O‘zbekiston | 07:05 / 22.09.2023
23502
2 daqiqa o‘qiladi

Chustda voyaga yetmagan bolalarning zaharlanishi yuz berdi

Hozirda holat yuzasidan prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.  

Foto: Kun.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyati Chust tumanida bog‘cha bolalari zaharlangani va tuman tibbiyot birlashmasiga yuzga yaqin bola olib kelingani haqida xabarlar tarqaldi.

Chust tumanidagi bog‘chaning ayrim tarbiyalanuvchilari orasida tana harorati ko‘tarilishi, qusish, qorin og‘rig‘i alomatlari kuzatilgan. Dastlabki shikoyat bo‘yicha 5 nafar bola shifoxonaga olib kelingan. Keyinchalik jami 71 nafar bolaning sog‘ligidan shikoyatlar qayd etilgan va ular tezkorlik bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, hozirda holat yuzasidan prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.  

Tekshirish davomida voyaga yetmagan bolalarning zaharlanishi sabablari aniqlanishi va bu haqida qo‘shimcha ravishda xabar qilinishi aytilgan. 

“Voyaga yetmagan bolalar nimadan zaharlangani hali noma’lum bo‘lganligi sababli jamoatchilikdan noto‘g‘ri va turli taxminlarga asoslangan xabarlarni tarqatmasliklarni so‘rab qolamiz”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, tekshirish jarayoni nazoratga olingan. 

“Chust tumanida favqulodda holat e’lon qilingani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, deyilgan mahkama bayonotida.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytda bolalarning holati qoniqarli, ulardan 10 nafarining ahvoli yaxshilangani sababli uyiga ruxsat berilgan.

Mavzuga oid