimoiy sohaga sarflash mumkin bo‘ladi, deya ma’lum qilgan vazirlik.

Foto: Kun.uz

Narx shakllanishining bozor mexanizmlari yo‘qligi sababli davlat energetika sohasini subsidiyalashga majbur bo‘lyapti, lekin sohani doimiy subsidiyalagan holda rivojlantirib bo‘lmaydi, deya bayonot berdi O‘zbekiston Energetika vazirligi.

Vazirlikka ko‘ra, 1 kWh elektr energiyasining tannarxi 970 so‘m, 1 kub metr gaz tannarxi esa 1890 so‘mni tashkil etadi.

Taqqoslash uchun, amaldagi tariflarda xonadonlarga 1 kWh elektr 295 so‘mdan, 1 kub metr tabiiy gaz 380 so‘mdan yetkazib berilyapti. 1 oktyabrdan boshlab aksariyat tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan 1 kWh elektr uchun 900 so‘m, 1 kub metr tabiiy gaz uchun 1500 so‘mlik tarif amal qila boshlaydi.

“Demak, bir oyda o‘rtacha 200 kWh elektr energiyasi iste’mol qilinganda ham, davlat amalda har bitta iste’molchi uchun 135 ming so‘mdan subsidiya bermoqda. Mamlakatdagi iste’molchilar soni esa 7,4 million xonadonni tashkil etadi.

Xuddi shunday, 1 kub metr gaz tannarxi 1 890 so‘m bo‘lsa, isitish mavsumida 750 kub metr gaz yoqadigan bitta oila o‘rtacha 1 million 132 ming so‘m subsidiya olmoqda. Ayni paytda mamlakatimizdagi gaz iste’molchilarining jami soni 4,1 million xonadonni tashkil qiladi.

Bu degani bugun aholiga elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli uchun o‘rtacha 14 trillion so‘mdan ortiq subsidiyalar ajratilmoqda.

Bu bir yilda o‘rtacha 1,15 milliard AQSh dollari aholining energetik ehtiyojini subsidiyalash uchun sarflanyapti, deganidir”, – deyiladi rasmiy axborotda.

Energetika vazirligining 19 sentabr kungi bayonotida ta’kidlanishicha, sohaning zarar bilan ishlayotgani hisobiga uni davlat budjetidan subsidiyalash kamomadga olib kelmoqda. Bu esa ijtimoiy sohaga ko‘proq mablag‘ yo‘naltirishga imkon bermayapti. Buning natijasida esa aslida tizimni yangilashga yo‘naltirish mumkin bo‘lgan mablag‘lar faqatgina paydo bo‘lgan ushbu tafovutni qoplashga sarflanmoqda.

Rasmiylar narxlarni to‘liq subsidiyalash o‘rniga sohaga bozor tamoyillarini joriy etish, iste’mol qilingan energiya uchun bozor talablaridan kelib chiqib haq to‘lanishini joriy etish zarurligini qayd etgan.

“Agar sohaga bozor qonunlari joriy qilinsa, ertaga bu mablag‘lar tejaladi. Natijada tejalgan mablag‘ni ijtimoiy sohani rivojlantirishga, yangi maktablar, tibbiyot muassasalarini qurishga, har bir sohada ishlab chiqarishni taraqqiy ettirish uchun zamonaviy texnologiyalarni olib kirishga, qolaversa, energetika tizimini chuqur modernizatsiya qilishga ham sarflash mumkin.

Bundan tashqari, yashash uchun zarur bo‘lgan boshqa tovarlar singari energiya borasida ham bozor qoidalari bilan yashash iste’molchilik madaniyatini, ortiqcha isrof qilmaslikni, xarajatlarni mustaqil nazorat etish va oqilona taqsimlash kabi hayotiy ko‘nikmalarimizni shakllantirish hamda rivojlantirishga ham turtki bo‘lishi, shubhasiz”, – deya ma’lum qilgan O‘zbekiston Energetika vazirligi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2023 yilning 1-yarmida O‘zbekiston tabiiy gaz importini 7,2 barobarga oshirgani, buning ortidan davlat budjeti xarajatlari o‘tgan yilning mos davriga qaraganda 25 foizga oshib ketib, konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi qariyb 6 foizga yetgani ma’lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid